AQSh “Shimoliy oqim – 2” va “Turk oqimi” loyihalarida ishtirok etuvchi kompaniyalar sanksiyaga uchrashi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Prezident Donald Tramp ma’muriyati Kremlning Yevropa va Turkiyaga iqtisodiy ta’sirini kamaytirishga erishmoqchi.
“Bu Rossiyaning zararli ta’sirini kuchaytirishga xizmat qilivchi loyihalarga yordam qilinishiga yo‘l qo‘ymasligimiz haqida kompaniyalarga aniq-tiniq ogohantirishdir. Bu loyihalardan hoziroq chiqing, aks holda oqibatlariga chidashingizga to‘g‘ri keladi”, – dedi Pompeo o‘tgan chorshanba kungi matbuot anjumanida.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShning bayonotini “nohalol raqobat uchun siyosiy bosim” sifatida baholadi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va siyosiy xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel esa Pompeoning so‘zlarini tanqid ostiga olib, Vashingtonning tahdidiga uchrayotgan Yevropa kompaniyalari qonuniy faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.
“Yevropa siyosati uchinchi davlatlar tomonidan emas, shu yerda, Yevropaning o‘zida belgilanishi kerak”, – dedi Borrel.
“Turk oqimi” loyihasi joriy yilning yanvarida ishga tushirilgan bo‘lib, uning doirasida Rossiyaning Anapasidan Turkiyaning Kiyiko‘y shaharchasigacha gaz quvuri o‘tkazildi. Har birining uzunligi 935 kilometr bo‘lgan ikki quvurdan bir yilda jami 31,5 milliard kub metr gaz o‘tishi mumkin. Quvurlardan biri Turkiyani, ikkinchisi esa Janubiy Yevropani tabiiy gaz bilan ta'minlaydi. “Shimoliy oqim – 2” loyihasi ham Rossiya gazini Boltiq dengizi orqali Yevropaga – Germaniyagacha yetkazishni nazarda tutadi. Loyiha 2019-yilning dekabrida to‘xtab qolgan.
20-iyul kuni AQSh Kongressining quyi palatasi – Vakillar palatasida “Shimoliy oqim – 2” va “Turk oqimi” loyihalarida qatnashuvchi kompaniyalarga nisbatan cheklovlarni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlar qabul qilindi. O‘zgartirishlarni 2021-yilgi mudofaa byudjeti haqidagi qonun loyihasiga kiritish rejalashtirilgan. “Rossiya “Shimoliy oqim – 2” loyihasini rivojlantirib, yevropalik hamkorlarimiz va ularga energiya yetkazib berish ustidan cheksiz nazoratni qo‘lga kiritmoqchi. Biz Putinning dushmanona ta’sirini to‘xtatishimiz kerak”, – deya yozdi Tvitterda Arkanzas shtatining Vakillar palatasidagi namoyandasi Stiv Vomak.
Energetika bo‘yicha ekspert Aydin Sezerga ko‘ra, AQShning ogohlantirishlari Turkiyaga taalluqli emas. U Pompeoning so‘zlariga nisbatan Anqaraning sukuti ham buni tasdiqlab turibdi degan fikrda.
“Ba’zilar AQSh Davlat kotibining bayonotini Turkiya bilan bog‘lashga urinsa-da, aslida sanksiya va tahdidlar “Turk oqimi – 2” loyihasidagi Yevropa mamlakatlarini nishonga olgan. Ma’lumki, “Turk oqimi”da ikkita liniya bor. Turkiya 4 milliard m3 tabiiy gaz bo‘yicha avvalgi shartnomasini shulardan biri orqali davom ettiryapti. Biroq Amerika buni ko‘zda tutmagan. Ikkinchi liniya Turkiyadan Yevropaga o‘tadi. Serbiya va Bolgariya yo liniya o‘tkazish yoki mavjud liniyalardan foydalanishga urinmoqda. Pompeoning tahdidi aslida mana shu mamlakatlarga va keyinchalik bu liniyaga ulanmoqchi bo‘lgan davlatlarga qaratilgan”, – deydi Sezer.
Geostrateg Yo‘ruk Ishik ham Mayk Pompeoning chiqishi AQSh va Turkiya orasida ayni paytda yangi taranglikni keltirib chiqarishiga ishonmaydi.
