AQSh Milliy razvedka idorasi direktori Jon Ratklif 21-oktabr kuni jurnalistlar bilan muloqot qilar ekan, Rossiya va Eron amerikalik saylovchilar haqida axborot o'g'irlagan, dedi.
Ratklif va Federal Qidiruv Byurosi rahbari Kris Rey deydiki, saylovlarga aralashgan davlatlar jazosiz qolmaydi.
"Eron va Rossiya alohida ravishda bizning saylovchilarimiz xususida informatsiyani qo'lga kiritganini tasdiqladik", - deydi Ratklif.
"Eron allaqachon qo'lidagi ma'lumotlarga tayanib, yurtdoshlarimizga elektron xatlar yubora boshlagan, Maqsadi - bizning tizimga qarshi ig'vo qilish va Prezident Trampni qoralash."
O'tgan 24 soat ichida noma'lum adresdan saylovchiga kimga ovoz bersa, nima bo'lishi mumkinligi haqida xatlar kelgan bo'lsa, ularning ma'lumotlari shu ikki davlatdan birining qo'lida bo'lishi mumkin, deydi rasmiylar.
Masalan, ayrimlarga, "Prezident Trampga ovoz bermasangiz..." degan mazmundagi va Amerika davlat rahbarini qo'rqinchli shaxs sifatida tasvirlovchi xatlar borgan.
Razvedka rasmiylarining xavotir bildirishicha, Rossiya va Eron Amerika jamiyatidagi turli guruhlarni yaqindan kuzatib, ularning nomidan odamlar orasida yolg'on ma'lumotlar tarqatib, mamlakatda ijtimoiy bo'hronlarga turtki berishga harakat qilmoqda.
Ayrim demokratlar Ratklifni saylovdan oldin bunday ogohlantirishlar qilib, Trampga yordamlashishga urinayotganlikda ayblamoqda. Ratklif esa haqiqatni bayon qilayotganini aytadi.