Qirgʻizistonning Bishkek shahridagi sudda bugun, 10-avgustda oʻzbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayevning sud ishi yopiq holda oʻtdi. Sud hukmiga koʻra, Abdullayev 8-sentabrgacha qamoqda qoladi. U Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik boʻyicha davlat qoʻmitasining tergov qamogʻida saqlanadi. Bu haqda jurnalistning advokati Timur Sultanov bildirdi.
Shuningdek, advokat sud qarorini noqonuniy va asossiz deb hisoblaydi va Bishkek shahar sudiga apellyatsiya arizasi bilan murojaat qilmoqchi.
Avvalroq, Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi jurnalist Bobomurod Abdullayev 8-avgust kuni Oʻzbekiston soʻrovi asosida qoʻlga olingani toʻgʻrisida bayonot tarqatgan. Bayonotda Bobomurod Abdullayev bir necha jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, Oʻzbekiston tomonidan qidiruvga berilgani aytilgan. Ammo, “Ozodlik” radiosi Abdullayevning Oʻzbekistondagi advokati Sergey Mayorov Yakkasaroy tuman IIBiga soʻrov joʻnatib, u yerdan Bobomurod Abdullayevga nisbatan hech qanaqa jinoyat ishi ochilmagani toʻgʻrisida bildiruv olganini yozgan.
Advokat Timur Sultanovning bildirishicha, oʻzbekistonlik mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullayev Qirgʻiziston poytaxtiga Markaziy Osiyodagi Amerika universitetining taklifi boʻyicha toʻrt oylik oʻquv kursidan oʻtish maqsadida kelgan. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralar yopilib, Abdullayev qayta Yevropaga keta olmay qolgan.
Uni Bishkekdagi kafelardan birida 8-avgust kuni Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi xodimlari qoʻlga olgan.
Bobomurod Abdullayev 10-avgustda sudga kirishidan avval jurnalistlarga qisqacha oʻz fikrini bildirgan. Uning sudga kirish vaziyati tasvirga olingan video lavha ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilingan. Unda jurnalist oʻzining aybsiz ekanini aytgan.
“Goʻyoki men “Qora mergan” taxallusi bilan maqolalar yozgan ekanman. Oʻzbekistonning Mirzo Ulugʻbek tuman sudi shu ayb bilan meni hatto 23-iyulda sud oʻtkazib, menga sirtdan ayb ham qoʻyishibdi”, - deb aytgan Abdullayev.
Bobomurod Abdullayevning advokati Timur Qarabayev Oʻzbekiston huquq-tartibot organlari uni Jinoyat kodeksining 158-moddasi (“Oʻzbekiston Respublikasining prezidentiga zarar yetkazish”), 159-moddasi (“Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsion tuzumga tajovuz qilish”) bilan ayblayotganini bildirdi.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan jurnalist Munarbek Joʻrgoʻmov Bobomurod Abdullayev Qirgʻizistonda qoʻlga olinishi mamlakat obro’siga putur yetkazadi deb hisoblashini bildirdi.
“Mazkur ishda siyosiy boʻyoq boʻlishi mumkin degan shubha tugʻiladi. Albatta, bu ishga huquq-tartibot organlari, sud baho beradi. Ammo soʻz erkinligi mavjudligini daʼvo qiluvchi mamlakat qatori Qirgʻiziston bu ishda haqqoniylik prinsipini qaysidir darajada koʻrsata olmadi deb oʻylayman”, — deydi u.
Oʻshlik jurnalist Shohruh Soipov ham Bobomurod Abdullayevning Qirgʻizistonda qoʻlga olinishi har ikki davlatdagi soʻz erkinligi, erkin fikrlovchi insonlarga boʻlayotgan taʼqiblardan darak deb hisoblaydi.
