AQSh havo kompaniyalari yo’lovchilarni samolyotlarga qayta jalb qilish uchun xavfsizlikka oid turli choralarni yo’lga qo’ymoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli parvozlar kamaygani bois kompaniyalarning moliyaviy ahvoli og’ir. Masalan, “Delta” 2-chorakda olti milliard dollar zarar ko’rdi.
Koronavirus pandemiyasi boshlangandan beri havo parvozlari soni keskin qisqardi. Avia kompaniyalar yo’lovchilarni yana bortga qaytarishga urinmoqda. Ammo virus mamlakat bo’ylab tarqalishda davom etar ekan, havo qatnovlarining tez orada o’z iziga tushishi kutilmayapti.
“Delta” havo yo’llari xodimi Jeyson Baunds fikricha, u 23 yillik karyerasi davomida bunaqasini ko’rmagan.
“SARS, qush tumovi, 11-sentabr voqealari, bunaqa narsalarning ko’pini ko’rdim. Lekin hozirgi holat hammasidan ham yomonroq”, - deydi u.
Bir necha oy o’tishiga qaramay, havo qatnovlari hanuz ko’paygani yo’q.
O’tgan hafta aeroportdagi yo’lovchilar soni apreldan beri yanada kamaygani kuzatildi. Bu virusga chalinish holati ko’payayotgani bilan izohlanmoqda.
“Qancha vaqt olmasin, biz doim tozalash ishlarini oxirigacha qilamiz, shartlarga to’la mos kelishi kerak. Uchish vaqti kechiksa ham, samolyotimiz toza va xavfsiz bo’lishini xohlaymiz”, - deydi “Delta” aviakompaniyasi xodimi Elizabet Dikinson.
Yaqinda “Delta” samolyotlarida sog’lik vaji bilan niqob taqa olmaydigan yo’lovchilarni qo’shimcha tekshiruvdan o’tkazish amaliyoti yo’lga qo’yildi.
“Ishga kelishda yoki aeroportda xodimlarimiz hamda mijozlarimiz o’zlarini xavfsiz sezishlarini xohlaymiz. Biz barcha ehtiyot choralarini ko’rayotganimizni bilishlari kerak”, - deydi Dikinson.
“United” havo yo’llari uchish va qo’nish paytida filtrlash tizimi orqali havo aylanishi tezlashtirilishini e’lon qildi. Bu samolyotdagi havoni restoran yoki do’kondagidan ham tozaroq qiladi, deyiladi bayonotda.
Ijtimoiy masofa saqlash uchun yo’lovchilar orasida bo’sh o’rindiqlar qoldirilmoqda. Lekin oraliq masofa mutaxassislar tavsiya qilganidek 2 metr emas.