Xorijiy mutaxassislarga viza berish to’xtatilsa, AQShda ilm-fan taraqqiyoti ham to’xtaydimi?

  • Amerika Ovozi
Amerikada xorijliklarga H-1B, J vizasining berilishi to’xtatildi.  H-1B vizasi oliy ma’lumotli mutaxassislarga AQShda vaqtincha ishlash uchun berilsa, J vizasi tajriba almashinuv dasturi ishtirokchilariga beriladi.

Donald Tramp ma’muriyati mamlakatning ishsiz fuqarolarini ish bilan ta’minlash maqsadida shunday qarorga kelinganini bildirmoqda. Oq uy vakillari fikricha, shundoq ham mamlakatda ishsizlar soni oshib borayotgan bir paytda mavjud ish o’rinlarini xorijliklarga berib qo’yish mamlakat fuqarolarining o’zini ishsiz qolishiga olib kelmoqda.


Lekin Vashingtondagi “Kato instituti” tahlil markazi mutaxassisi Deyvid Biyer bu qarorda mantiq yo’qligini aytmoqda. Uning fikricha, bu qaror iqtisodiyotning tiklanishiga xalaqit qiladi.

Buni ham ko'ring Xorijiy talabalarning taqdiri mavhumligicha qolmoqda

“Amerika iqtisodiyotida mamlakat fuqarolariga ham, xorijliklarga ham ehtiyoj bor. AQSh fuqarolari yuqori lavozimlarda ishlasa, “qora ish” o’rinlari muhojirlar bilan to’ldiriladi. Shu yo’l bilan fuqarolarning yaxshiroq ishlarda ishlashi uchun zamin yaratiladi”, - deydi u.


Yana boshqa mutaxassislar nazarida esa, Amerikada ilm-fan, texnologiyani rivojlantirayotganlar aynan xorijiy mutaxassislardir.


“Agar AQSh hukumati H1-B, J vizasini berishni man qilsa, mamlakatda ilm-fan rivojlanishdan to’xtaydi”, - deydi Michigan universitetida biolog Yukiko Yamashita. “Laboratoriyamdagi xodimlarning 50 foizi immigrantlar. Agar ikkinchi avlod immigrantlarni ham hisoblasak, bu raqam yanada oshadi”, - deydi olim.


NAFSA tashkiloti mutaxassisi Jill Allen Murrey esa “muhojirlar ish o’rinlarini egallayotgani yo’q, aksincha, yangi ish o’rinlarini yaratmoqda” deb aytadi. Uning fikricha, agar AQSh “miya”larga eshiklarni yopsa, ular boshqa davlatlarda o’z o’rnini topadi, bilim va salohiyatini o’zga mamlakatlar taraqqiyoti uchun sarflaydi.

Buni ham ko'ring Tramp xitoylik talaba va tadqiqotchilarning AQShga kirishini taqiqladi

So’nggi qaror AQShda allaqachon H-1B va F-1 vizasi bilan ishlab yurganlarga yoki vizasini qaror chiqqunga qadar olganlarga ta’sir qilmaydi.

Shuningdek, yaqin orada AQShda o’qishni tamomlab, mamlakatda qolib ishlamoqchi, tajribasini oshirmoqchi bo’lgan mutaxassislarga ham viza berilishi to’xtatilishi mumkin. Bunday mutaxassislarga ham H-1B vizasi beriladi.

NAFSA tashkiloti bergan ma’lumotga ko’ra, AQSh kollejlarida tahsil olayotgan xalqaro talabalar mamlakat iqtisodiyotiga 41 milliard dollar miqdorida foyda keltiradi.