Afg'oniston, O'zbekiston, Qozog'iston va AQSh elchilari tinchlik va taraqqiyot haqida gaplashdi

AQSh Tinchlik institutida 24-iyul kuni o'tgan onlayn muloqotdan, Vashington

AQSh hukumatiga ko'ra, Afg'oniston tinchlikka erishib, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqarorlashishida O'zbekiston va Qozog'iston beqiyos rol o'ynaydi. Vashington Kobuldagi markaziy hukumatni quvvatlashda davom etar ekan, o'z qo'shinlarini olib chiqqan taqdirda ham qo'shni davlatlar bilan maslahatlashib ish ko'radi va yordamni to'xtatmaydi, deydi Tramp ma'muriyatining maxsus elchisi Zalmay Halilzod.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Afg'onistonning Vashingtondagi elchisi Ro'ya Rahmoniy bilan muntazam muloqotda ekanini ijtimoiy tarmoqlarda bayon etadi. O'zbekiston va Afg'oniston rahbarlari ham telefonda gaplashib turadi. Ularning Amerikadagi bosh diplomatlari bugungi maqsad va vazifalar yuzasidan hamfikr.

Yaqinda AQSh poytaxtidagi aql markazlaridan birida kechgan onlayn muloqotda Vahobov, Rahmoniy, Halilzod, shuningdek, Qozog'istonning AQShdagi elchisi Erjan Qazixanov qatnashdi.

Ularni bir davraga to'plagan AQSh Tinchlik instituti 1984-yilda tashkil topgan. Kongress asos solgan tashkilotni 15 qonunchidan iborat kengash boshqaradi. Institut AQSh soliq to'lovchisi tomonidan, ya'ni Kongress orqali moliyalanadi.

O'zbekiston va Afg'onistonning Vashingtondagi elchilari

Afg'oniston elchisi Rahmoniy mamlakati kelajagini shimoldagi qo'shnilarsiz tasavvur qila olmaydi. Tarixan qanchalik bog'langan bo'lmasin, dunyoning bu qismida mintaqaviy birdamlik yetishmaydi, deydi diplomat.

Afg'oniston, Rahmoniyga ko'ra, o'zini Markaziy Osiyoning bir qismi deb biladi.

"Biz hammamiz Buyuk Ipak yo'lida yashab kelgan xalqlarmiz. Bugunimiz va istiqbolimiz yuzasidan qarorlarni yonimizdagi jamiyatlar va hukumatlar bilan kelishgan holda qabul qilishimiz kerak", - deydi elchi.

Biroq uning vatani 40 yildan beri urush domidan chiqmaydi.

"Iqtisodiy taraqqiyotimiz va xavfsizligimizni bir-birimizsiz ta'minlay olmaymiz. Tijorat bobida imkoniyatlar cheksiz, lekin ularni yo'lga qo'yish uchun qattiqroq va ko'proq harakat qilishimiz kerak. Tadbirkorlarni quvvatlash, chegaradan yuk olib o'tishni osonlashtirish, bank va moliya tizimlarini bog'lash, infrastruktura va boshqa zaruratlarni barpo etish... Oldimizda ish bisyor", - deydi Rahmoniy.

Uning qayd etishicha, O'zbekiston bilan savdo kengaygan, hukumatlar bugun har qachongidan yaqin. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan ham rishtalar kengaymoqda.

Afg'on elchisi AQShning mintaqaga nisbatan strategiyasida demokratik qadriyatlarga alohida urg'u berilganidan mamnun. Nimaiki qilinsa, demokratik rivoj to'xtamasligi lozim, deydi u. Afg'oniston erkinlik istaydi. Tolibon bilan kutilayotgan muzokaralardan maqsad - bu harakatni siyosiy muxolifat sifatida tan olib, tinchlikni ta'minlash.

