AQShda irqiy munosabatlarga oid bahslar kuchayishi ketidan AQSh harbiy bo'linmalari ham o'z tashkilotlari doirasida turli irq vakillari uchun yanada bag’rikeng bo’lishga harakat qilmoqda.
Armiya endi lavozim va unvonlarni oshirish arizalarini ko’rib chiqishda askarlardan fotosuratlarini taqdim etishni so’ramaydi. Shuningdek, arizadan irqni belgilashni so’rovchi qator olib tashlanishi mumkin.
Iyun oyida AQSh harbiy-dengiz kuchlari ko'pchilik tomonidan irqchilik ramzi sifatida qabul qilinadigan Konfederatsiya jangovar bayrog'idan foydalanishni taqiqladi. Bayroq ramzini suv idishlar, bamperlar va plakatlar kabi buyumlarda aks ettirish ham mumkin emas.
Ba'zi qarorlar, jumladan, Konfederatsiya generallari ismi berilgan bazalar nomlarini o'zgartirish masalasi Mudofaa vaziri Mark Esper tomonidan hal qilinishi kerak.
18-iyun kuni harbiylarga yo’llagan maktubida Esperning aytishicha, AQSh armiyasi "xilma-xillik va keng qamrovlilikni yoqlaydi hamda nafrat, mutaassiblik va har qanday noqonuniy kamsitishlarni rad etadi".
"Ko’pincha, biz bu muammolarni hal qilishda yetakchimiz. Lekin ba’zan tarafkashlik va noto'g'ri qarashlar ham bo’lib turadi – bu ko'rinadigan yoki ko'rinmas holda, bilib yoki bilmay ro’y berishi mumin", - dedi Esper.
Tarix davomida AQSh harbiy kuchlari asosan oq tanli erkaklardan iborat bo'lgan. Ammo bugunga kelib uning tarkibi armiya himoya qiladigan mamlakat kabi tobora xilma-xillashib bormoqda.
Irqiy tenglik bo’yicha sustkashlik
Harbiylarning yuqori rahbariyatiga qaralsa, irqiy notenglik hanuz yuqori ekani ko’zga tashlanadi.
Masalan, 1950-yillarda irqiy tenglik bo’yicha to'liq integratsiyaga erishilgan bo'lsa ham, afro-amerikaliklar orasida ilk to’rt yulduzli general oradan 20 yil o’tgandan keyingina paydo bo’ldi. Harbiy havo kuchlari generali Daniel Jeymsga 1975-yil 1-sentabrda to’rt yulduzli general unvoni berilgan. Shundan beri to’rt yulduzni qo’lga kiritgan 427 general va admirallarning atigi 20 nafari afro-amerikalik.
"Bu jiddiy malasa", - deydi qo’shma harbiy shtab sobiq boshlig’i admiral Mayk Mullen.
"Ketganimga 8,5 yil bo’ldi. O’shandan beri pastga ketyapmiz, chunki raqamlarda o’sish yo’q", - deydi u.
Harbiy-dengiz kuchlari va Sohil gvardiyasida to'rt yulduzli qora tanli yoki ayol general yo'q. O'tgan yili yaratilgan Fazo kuchlarida faqat bitta to'rt yulduzli general bor; u ham oq tanli erkakdir.
Afro-amerikaliklarning haybiy ofitserlik tarixi 1877-yil iyun oyidan boshlangan. O’shanda birinchi afro-amerikalik Vest-Poynt harbiy akademiyasini tamomlagan edi.