AQSh: Qirg'iziston kelajagini bu xalqning o'zi hal qiladi

  • Amerika Ovozi

Bishkek, 5-oktabr, 2020

Qo'shma Shtatlar Qirg'izistondagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda. Vashington respublikadagi siyosiy kuchlarni zo'ravonlikdan tiyilib, 4-oktabr kuni o'tgan parlament saylovi bilan bog'liq kelishmovchilik va norozilikni tinch yo'l bilan hal etishga chaqirmoqda.

"Qirg'iziston xalqi o'z kelajagi ustida qarorlar qabul qilib, hukumati tarkibini belgilashida va saylovlar qanday tashkil etilishi yuzasidan qaror qilishida AQSh uni quvvatlaydi", - deyiladi Amerikaning Bishkekdagi elchixonasi tarqatgan bayonotda.

"AQSh Qirg'iziston suvereniteti va uning demokratik tizimini hurmat qiladi. O'tgan kunlardagi voqealar ichki siyosiy dinamikani aks ettiradi, tashqi emas", - deya urg'u bermoqda Vashington.

"Bu xalq tarixidagi shunday nozik pallada biz Qirg'izistonning qo'shnilari va xalqaro hamkorlarini bu davlat suverenitetini buzmaslikka chaqiramiz".

Buni ham ko'ring Jeenbekov: Tinchlik-barqarorlik birinchi o'rinda

16 partiya nomzodlari bellashgan parlament saylovlari muxolifat nazarida adolatsiz kechgan. Saylov ketidan namoyishlar avj olib, Bishkekda norozi fuqarolar hukumat idorasi va parlament binosiga bostirib kirdi.

Prezident Sooronboy Jeenbekov noma'lum manzildan turib, xalqni tinchlanishga, tartibni buzmaslikka chaqirmoqda. Bosh vazir va parlament spikeri favqullodda majlis orqali yangilangan.

Saylov natijalari bekor qilingan. Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, mamlakat hozirgi beqaror muhitda qayta ovoz berishga tayyor emas. Vaziyat qaltis, mitinglar davom etmoqda, nafaqat poytaxtda, balki janubdagi yirik shahar O'shda ham. Mahalliy rahbarlar ham ishdan olinmoqda, o'zini yangi hokim qilib tayinlash hollari kuzatilmoqda.

O'zbekiston, Qozog'iston va Rossiya Qirg'izistondagi to'polonlar yuzasidan jiddiy xavotir bildirgan va davlat qonunlari asosida ish tutishga undagan.

Qirg'izistonda siyosiy beqarorlik, 6-oktabr, 2020