"Siyosiy maydonga yangi taraflar kirishi kutilar ekan, qashshoqlik va urush orasidagi bog'liqlikni unutmasligimiz lozim", - deydi Rahmoniy.

Afg'onistonda iqtisodiy ahvol yaxshilanmas ekan, deya tushuntiradi elchi, barqarorlik uzoqqa cho'zilmaydi. Taraqqiyot uchun esa Afg'oniston qo'shnilari yordamiga muhtoj. Afg'oniston rivojidan ular ham manfaatdor, deydi Rahmoniy.

Buni ham ko'ring Afg'oniston-O'zbekiston chegarasida: bugungi manzara


O'zbekiston elchisi Vahobov deydiki, Toshkent uchun Afg'oniston masalasi yuqori o'rinda. Mirziyoyev ma'muriyati Vashington va Kobul bilan yaqindan ishlab, Afg'oniston yuzasidan qarorlar uch tomonlama maslahatlashib qabul qilinadi. Turli yo'nalishlarni qoplovchi ishchi guruhlar tuzilgan, xususan iqtisodiyot, pandemiyaga qarshi kurash hamda ta'lim sohalari bo'yicha.

O'zbekiston va Afg'oniston orasidagi savdo aylanmasini 1,5 milliard dollarga yetkazish rejalangan. Oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar ta'minoti pandemiya davrida ham to'xtamadi, deydi Vahobov.

Unga ko'ra, sog'liqni saqlash borasidagi harakatlarni ham AQSh, O'zbekiston va Afg'oniston bir yoqadan bosh chiqargan holda olib bormoqda. Tibbiy-tadqiqot muassasalari, olimlar va shifokorlar orasida aloqa yo'lga qo'yilmoqda.

Buni ham ko'ring AQSh-O'zbekiston: Toshkentda Afg'oniston yuzasidan muloqot

Surxondaryo viloyatining Termiz shahri, Afg'oniston va O'zbekiston orasidagi shahar erkin iqtisodiy hududga aylanishi kutilmoqda.

O'zbekiston Afg'onistonga ko'proq energiya uzatish, temir yo'llar va transport tizimlari orqali bog'lanish, shuningdek, ilmiy va ta'limiy aloqalarni kengaytirishga harakat qilmoqda, deydi Vahobov.

"Afg'onistonda tinchlikka erishish - oliy maqsad. O'zbekiston mintaqa taraqqiyotini va regional integratsiya jarayonlarini Afg'onistonsiz tasavvur qila olmaydi. Biz unga imkon qadar yordam berishga, siyosiy barqarorligi va iqtisodiy tiklanishi uchun ko'maklashishga, tijorat va transport tizimlarini rivojlantirish hamda jamiki boshqa muhim yo'nalishlarda hamkorlik qilishga tayyormiz", - deydi Vahobov.

Buni ham ko'ring Afg'oniston: Vashington, Kobul va Toshkent birga harakat qiladi

Qozog'iston nazarida, xavfsizlik va taraqqiyot bir-biriga chambarchas bog'liq.

"Biz Afg'onistonda tinchlikka erishilishi uchun nimaiki qila olsak, qilamiz. AQShning bu boradagi harakatlarini quvvatlaymiz", - deydi elchi Qazixanov.

Nursulton afg'on xavfsizlik kuchlarini quvvatlash uchun o'tgan yillar ichida olti milion dollar sarflagan. Qoradori savdosiga qarshi kurash, chegara osha noqonuniy tijorat va uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirishda birga ishlash nihoyatda muhim, deydi Qazixanov.

Elchi uning davlati BMT va boshqa xalqaro tizimlar bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini eslatadi. Qator loyiha va dasturlar Afg'onistonni ham qamrab, uning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy ravnaqi uchun xizmat qiladi, deya ta'kildaydi diplomat.

Bugungi O'zbekistondan farqli o'laroq Qozog'iston Afg'onistonga Markaziy Osiyoning bir qismi emas, qo'shnisi sifatida qaraydi.