“Amerikaning asosiy e’tibori “Shimoliy oqim” loyihasida. Zero, bu ancha vaqtdan beri gapirib kelinadi. “Turk oqimi”ga keladigan bo‘lsak, bu loyiha tufayli Vashingtonning Anqaraga sanksiya qo‘llash ehtimoli hozircha yo‘q. Chunki ikki davlat o‘rtasida Liviya va Eron masalalari muhim hisoblanadi. Bundan tashqari, Qora dengizdagi hamkorlik bor. AQSh Qora dengizdagi faolligini orttirdi, Turkiya harbiy havo kuchlari bilan hamkorlikda ishlashyapti. Shunday ekan, Amerikaning yopilgan mavzu hisoblanuvchi “Turk oqimi” tufayli Turkiyaga sanksiya qo‘llash ehtimoli yo‘q”, – deya izoylaydi geostrategiya bo‘yicha mutaxassis Yo‘ruk Ishik.
Shuningdek, u Amerika joriy yilda Turkiyaga suyiltirilgan gaz eksportini 200 foiz oshirganiga e’tibor qaratdi. Turkiya 2019-yilda tabiiy gazning 33,16 foizini Rossiyadan import qildi, joriy yilning dastlabki to‘rt oyida bu ko‘rsatkich 23,56 foizga tushdi. Ayni davrda AQShdan import qilinadigan gaz miqdori 4,48 foizdan 10 foizga yetdi.
Tahlilchilarning fikricha, AQShning Turkiyaga sanksiya qo‘llashi yangi taranglikni keltirib chiqarishi shubhasiz. Joriy yilda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar nisbatan sokin qolayotgan bo‘lsa-da, avvalgi yillarda ziddiyatlar bot-bot ko‘zga tashlandi. Xususan, Turkiyaning Rossiyadan “S-400” havo mudofaa tizimini xarid qilishi Vashingtonning keskin noroziligiga uchradi. Oqibatda Anqara “F-35” qiruvchi samolyot dasturidan chiqarib yuborildi. Bundan tashqari, AQSh Turkiyaning 2019-yil 9-oktabrda Suriyada boshlagan harbiy operatsiyasiga ham qarshi chiqdi.
Turkiyaning Karabuk universitetida xalqaro iqtisodiy-siyosiy munosabatlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan Fazliddin Madiyev firkicha, AQSh – Turkiya o‘rtasidagi tarangliklarning boshlang‘ichi 1990-yillarga borib taqaladi. O‘shanda, turk hukumatini Najmiddin Erbakan boshqargan qisqa davrda Turkiya Vashingtonning ta’sir doirasidan chiqishga uringan edi, deya izohlaydi tadqiqotchi.
“Ayniqsa, 2018-yilda rohib Endryu Branson bilan bog‘liq mojarodan keyin Anqara va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar ancha soviy boshladi. O‘shanda AQSh Turkiyaga nisbatan bosimni orttirdi, Prezident Tramp bu masalada o‘zini siyosatchilarga xos bo‘lmagan tarzda tutdi. Bu esa Anqarani hurkitdi”, – deydi Fazliddin Madiyev.
Tadqiqotchi Turkiyaning Rossiya bilan yirik iqtisodiy loyihalariga to‘xtalar ekan, AQSh Turkiyani Rossiya bilan o‘rtadagi masofada “himoya to‘sig‘i” sifatida ko‘rishini, Anqaraning Moskva bilan ko‘p ham yaqinlashishini istamasligini aytadi.
“To‘g‘ri, Trampning siyosiy qo‘polligi tufayli ikki o‘rtada muammolar kuzatildi, Turkiyaning AQSh prezidenti tutumiga ko‘nikishi qiyinroq bo‘ldi, lekin tomonlar kelisha olyapti, til topishyapti. Ayni paytda Anqara mustaqilroq harakat qilishga ham urinyapti. Yaqin Sharqda, xususan, Suriya va Liviyada o‘z muvozanatini o‘rnatmoqchi bo‘lyapti, harbiy salohiyatini kuchaytiryapti. Bu esa AQSh va Yevropa tomonidan og‘riqli qabul qilinyapti. Aslida ko‘p muammolarning ildizi mana shunga – Turkiyaning mintaqada mustaqil ravishda harakat qilishni istayotganiga borib taqaladi”, – deydi Madiyev.