31-may kuni Oʻzbekistonning Soʻx tumani Chashma qishlogʻi va Qirgʻizistonning Qadamjoy tumani Chechme qishlogʻi aholisi orasida tortishuv qoʻzgʻalib, toʻqnashuvlar boshlanib ketdi. Yuzdan ortiq mahalliy fuqaro jarohat olgan, har ikki tarafdan uylar yoqib yuborilgan.
Mojaroga sabab ikki davlat fuqarolari birdek foydalanib kelgan “Chashma” bulogʻi suvi boʻlganligi aytilmoqda.
Qirgʻiziston Bosh vaziri oʻrinbosari Akram Madumarov “Ozodlik” radiosining Qirgʻiz xizmatiga voqealar 31-may kuni Qadamjoy tumanidagi buloq yaqinidagi “Chashma” deb nomlanadigan hududda yuz berganini tasdiqlagan. Madumarov tortishuv va toʻqnashuvlar ikki tomon aholisi buloqni tozalash uchun chiqqan hashar payti yuz berganini aytgan.
“Har yili ikki tomon odamlari hashar qilib buloqni tozalashadi. Bu buloq ikki davlat orasidagi bahsli hududda joylashgan. Buloqdan har ikki tomon birgalikda suv ichadi. Shuning uchun suv talashib, tez-tez tortishuvlar boʻlib turadi”, - deydi Madumarov.
Oʻzbekiston tomonidan Fargʻona viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev va Soʻxning sobiq hokimi Tavakkal Rahimovlar ham voqea joyiga borgan.
Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, tortishuvlar buloq kimga tegishli degan savol ortidan boshlangan. Ijtimoiy tarmoqlarda voqea joyidan olingan videolar ham tarqalmoqda. Videolarda chegaraning ikki tarafida koʻplab odamlar yigʻilib, bir-biriga tosh ota boshlaydi. Qirgʻiziston tomonidan bir uy va Oʻzbekiston tomonida ikki uy yoqib yuborilgan. Ammo hech kim osmonga olov oʻralab yonayotgan uylarni oʻchirishga harakat ham qilmayotganini koʻrish mumkin.
Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari matbuot xizmati ushbu hodisa boʻyicha maʼlumot berdi. Unda qayd etilishicha, yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish uchun Oʻzbekiston va Qirgʻiziston mahalliy maʼmuriyatlarining masʼullari voqea joyida uchrashgan.
“Hozirda vaziyat toʻliq nazoratga olingan. Mojaroning sabab va oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda”, deyiladi Chegara qoʻshinlari tarqatgan xabarda.
31-may kuni oqshom Qirgʻiziston hukumati matbuot xizmati chegaradagi vaziyat haqida maʼlumot berdi. Unga koʻra, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning mahalliy maʼmuriyatlari muzokara olib bormoqda. Unda Qirgʻiziston tomonidan hukumatning Batken viloyatidagi muxtor vakilining birinchi oʻrinbosari Jarkinbek Maksutov va Qadamjoy tumani hokimi Alginbay Imarov ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston tomonidan Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev va Soʻx tumani hokimi qatnashmoqda. Vaziyat nazoratga olinganligini bildirgan rasmiylar toʻqnashuvlarga Qirgʻiziston tomonidan yaralanganlar ham borligini aytgan, ammo aniq sonini bildirmagan.
Soʻxlik Ilhom Abdunazarov boshidan jarohat olib tuman shifoxonasiga yotqizilgan. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, toʻqnashuvlar buloq atrofida boshlangan.
“Qirgʻizlar buloq atrofida yashaydigan bizning odamlarimizning uyiga oʻt qoʻyishdi. Maqsadlari ularni qoʻrqitib qochirish va buloqni egallab olish ekan. Odamlar yigʻila boshladi. Biz tomondan ikki mingtacha odam yigʻildi. Ular mingtacha bor edi. Ammo qirgʻizlar oldindan tayyorgarlik koʻrib kelgan ekan. Toshboʻron boshlanib ketdi. Ov miltigʻidan oʻq ham otishdi. Qishlogʻimizdan beshta uyni yoqib yubordi. Ular balandlikda, biz pastda boʻlganimiz uchun bizdan yaralanganlar koʻp. Hozir men ham shifoxonadaman. Tuman shifoxonasiga keltirilganlar 146 nafarga yetgan, bir ayol ham bor. 12 kishi jonlantirish xonasida”, - deydi Abdunazarov.
Suhbatdosh voqea joyiga Fargʻona viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev kelganini ham tasdiqladi.
“Hokim keldi, men ham uchrashdim, quruq vaʼdalar berib, u qilaman, bu qilaman, bu masalalarni koʻrib chiqamiz, yoʻl ochib beramiz, deb quruq vaʼdalar berdi, xolos. Necha yildirki quruq vaʼdalar beradi”, - deydi u.
Qirgʻiziston tomonidan mahalliy fuqarolarning “Yettinchi kanal”ga aytishlaricha, soʻxliklar tosh ota boshlagan. Qirgʻizlarga tegishli yetti avtomashina pachaqlab tashlangan, bir uyga oʻt qoʻyib yuborishgan. Ammo yaralangan va shifoxonaga yotqizilganlar haqida hozircha aniq maʼlumot yoʻq.
Soʻx tumanining maydoni 352 kvadrat kilometr boʻlib, taqriban 80 ming aholi yashaydi. Aksariyati etnik tojiklar. Maʼmuriy jihatdan Fargʻona viloyatiga qarshli boʻlgan tuman geografik joylashuvi jihatidan Oʻzbekistonga eksklav va Qirgʻizistonga anklav hisoblanadi.
Facebook Forum