“Qirgʻiziston Markaziy Osiyoda demokratiya orolchasi deya nomlangani bilan, biroq soʻnggi yillari qoʻshni davlatlar bilan aloqalari yaxshilanishi, endi rivojlanib kelayotgan hamkorlikka putur yetkazib olmaslik, yaʼni qoʻshnilar bilan nizoga bormaslik maqsadida, oʻz hududida panoh topayotgan insonlarni rasman yurtlariga topshirmoqda. Bunga, oʻtgan yili qozogʻistonlik muxolifat faoli Murat Tungʻishboyevni Bishkekda ushlab, xalqaro chaqiriqlarga qaramasdan, rasmiy Nur-Sultonga oʻtkazib berilganligi yaqqol misol. Bu, albatta, Qirgʻiziston shaʼni uchun yaxshimas. Xalqaro miqyosda obroʻsiga putur yetadi. Albatta, Qirgʻiziston xavfsizlik idoralari oʻzaro davlatlararo kelishuvlarga asosan ish olib boradi. Biroq, bu yerda rasmiy Bishkek ratifikatsiya qilgan jurnalistlarga oid, inson huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyalarni ham unutmasligi kerak. Agar Bobomurod Abdullayev Oʻzbekistonga oʻtkazib berilsa, u yerda qiynoqlarga tutilishi va adolatsiz sud tizimi ostida uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin. Shuning uchun Qirgʻiziston oʻzbek jurnalistini oʻz hududida olib qolishi yoki uchinchi davlatga chiqarib yuborishi toʻgʻri boʻladi”, — deydi Shohruh Soipov.
Abdullayev “Qora mergan”mi?
Bobomurod Abdullayev oʻzining qoʻlga olinishiga goʻyoki uning ijtimoiy tarmoqlarda “Qora mergan” taxallusi bilan maqolalar yozgani sabab boʻlgan deb hisoblaydi.
Abdullayev shu yilning 26-iyul kuni oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida “Feysbuk” tarmogʻida maqolalar eʼlon qilayotgan “Qora mergan” akkauntiga aloqasi yoʻqligini bildirib, video murojaat bilan chiqqan.
“Tuhmatchilarga javobim” deb nomlangan mazkur videoda u oʻzining Usmon Haqnazarov taxallusi bilan yozgan maqolalari bilan “Qora mergan”ning yozganlari bilan solishtirib koʻrishni taklif qiladi.
“Men 15 yil davomida yozgan maqolalarimda siyosiy tahlil qilganman... Qora mergan yozgan maqolalarda gramm boʻlsa ham siyosiy tahlil bormi?”, — deya uni “Qora mergan” deya gumon qilganlarga raddiya bergan.
Bobomurod Abdullayev kim?
Oʻzbekistonda sport sohasidagi jurnalist sifatida tanilgan Bobomurod Abdullayev 2017-yilning 27-sentabrida MXX tomonidan hibsga olingan. U 2011-yildan boshlab Usmon Haqnazarov taxallusi bilan maqolalar yozib, “amaldagi tuzumni oʻzgartirishga chaqiruvchi” maqolalar chop etish va Oʻzbekistonda “inqilob qilish”ga urinishda gumon qilinib, sudlangan.
Buni ham ko'ring "Usmon Haqnazarov": Yomonlar yomonligini qila olmaydigan tizim kerakBobomurod Abdullayev oʻsha vaqtda oʻzining Usmon Haqnazarov taxallusi bilan maqolalar yozganini tan olgan. Ammo oʻzi yozgan maqolalarda davlat toʻntarishiga chaqiriq boʻlganini inkor qilgan.
Mazkur ish yuzasidan oʻtgan sud yigʻinida prokuror Abdullayevga 5 yil qamoq jazosi tayinlashni soʻraganiga qaramay, sud Bobomurod Abdullayevni ozod qilgan. Uning ozod qilinishi keng jamoatchilik tomonidan marhum Islom Karimovdan keyin iqtidorga kelgan Prezident Shavkat Mirziyoyev olib kelgan demokratiya shabadasi qatori qabul qilingan. Oʻzbekiston mahkamasining mazkur qarori xalqaro matbuot va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ham olqishlangan edi.