"Markaziy Osiyo tinch va farovon qo'shnidan manfaatdor", - deydi Qazixanov.

Zalmay Xalilzod, AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi

"Afg'onistonda nima bo'lishi mintaqaga, mintaqaning qolgan qismida nima bo'lishi esa Afg'onistonga cheksiz ta'sir qiladi", - deydi AQSh maxsus elchisi Zalmay Halilzod.

Birinchidan, tinchlikka erishish lozim. Ikkinchidan esa bor imkoniyatni ishga solib, biznes va transport aloqalarini, iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlikni kengaytirish kerak. Taraqqiyot, deydi u boshqa elchilarning fikriga qo'shilgan holda, tinchlikni mustahkamlaydi.

"AQSh Afg'oniston qatorida butun mintaqa bilan muloqotda. Biz tinchlik va taraqqiyot uchun barcha zarur qadamlarni tashlaymiz. Ortga chekinish yo'q", - deydi Halilzod.

Buni ham ko'ring Stiven Blenk: AQSh Markaziy Osiyoga kuchli muqobil yo'l taklif qilishi kerak

AQSh maxsus elchisi Afg'onistonda markaziy hukumat va Tolibon yaqin kunlarda tinchlik muzokaralari boshlaydi degan umidda. Vashington Tolibon bilan shu yilning 29-fevralidagi kelishuviga binoan tomonlar muayyan sondagi mahbuslarni ozod etib, muzokara oldidagi asosiy shartni bajarishi kerak. Tolibon qurol tashlab, xurujlarni to'xtatib, terrorizmdan bosh tortib, afg'on siyosiy maydoniga tinchlik tarafdori va konstruktiv a'zo sifatida kirishni xohlashini aytgan, deydi Halilzod.

"AQSh O'zbekiston va Qozog'iston siyosiy va diplomatik ko'magidan minnatdor", - deydi Halilzod.

Uning aytishicha, davlatlar manfaat va zararlar haqida aniq tushunchaga ega. Maqsad mushtarak: afg'onlar kelishib olishi va tinchlik kelishuvi imzolanishi zarur.

AQSh Afg'oniston kelajagi yuzasidan Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya va boshqa yirik davlatlar hamda Pokiston bilan gaplashib, fikr almashib keladi, deydi Halilzod. Hamma tinchlik muzokaralari samara berishini xohlaydi, deydi rasmiy.

Buni ham ko'ring AQSh-Tolibon kelishuvidan beri 3500 afg’on askari halok bo'lgan

Afg'oniston dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo'lib qolishidan na bu xalq va na uning qo'shnilari manfaatdor. Tolibon ham afg'onlar nochor yashashini xohlamaydi, deydi AQSh diplomati, harakat yetakchilari bilan muloqotlariga asoslanib.

Halilzod deydiki, bu yili Afg'onistonda xurujlar kamayib, kamroq odam halok bo'layotgani, AQSh kuchlariga hujumlar qilinmagani Tolibon bilan kelishuv samarasidir. Lekin oxirgi kunlarda yana xurujlar ro'y berib, o'nlab insonlar nobud bo'ldi.

Amerika yil oxirigacha Afg'onistondagi askarlari sonini to'rt mingga tushirmoqchi.

AQSh va Tolibon kelishuviga asosan Kobul 5000 ga yaqin tolibni, Tolibon esa 1000 ga yaqin asirni qo'yib yuborishi kerak edi.

Tolibon hozirgacha qariyb 1000 mahbusni ozod etgan, markaziy hukumat esa 4600 asirni.

Qolgan 400 tolibga Prezident Ashraf G'ani erkinlik bermoqchi emas. Bu insonlar o'ta og'ir jinoyatlarni amalga oshirgan, deydi G'ani, xususan 2017-yilda Germaniya elchixonasini portlatgan va boshqa qonli xurujlar qilgan.