AQSh: O'zgarishlarga qaramay O'zbekistondagi sarmoya muhiti salbiy

  • Amerika Ovozi

Rasmiy hisoblarga ko'ra, O'zbekistonda ishsizlar soni o'tgan uch oyda 1,35 milliondan 2 millionga yetgan. Oilaviy bizneslarning 80 foizi pandemiya davrida yopilgan. O'zbekiston uchun iqtisodiy sinovlar yanada og'irlashgan payt. Sarmoya suv va havodek zarur. Biroq, deya tahlil qilmoqda AQSh hukumati, o'tgan yillardagi barcha sa'y-harakatlarga qaramasdan, investitsion muhit respublikada hamon salbiy holatda.

Vashington nazarida iqtisodiy islohotlarda urg'u hamon monopoliyalarda, ya'ni davlat egalik qiladigan yirik bizneslarda. Vaholanki, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va G'arbdagi hamkorlar iqtisodni xilma-xillashtirish va raqobat maydonini kengroq ochishni tavsiya qilib keladi. Hukumat esa monopoliyalarni zamonaviylashtirishga urinmoqda, deya kuzatadi Davlat departamenti.

Mahalliy va tashqi sarmoya uchun sharoitni yaxshilash niyatida ko'plab zarur qarorlar qilingan. Bank tizimida, xususan, valyuta ayirboshlashda islohotlar yaqqol seziladi. Sarmoyador huquqlarini himoya qilish hamda soliq va bojxona islohotida ham tizim oldinga siljigan.

2018-yilda O'zbekistonga chetdan to'g'ridan-to'g'ri sarmoya 1,6 milliard dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2019-yilda 4,2 milliard dollarga chiqqan.

Jahon banki nazarida O'zbekiston biznes qilish osonlashgan 20 davlatdan biridir. Xorijiy kapital qo'yilgan kompaniyalar soni mamlakatda 2020-yil boshida 10 ming 600 tani tashkil etgan. Ulardan qariyb 3000 tasi 2019-yilda vujudga kelgan.

Xususiy sarmoya va to'g'ridan-to'g'ri investitsiya mamlakat iqtisodi uchun nihoyatda zarur ekani aniq, ammo hukumat bu mablag'ni eksport va import bilan bog'liq sohalarga yo'naltirmoqda.

O'tgan yilgi sarmoya jami 21,5 milliard dollarni tashkil etgan bo'lsa, undan 4,2 milliard dollari, yuqorida aytilganidek, to'g'ridan-to'g'ri investitsiya edi, 5,6 milliard dollari esa qarz sifatida kelgan.

O'zbekistondag yirik sanoatlar: konchilik, neft, gaz, tok ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, transport, metallurgiya hamda kimyoviy ishlab chiqarish.

2019-yilda Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan Xorijiy sarmoyadorlar kengashi tuzildi. Unda yirik kompaniyalar, bank va tashkilotlarning rahbarlari va vakillari hukumatga investitsiya bobida, sarmoya muhitini yaxshilash yo'lida maslahat berishi kerak.

2019-yilning fevralida O'zbekiston London qimmatbaho qog'ozlar bozorida 1 milliard dollarga teng besh va o'n yillik "Yevrobond" sotdi. Besh yillik qog'ozdan foyda foizi 4,75; o'n yillik qog'ozniki esa 5,37. Bu qog'ozlarni olganlar asosan Yevropa va Amerikada. "Yevrobond" chiqarish G'arbda O'zbekiston uchun muhim progress deya baholangan.

O'zbekistonda kapital bozori va qimmatbaho qog'ozlar bozori jonlana boshlagan. Biroq, deya qayd etadi Davlat departamenti, mamlakat sarmoya muhiti hamon azaliy muammolar changalida.

Toshkent, 2-sentabr, 2020

Departamentga ko'ra, bir tarafdan davlat egalik qiladigan monopoliyalar, boshqa tomondan esa oshkoralik yetishmasligi, nimaning qayerdan kelayotgani haqida xalqqa yetarli ma'lumot berilmasligi, davlat agentliklari va davlat bizneslarining shartnomalarga bosh egmasligi, shartlarni bajarmasligi sarmoyadorlarni qiynamoqda va ehtimoliy sarmoyadorlarni mamlakatdan uzoqlashtirmoqda.

Xususiy sektor mahalliy tizimlarning qonunlarga amal qilmasligidan noliydi. Xususiy mulk hurmat qilinmaydi. Kichik bizneslarning shikoyati shuki, yirik kompaniyalar ularni muntazam ravishda ezadi; viloyat va tuman hokimliklari tadbirkorlarni turli tahdid va bosimlar orqali o'ziga bo'ysundirishga urinadi. Tadbirkorning adolat izlashi qiyin, uning tizimga ishonchi past. Intellektual mulk himoyasi ham hamon nochor ahvolda, deya baholaydi Amerika tomon.

