To’rt yil avval noyabr oyida rossiyaliklar Donald Trampning prezidentlikka saylanishini bayram sifatida kutib olgan edi.
Tramp g’alabasi AQSh-Rossiya munosabatlari uchun yaxshi bo’lishi ham Tramp, ham Kreml tomonidan bashorat qilingan.
Ammo bu yilgi saylov natijalaridan rossiyaliklar u qadar umidvor emas.
“Kreml saylovni yaqindan kuzatayotgani, u Rossiya uchun nimalarni olib kelishi mumkinligini tahlil qilayotgani aniq, ammo biror natijaga aniq umid bog’layotgani yo’q”, - deydi tahlilchi Mariya Lipman.
Trampning AQSh-Rossiya aloqalarini qayta jonlantirish va’dasi amalga oshmadi.
Muloqot o’rnatishga bo’lgan dastlabki urinishlar Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashganiga doir federal tergov boshlanishi bilan to’xtab qoldi.
Rasmiylar xulosasi shu bo’ldiki, Rossiya AQShdagi saylovni Tramp foydasiga o’zgartirishga uringan. Bu da’voni Tram ham, Kreml ham inkor etadi.
Shunga qaramay, AQSh Rossiyani bir qator iqtisodiy sanksiyalar bilan jazoladi. Kremlning aloqalarni yaxshilash bo’yicha Trampdan kutgan umidlari o’zini oqlamadi.
“AQSh prezidenti siyosatda katta ta’sirga ega shaxs bo’lsa ham, lekin u podshoh emasligini rossiyaliklar tushunadi”, - deydi tahlilchi Vladimir Batyuk.
2020-yilgi saylovda Tramp va uning demokrat raqibi Jo Bayden Oq uy uchun kurash olib borar ekan, Kremlning orzu va umidlari to’rt yil avvalgidek emas.
Rossiya ko’chalarida va matbuotida AQSh sayloviga qiziqish katta ekani sezilmaydi.
So’rovlarning ko’rsatishicha, rossiyaliklarning uchdan ikki qismi biror nomzod tarafdori emas. Ko’pchilik e’tiborsiz yoki hafsalasi pir bo’lgan.
“Hech narsa kutmayapman. Tramp nimanidir o’zgartiradi, deb umid qilgan edim”, - deydi Vladimir ismli tadbirkor.
Bayden rossiyaliklarga uncha tanish emas.
“U haqda hech narsa bilmayman. Hech narsa eshitmaganman”, - deydi Valentina ismli nafaqaxo’r.
Putin esa yaxshi biladi. U sobiq vitse-prezidentni Rossiyaga qarshi kampaniya olib borayotganlikda ayblagan.
AQSh razvedka agentliklariga ko’ra, Rossiya bu yil ham AQSh sayloviga ta’sir o’tkazishga urinishi mumkin.
So’rovlarda Jo Bayden yetakchilik qilar ekan, Putin Oq uydagi har qanday odam bilan ishlashga tayyor ekanini aytmoqda.
Tramp qayta saylansa ham yoki Bayden Oq uyga kelsa ham, AQSh-Rossiya aloqalarida jiddiy o’zgarish bo’lishi kutilmayapti. 2016-yilgi saylov bilan bog’liq mojarolar ikki davlat munosabatlariga hali uzoq soya solishi mumkin.