Tramp maktablarda tarix darslarini isloh qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Donald Tramp AQSh maktablarida vatanparvarlikni targ’ib qiluvchi darslarni joriy qilish haqida gapirdi. Unga ko’ra, bolalar maktab yoshidan radikal so’l qanot g’oyalari bilan zaharlanmoqda. Prezidentning bu izohi irqiy adolat bo’yicha mamlakatda ijtimoiy bahslar kuchaygan bir paytda yangradi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp fikricha, Amerikadagi ijtimoiy beqarorlikning ildizi maktablardan boshlanadi.

“So’l qanot g’alayoni va zo’ravonligi maktablarimizda o’n yillardan beri so’llar mafkurasi singdirilganining oqibati”, - dedi Tramp.

Tarix darslarida irqchilik va quldorlik davri o’qitilishi tabiiy hol, degan izohlarga javoban Trampning aytishicha, maktablar bolalarga AQShni millatchi davlat sifatida o’rgatmoqda va o’quvchilar g’ururlanish o’rniga o’z vatanidan uyalmoqda.

“Har bir masalaga irq ko’zi bilan qarash orqali ular yangi ayirmachilik siyosatini paydo qilmoqda. Biz bunga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi prezident.

Tarix fani bo’yicha umumiy talablar mavjud bo’lsa-da, dasturlar shtatlar tomonidan belgilanadi. Tramp darslarda vatanparvarlik targ’ib qilinishi tarafdori.

“Vatanparvarlikni o’qitish mumkinligi odamning kulgisini qistatadi”, - deydi Venderbilt universiteti tadqiqotchisi Rich Milner.

Milner irqiy adolat bo’yicha ta’lim beradi.

Uning aytishicha, maktab dasturlarida qulchilik va fuqarolik huquqlari hamda irqchilikning bugungi Amerika jamiyatiga ta’siri haqida ochiq gapirish kerak.

“Biz haqiqatni ko’rsatuvchi dasturlarga ega bo’lishimiz kerak. Haqiqat shuki, bu mamlakatda irqchilikni yo’q qilish uchun hali qiladigan ishlarimiz juda ko’p”, - deydi Milner.

Mamlakat bo’ylab namoyishlar davom etar ekan, noyabrdagi saylovda irqiy adolat asosiy masala bo’lishi kutilyapti. Tramp “Qoralar ham odam” harakatini “nafrat ramzi” deb atab, mamlakatda tizimli irqchilik mavjudligini inkor etadi.

Demokratlar nomzodi Jo Bayden bunday fikrda emas.

“Eski gunohlarimiz mamlakatimiz uchun hanuz dog’ bo’lib turibdi. Boshqa minglab masalalar orasida uni unutamiz, lekin bu muammo doim oramizda”, - deydi Bayden.

Trampga ko’ra, Amerika maktablarida vatanparvarlikni qayta tiklash uchun “1776 komissiyasi”ni tuzish kerak. Bu raqam bilan u Amerika mustaqil bo’lgan yilga ishora qilmoqda.

Tramp Amerikaga olib kelingan ilk qullar haqida hikoya qiluvchi, “Nyu-York Tayms” nashri tomonidan tayyorlangan “1619 loyihasi”ning darslarga kiritilganini qoraladi. Ushbu loyihada bolalarga quldorlik asoratlarining bugungi jamiyatga ta’siri haqida o’rgatiladi.