O'zbekistonda ayollar huquqini himoya qilish bo'yicha ahvol qanday?

O'zbekiston bozorlarida

O’zbekiston jamoatchiligi ijtimoiy tarmoqlarda bugungi ijtimoiy vaziyat, xotin-qizlar hayoti, qolaversa sovuq kunlar boshlanar ekan, tabiiy gaz yetishmovchiligini muhokama qilmoqda.

Bu munozaralar parlament vakillari, xususan senatorlar tomonidan ham muammo sifatida tilga olingan.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik bo’yicha qo’mitasi 30-oktabr kuni parlament so’rovi asosida tabiiy gaz quvurlari masalasini ko'rib chiqqan.

Qo’mita raisi o’rinbosari, senator Qutbiddin Burhonov tabiiy gaz yo'qligidan qiynalayotgan aholi haqida gapirar ekan, uyini tappi bilan isitishga majbur ayollar go’ng hidi o’rnashib qolganidan shikoyat qilayotganini aytgan.

“O’rta Chirchiqda bo’lgan bir holatni aytib beray. Yoshi kattaroq bir onaxon kelib aytyapti: Menga yaqinroq kelib, hidlab ko‘ring, shu orqali butun ayollarni ham... Biz ayollardan go‘ng hidi keladi. Tezak yoqamiz. Istagan uyga kirib ko‘rishingiz mumkin, deyapti. Minglab odamlar bilan uchrashuvlar o‘tkazganmiz. Quvurlar bor. Avval gaz ta’minoti ham bo‘lgan, hozir yo‘q”, - degan senator bu muhokamada.

Senatda qayd etilishicha, mamlakat bo’ylab gaz quvurlari deyarli 30 yildan buyon almashtirilmagan, texnik jihatdan eskirgan. Yoqilmagan gaz uchun haq esa muntazam undirib kelinadi, hatto musodaralar evaziga ham.

“30 yil davomida nima ish qildik? Gaz uchun to‘langan pullar qani? Qancha odam gaz uchun to‘lov qilmoqda. Majburiy ijro byurosi muddatida to‘lov qilmaganlardan pul undirilishini ta’minlamoqda, mashinalar musodara qilinyapti, qarzlar undirilyapti. O‘sha pullar qayerda?” – deb so’ragan Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Tolibjon Madumarov.

Senatdagi muhokamada qatnashgan “Hududta’minotgaz” kompaniyasi raisi o’rinbosari Abdusamat Saidvaliyev kamchiliklar tuzatilishiga va’da bergan.

Senatdagi bu muhokamalardan biroz avval ijtimoiy tarmoqlarda sifatsiz ko’mirdan tappi yopayotgan ayollarning suratlari tarqagan edi. Maktabgacha ta’lim muassasasi xodimalari bo’lgan bu ayollarning ommaviy ravishda briket (tappi) yopishga jalb etilgani sababi yuzasidan vazirlik izohi ham berildi. Ushbu izohda xodimlar briket tayyorlashga o’z ixtiyori bilan kelgani aytiladi.

Samarqand va Andijonda ham bog’cha tarbiyachilari, ayollar tappi yopishga safarbar qilingani jiddiy munozaralar qo’zg’adi; ular bu ishga ixtiyoriy emas, majburan safarbar qilingani ham muhokama qilindi.

Holat yuzasidan izoh bergan Maktabgacha ta’lim vazirligiga ko’ra, bu jarayon majburiy emas, qish mavsumiga hozirlik ko’rish uchun ko’ngilli tarzda amalga oshirilgan.

O’zbekistonda ayollar huquqi, ularning ijtimoiy ahvoli, jinsiy tengsizlik, oilaviy zo’ravonlikka oid vaziyat og’ir deya baholanadi. Ayollarga nisbatan adolatsizliklar nafaqat shaxsiy holatlarda, balki hukumat miqyosida ham kuzatiladi. Masalan, majburiy mehnatda ham aks etadi, deydi huquq himoyachilari.

Buni ham ko'ring AQSh, O'zbekiston xotin-qizlar manfaati yo'lida hamkorlikni kuchaytiradi


So’ngi yillarda O'zbekistonda majburiy mehnat ko'limi pasaygan. Hukumat choralarni va nazoratni kuchaytirgan, jumladan, paxta terimi mavsumida.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yaqinda tarqatilgan ma’lumotda 2020-yilgi paxta mavsumida 150 dan oshiq mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo’llangani. Shundan 35 nafari majburiy mehnatga jalb etish bilan bog’liq.

O’zbekiston hukumati ayollar huquqini ta’minlash, ularga nisbatan zo’ravonlikka, xotin-qizlarning zo'rlab ishlatilishiga barham berish uchun jiddiy islohotlar o’tkazishga so’z bergan. Bu borada xalqaro miqyosda ham hamkorlikka tayyor ekanligini namoyon etib keladi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzilla Norboyeva yaqinda AQSh va boshqa davlatlar ishtirokidagi videomuloqotda, gender masalalariga bag’ishlangan xalqaro anjumanda, ishtirok etdi. O'zbekiston ayollarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo’yicha AQSh taklif qilgan bitimni imzoladi.

O’zbekiston bu murojaatga qo’shilishi ortidan tomonlar xotin-qizlar ravnaqi uchun hamkorlik qilishi haqida qo’shma bayonot ham e’lon qidi.

Vashington O’zbekistonning ayollar manfaatlarini ko'zlovchi milliy dasturini amalga osirishda yordam berishga bel bog'lagan.