O'zbekiston hukumati, jumladan, tegishli vazirliklar bu masalalarning barchasiga nisbatan chora ko'rayotganini ta'kidlaydi. Mirziyoyev ma'muriyatiga ko'ra, korrupsiyaga qarshi yangi agentlik va boshqa organlar yulg'ichlik va tovlamachilikka barham berishga bel bog'lagan. Tizim nufuzi va unga nisbatan ishonch astalik bilan oshishi kerak, deydi rasmiylar. Respublika korrupsiya indeksida hozirda 180 davlat ichida 153-o'rinda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyati O'zbekistonni biznes uchun yanada kengroq ochishga qaratilgani aytiladi. Toshkent qator rivojlangan davlatlar bilan bu borada yaqindan ishlamoqchi, ularning maslahatlariga tayanmoqchi.

Davlat departamenti tahlilicha, ko'plab sohalarni O'zbekistonda davlatning o'zi egallab olgan va xususiy sektor ularga kirishi, sarmoya qilishi amri mahol. Masalan, suv va mineral resurslar, havo yo'llari, flora va fauna, madaniy obidalar va boyliklar, oltin, harbiy sanoat, xavfsizlik bilan bog'liq yo'nalishlar, yadroviy tadqiqotlar, kimyoviy sanoatning ayrim yo'nalishlari, favqulodda vaziyatlar bilan bog'liq xizmatlar, yo'llar va hokazo.

O'zbekiston rasmiylari esa bu jabhalarni xususiy sektor uchun ochish vaqt talab qilishini aytadi. Islohotlar qadamma-qadam, bosqichma-bosqich kechadi, hammasi birganida hal bo'lmaydi, deydi mutasaddilar.

Havo yo'llari, temri yo'llar, elektr toki ichlab chiqarish, uzoq masofali telekommunikatsiya va boshqa qator sektorlarda biznes qilish uchun xorijiy kompaniyalarga yo'llar yopiq. Maxsus ruxsat talab qilinadi va deyarli hech biri chet ellik biznesga berilmagan. Boshqa davlat fuqarolari biznes qilish uchun o'z litsenziyasini yoki soliq bilan bog'liq ruxsatni ololmaydi. Ularni biror mahalliy kompaniya ishga olsagina faoliyat yurita olishi mumkin.

Biror mahalliy kompaniya chet el kapitali asosida ishlaydi deyish uchun kamida 15 foiz hissa xorijdan bo'lishi lozim. 2020-yilning mart oyidan binoan bu boradagi minimal mablag' 400 million so'm, ya'ni 42 ming dollar.

Media bilan bog'liq bizneslarda xorijiy tomon sihtiroki 30 foizdan oshmasligi shart. Moliya sohasida chet ellik investor O'zbekiston bilan qo'shma korxona shaklida ishlashi mumkin. Bank sohasiga chet ellik tomon kamida 100 milliard so'm, ya'ni 10,5 million dollar, sug'urta biznesida esa 7,5-30 milliard so'm, ya'ni 0,8-3,1 million dollar bilan kirishi mumkin. Sistemada aniqlik emas, mavhumlik ko'proq kuzatiladi, deya tasvirlanadi Davlat departamenti hisobotida.

O'zbekiston 53 davlat bilan sarmoya kelishuvlari imzolagan, lekin AQSh bilan 1994-yildagi bitim hamon ratifikatsiya qilinmagan. Turkiya, Bahrayn, Belarus va Janubiy Koreya bilan qilingan investitsiya hujjatlari ham hali kuchga kirmagan.

Qonunlar ustuvorligini ta'minlashda Adliya vazirligi va Bosh prokuratura roli e'tirof etiladi, biroq hisobotda aks etishicha, mutasaddilar qonunlarni noto'g'ri tushunishi va tatbiq etishi natijasida sarmoyador va biznes ahli zarar ko'rib, vaziyatni yanada og'irlashtiradi.

Vashington O'zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini istaydi. Yuqorida qayd etilgan ko'plab jiddiy muammolar bu organga kirish uchun talablarni qondirish jarayonida hal bo'la boshlaydi, degan umid bor. Respublika bu yo'nalishlarda ijobiy qadamlar tashlashga majbur, deydi mutaxassislar, aks holda zararni avvalo mamlakatning o'zi ko'radi.