Farg’ona viloyatining So’x tumanida, Qirg'izistondagi anklavda, O'zbekiston Bosh prokuraturasiga ko'ra, olti fuqaro hibsda. Lekin mahalliy manbalar hisobicha, organlar tomonidan olib ketilganlar soni bundan ancha ko'p.
Shu yilning 31-may kuni So‘x tumanidagi Chashma qishlog‘ining Qirg‘izistonning Batken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh joyida “Chashma” bulog‘idan suv ichish yuzasidan ikki davlat fuqarolari orasida janjal chiqqan. Ommaviy tartibsizlik kuzatilgan.
"Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan",- deyiladi prokuratura bayonotda.
Bu holat bo‘yicha 1-iyun kuni Farg‘ona viloyat prokuraturasi respublika Jinoyat kodeksining 219-moddasi, ya'ni hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish va 244-moddasi, ya'ni ommaviy tartibsizliklar da'vosi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Tergov davomida olti nafar shaxsga nisbatan yuqoridagi moddalarga ko'ra ayb e’lon qilinib, ular qamoqqa olingan. Prokuraturaning bildirishicha, tergov davom etmoqda.
So’xdagi to’qnashuvni tinchlantirish uchun voqea joyiga yetib borgan viloyat hokimi Shuhrat G'aniyev mahalliy odamlar tomonidan toshbo’ron qilingani haqida xabarlar chiqqan edi.
Farg'ona viloyatidan huquq himoyachisi Bahodir Eliboyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, hibsga olinganlar ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarish, hokimiyat vakiliga qarshilik qilish va kuch ishlatishda ayblanmoqda.
So’x voqealari bo’yicha dastlabki hibs shu yilning 10-avgustida kuzatilgan. 11- avgust kuni Farg’ona shahar sudi hibsga olingan fuqaro Davlatjon Mallayevga nisbatan ehtiyot chorasini belgilashni yopiq tartibda ko’rib chiqqan.
Sud Mallayevning harakatlari o’ta og’ir jinoyatlar sirasiga kirishini inobatga olib, ehtiyot chorasi sifatida hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan.
Sud ajrimida ta’kidlanishicha, to’nashuv paytida Mallayev o’z xizmat vazifasini bajarayotgan Farg’ona viloyati hokimiga, huquq-tartibot idoralari vakillariga faol qarshilik ko‘rsatgan, ularning xizmat mashinasini, o’zini toshbo’ron qilgan, shikast yetkazgan.
Prokuratura Mallayevni O’zbekiston Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi, 244-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarda ayblamoqda.
Bahodir Eliboyevga ko’ra, ayni paytda So’xdagi Chashma qishlog’ida vaziyat ancha tarang. Dastlabki hibs ortidan yana bir guruh fuqarolar huquq-tartibot xodimlari tomonidan Farg’onaga olib ketilgan.
Hibsda ushlab turilganlar soni, mahalliy fuqarolarning aytishicha, 10-30 nafar orasida, ya'ni hukumat berayoyotgan raqamdan ancha yuqori.
“So’xliklar ommaviy hibslar bilan bog’liq vaziyatdan o’ta xavotirda, norozilik aksiyasiga chiqishni o’ylab turishibdi”, - deydi Eliboyev.
Chashma qishlog’idagi to’qnashuv paytida aholiga qarashli uylar yoqib yuborilgan, ikki tomondan o’nlab odam jarohat olgan.
G’aniyev mahalliy aholi bilan uchrashganida zo'ravonlik qilganlarga nisbatan chora ko'rilishi haqida hokim qilgan "tahdidlar" uni tinglagan odamlar orasida jiddiy norozilik bilan qabul qilingani aytiladi.
Keyinchalik prezident topshirig’i bilan Bosh vazir Abdulla Aripov ham So’xga bordi va anklav ahlining muammolarini hal qilish yuzasidan qator va’dalar berdi, jumladan, bu tuman va Farg’ona o’rtasida muntazam aviaqatnovni yo’lga qo’yish, aholini ish bilan ta’minlash, tumanning jtimoiy ta’minotini yaxshilash bo'yicha.
Bahodir Eliboyevning aytishicha, hibsga olingan so’xliklar yaqinda yo’lga qo’yilgan aviaqatnov orqali Farg’onaga olib ketilgan.
So'xliklar ijtimoiy tarmoqlarda o'z dardini izhor qilar ekan, pandemiya davri shundoq ham qiyin kechgani, buloqdan suv ichaman deb shuncha baloga qolishni hech bir fuqaro xohlamasligiga urg'u beradi.
"Nonim tomog'imga tiqilmasin deb suv uchun odamlar kurashgan. Shunga odamlarni olib borib qamasa, alam qilar ekan-da. Haqiqat bormi?" - deya noliydi bi so'xlik.
"O'zimni himoya qila olmasam, vatanimni himoya qila olmasam, bu nima gap?"
"Prezidentimiz qarasin bir, xursand bo'lar edik. Shu So'xda umuman yashagim kelmayapti", - deya qo'shadi bu fuqaro "Amerika Ovozi" ga kelgan audio yozuvda.