Qozog’iston janubida etnik to’qnashuvning oldi olingan. Bu safargi nizo qurboni katta ehtimol bilan o’zbeklar bo’lishi mumkin edi. 21- iyul kuni Turkiston viloyatining Sho’rnak qishlog’ida noxush vaziyat yuzaga kelgan.
Mahalliy politsiyaga ko’ra, ikki fuqaro o’rtasida og’zaki janjal kuzatilgan. Biroz vaqt o’tib, noma’lum guruh to’qnashuvda qatnashgan bir tomonning va uning qarindosh-urug’larining uylarini toshbo’ron qilgan. Hujumga uchragan xonadonlar va mulk o’zbeklarga tegishli ekanligi aytilmoqda.
Uch kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Uylardan biriga salmoqli zarar yetkazilgan.
Turkiston viloyati politsiya departamentiga ko’ra, maishiy xarakterdagi bu janjalni bartaraf etishda qahramonlik ko’rsatgan zobit ham jarohat olgan.
Ammo shu politsiya xodimi aks etgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan janjal maishiy emas, milliy adovatga taqalayotganini anglash mumkin.
Shuningdek, bu videolarda Sho’rnak qishlog’i yaqinida to’plangan yuzga yaqin odamni ko'rish mumkin. O’zbeklar haddidan oshgani haqida gaplar, ularning ta’zirini berib qo’yish kerak, degan chaqiriqlarni eshitish mumkin.
“Ozodlik” radiosining qozoq xizmati xabar berishicha, ayni paytda Sho’rnak qishlog’iga kirishda blokpost o’rnatilgan va qishloqqa kirib chiqish politsiya nazorati ostida.
Voqea haqida fikr bildirayotgan qozoq faollar bu nizoni bir muddat avval qozoqlar va dunganlar o’rtasida yuz bergan to’qnashuvga o’xshatmoqda. Bu mojaroda ham politsiya o’rni bahsli baholangan edi.
Qozoq muxolifati faoli Aydos Sodiqning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, mamlakatda etnik to’qnashuvlarning tez-tez kuzatilayotgani siyosiy vaziyat tarang ekani, huquq tartibot idoralari chorasiz qolayotganini anglatadi.