Birlashgan Arab Amirliklari bilan erishilgan kelishuvdan bir oy o’tib Bahrayn hukumati ham Isroil bilan yana bir tinchlik bitimiga kelishgani e’lon qilindi. Tahlilchilarga ko'ra, Fors ko'rfazi davlatlari bu kelishuvlardan Eronning ehtimoliy hujumlariga qarshi foydalanish niyatida. Ammo falastinliklar bundan g’azabda. Ular Bahraynning harakatini "orqadan yana bir pichoq urish" deb baholadi.
Prezident Donald Tramp Isroil va arab davlati o'rtasidagi navbatdagi tinchlik shartnomasini Vashingtonda 11-sentabr kuni mash’um terrorchilik xuruji qurbonlari xotirlanadigan kunda e'lon qildi.
"11-sentabr voqealarini keltirib chiqargan nafratga biz e’lon qilayotgan kelishuvdan ko'ra kuchli javob yo'q, - dedi u. - Bu nafaqat Yaqin Sharq uchun, balki butun dunyo uchun juda muhim. Tinchlik va hamkorlik ruhida har ikki mamlakat rahbari diplomatik munosabatlarini to'liq tiklashga qaror qildi".
Trampning so'zlariga ko'ra, ushbu bitim elchilarni almashish, yuqori texnologiyalar va turizmga oid qator kelishuvlarni o'z ichiga oladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham bitimni g’alaba sifatida taqdim etmoqda. So’nggi kunlarda “Covid-19” yana keng tarqalayotgani bois hukumatdan aholi noroziligi oshib borayotgan bir paytda Netanyaxu bu yangilikdan o’z obro’sini oshirish yo’lida foydalanishga urinmoqda.
"Isroilning arab davlati bilan tuzgan ikkinchi tinchlik bitimidan uchinchi tinchlik bitimiga qadar 26 yil o’tdi. Biz uchinchi tinchlik kelishuvidan keyin to'rtinchisiga atigi 29 kun ichida erishdik. Qanday katta o'zgarish. Men Tinchlik davrasiga qo'shilgani uchun Bahraynning podshoh hazratlariga va valiahd shahzoda Muhammad Bin Zaydga Isroil va Amerika Qo'shma Shtatlari bilan doirani kengaytirishga hissa qo’shgani uchun minnatdorligimni bildiraman”, - dedi Tramp.
Netanyaxu seshanba kuni Vashingtonda bo'lib, Prezident Tramp, BAA va Bahrayn tashqi ishlar vazirlari bilan tinchlik shartnomalariga qo’l qo’yishi kutilyapti.
Bitimlarda harbiy ittifoq haqida hech narsa aytilmagan, ammo ko'plab tahlilchilar Fors ko'rfazi davlatlari o’zlarini har qanday Eron hujumidan qo'shimcha himoya qilish maqsadida harakat qilayotganini aytmoqda.
Falastinning yuqori lavozimli rasmiysi Saib Erekat ham shunday fikrda.
"Bahrayn va Isroil o'rtasidagi munosabatlarni normallashtirish to'g'risidagi kelishuv mintaqaga oid katta paketning bir qismidir. Bu tinchlik haqida emas, mamlakatlar o'rtasidagi munosabatlar haqida ham emas. Biz mintaqada ittifoq, harbiy ittifoq tuzilayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz, ehtimol ular buni Arab-Isroil NATOsi deb atashar. Biz falastinliklarga kelsak, Isroil Tel-Avivga 193 nafar elchini olib kelishi mumkin, ammo bundan nima naf? Muammo biz bilan bog’liq. Bu mintaqada tinchlik o'rnatishning yagona yo'li Falastin masalasini hal qilishdir", - dedi Falastin rasmiysi.
Isroil tahlilchilarining ta'kidlashicha, Bahrayn Saudiya Arabistoniga yaqin va bu bitimga Saudiya tomonidan maxfiy ma'qullash mavjud bo’lgan taqdirdagina erishish mumkin.
Ba'zi isroilliklar endi Saudiya qirolligining o'zi ham Isroil bilan tinchlik o'rnatish masalasini ko’rib chiqishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Ayni paytda Isroil va BAA o'rtasida iqtisodiy shartnomalar ham imzolanmoqda. Ikki mamlakat o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri reyslar kelasi oydan boshlanishi rejalangan.