AQSh: Hibsdagi toliblar zudlik bilan ozod qilinsin

  • Amerika Ovozi

Hibsdan ozod qilingan Tolibon mahbuslari, 2020-yil, 26-may

Amerika Qo'shma Shtatlari Afg'oniston hukumatini zudlik bilan mahbuslarni almashtirish to'g'risida Tolibon bilan tuzilgan bitim shartlarini to’liq bajarishga va afg’onlararo tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirmoqda.

AQShning Kobuldagi elchisi vazifasini bajaruvchi Ross Uilson 19-iyul kuni “Twitter” orqali, shuningdek, Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani va uning siyosiy raqibi bo'lgan sherigi Abdulla Abdulla o’rtasida may oyida imzolangan hokimiyatni taqsimlash to'g'risidagi bitimni amalga oshirish zarurligini ta'kidladi.

"Biz ushbu mamlakat rahbarlarini zudlik bilan yangi hukumat tuzishga, Milliy yarashuv bo'yicha Oliy Kengashni yaratishga, mahbuslarni almashtirishni tugatishga va Afg'oniston ichidagi muzokaralarni boshlashga chaqiramiz", - dedi Amerika rasmiysi.

G'ani bilan hokimiyatni taqsimlash bitimiga binoan, Abdulla Milliy Yarashish Oliy Kengashining rahbari etib tayinlandi, unga toliblar bilan hali rejalanmagan muzokaralarda afg'on muzokarachilar guruhini boshqarish vazifasi yuklatilgan.

Biroq taklif qilinayotgan muzokaralarning boshlanishi mahbuslarni almashtirish bilan bog'liq bo'lib, Kobul isyonchilar guruhi qo’lidagi 1000 ga yaqin afg'on xavfsizlik kuchlari asirlari evaziga 5000 tolibni ozod qilishi kerak.

Afg‘oniston rasmiylariga ko’ra, 4400 ga yaqin mahbus ozod etilgan. Hukumat 600 tacha mahbusni ozod etishdan bosh tortmoqda. Ular "o'ta xavfli" jinoyatchilar deya baholangan. Ba'zi xorijiy hukumatlar ham ularning qamoqxonalarda qolishini istamoqda, deydi hukumat rasmiylari.

“Afg'on xalqi sabr kosasi to’lganini ko’rsatmoqda. Doimiy va keng qamrovli sulh tuzilishi uchun afg’onlararo muzokaralarni boshlang", - dedi elchi mahbuslarning hanuz to’la ozod qilinmaganidan o’z noroziligini izhor qilib.

Shu yil fevral oyida Vashington va Tolibon 19 yillik afg'on urushini tugatish bo’yicha uzoq muddatli bitimga erishgan edi.

Tolibonning aytishicha, 845 afg'on xavfsizlik xizmati asirlari hibsdan ozod qilingan va qolganlarini ozod qilish ishlari davom etmoqda. Biroq isyonchilar barcha 5000 Tolibon asirlari ozod qilinmaguncha tinchlik muzokaralarida qatnashmasliklarini aytgan.

Yakshanba kuni Tolibon Kobulni qolgan mahbuslarni qo'yib yubormaslik orqali afg’onlararo muzokaralarni boshlash jarayonida "to'siqlar yaratish”da aybladi. Isyonchilar guruhiga ko’ra, chet el hukumatlari mahbuslarning ozod qilinishiga qarshi chiqqani haqidagi Kobul bayonoti “quruq bahona”, chunki AQSh-Tolibon kelishuvi nafaqat Birlashgan Millatlar Tashkiloti, balki ko’plab boshqa davlatlar tomonidan ham ma'qullangan.

Mahbuslar almashinuvi Afg'oniston tinchlik jarayonining "eng muhim masalalaridan biri", deydi Tolibon.

"Agar Kobul ma'muriyati chinakam afg'onlararo muzokaralarni boshlamoqchi bo'lsa, ular mahbuslarni almashtirish jarayonini tugatish bilan bog'liq majburiyatlarini bajarishlari kerak", - deyiladi guruh bayonotida.

Milliy yarashuv bo'yicha Afg’oniston Oliy kengashining vakili Faridun Xavzun Afg'oniston hukumati tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyorligini bildirib, aksincha, Tolibon muzokaralarga tayyor emasligini, guruh muloqotni kechiktirishga urinayotganligini ta’kidladi.

Afg’oniston Tinchlik vazirligi rasmiylarining aytishicha, ushbu vazirlik boshqa ikkita hukumat tuzilmasi bilan birgalikda tinchlik jarayonini tezlashtirish ustida ishlamoqda. Vazirlik vakili Najia Anvariyga ko’ra, Afg'oniston hukumati Tolibon asirlarini ozod qilish uchun jarayonning mavjud qonunlarga muvofiqligini ko’rib chiqmoqda.

Afg'onistonning Pokiston bo'yicha maxsus vakili Umar Daudzay ham afg’onlararo muloqot uchun barcha shart-sharoitlar deyarli bajarilganini va bir necha hafta ichida Tolibon bilan muzokaralar boshlanishi mumkinligini aytdi. Uning “Amerika Ovozi” Urdu xizmatiga aytishicha, mahbuslarni ozod qilish deyarli 90 foiz bajarilgan. Uning qo’shimcha qilishicha, avvalo muloqot uchun umumiy asoslarni topib, keyin qiyin masalalarni muhokama qilishni boshlash kerak.

Tolibon bilan kelishuvga binoan, Trump ma'muriyati Amerika va ittifoqdosh qo'shinlarning 2021-yil iyuliga qadar Afg'onistondan olib chiqilishini o'z zimmasiga olgan.

Bunga javoban, isyonchilar Al-Qoida va boshqa terrorchi guruhlarning Afg'oniston hududidan xalqaro xurujlarni amalga oshirish uchun foydalanishiga yo'l qo'ymaslikka va afg'on guruhlari bilan muloqot orqali yarashishga so’z bergan.

Tolibon, shuningdek, AQSh bilan kelishuvda xalqaro kuchlarga qarshi barcha hujumlarni to'xtatishni va’da qilgan. Ammo so'nggi haftalarda afg'on xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumlar ko'paygan. Ko'plab hukumat xizmatchilari va tinch aholi vakillari qurbon bo’ldi.

17-may kuni hokimiyatni taqsimlash to'g'risida tuzilgan bitim Abdullaga Vazirlar Mahkamasining yarmini tayinlash huquqini berdi. Ammo Kobuldagi siyosiy vaziyat hanuz tarangligicha qolmoqda.

G’ani-Abdulla kelishuvi o'tgan yil sentabr oyida bo'lib o'tgan prezidentlik saylovlari natijasi yuzasidan bahslar boshlanishi ortidan tuzilgan edi. Mart oyida Ga’ni va Abdullaning har biri o’zini g’olib deb e’lon qilib, parallel hukumatlar tuzdi. Shundan so’ng AQSh va Afg'onistonning boshqa xalqaro sheriklari bosimi ostida tomonlar hokimiyatni bo’lishishga rozi bo’lib, o’zaro kelishuvga erishgan edi.