Turkiyada ishlaydigan 200 mingdan ortiq o’zbek muhojirlarining yarmini ayollar tashkil qiladi. Ular jinsiy tazyiq va bosimga uchrayotgan holatlar kam emas. Ayollar jinsiy yaqinlikka ko’nish yoki ishdan voz kechish tanlovi qarshisida qoladi, deydi shunday holatga yo'liqqan vatandoshlarimizdan biri "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Turkiyada ish beruvchilar tomonidan jinsiy yaqinlikka undovchi bosimlarga uchraganini aytayotgan o'zbekistonlik ayolning iddaosi bu mamlakatga ish izlab kelgan minglab o’zbek ayollariga ham daxl qiladi. Lekin “Amerika Ovozi” ularning aksariyati shu kabi jinsiy bosimga uchrayapti degan fikrdan yiroq, ammo bunday holatlar kam emasligiga diqqat qaratadi.
Gap Turkiyada fohishalik qilayotganlar haqida ketmayapti; Turkiyadagi fohishalar qatorida o’zbeklar ko’pligi ko’nikmaga aylangan reallik.
Gap o’z vatanidagi ishsizlik, imkonsizlik tufayli Turkiyaga ish ilinjida borayotgan oddiy o’zbek ayollari, ular yo’liqqan, yo’liqishi mumkin bo'lgan muammolar haqida.
Turkiyada o’zbekistonlik ayollar ko'pincha turk xonadonlarida enagalik, oqsochlik qilishadi; qariyalarga, bolalarga qarashadi; mehmonxona, do’kon, bozor va restoranlarda ishlashadi.
Aksariyatida Turkiyada ishlash huquqi bo’lmagan bu ayollar jinsiy ta’magirlik va bosimga uchrayotgan holatlar kam emas. Aynan shu kabi holatlar haqida gapirishga jazm qilgan vatandoshlarimizdan biriga ko’ra, bunday vaziyatda ayollar jinsiy yaqinlikka ko’nish yoki ishdan voz kechish tanlovi qarshisida qoladi.
Tabiiyki, bu da’vo Turkiyadagi barcha ish beruvchilarga tegishli emas, ammo bu muammo mavjudligini inkor ham etmaydi. Jinsiy yaqinlikka undash ko’plab davlatlarda mavjud, ammo aksariyat o’zbek ayollari Turkiyada noqonuniy ishlayotgani, shikoyat imkoniyati cheklangani inobatga olinsa, bu ancha keng tarqalgan ko’rinadi.
Turkiya mehnat bozorida ayollar uchun ish o’rinlari ko’pligi bois o’zbekistonliklar aksariyatini ayollar tashkil qiladi. Ko’p hollarda ular bilan mehnat shartnomasi tuzilmaydi, tuzilganda ham shartnomadan tashqari qo’shimcha ish yuklatilishi hollari ko'p uchraydi.
O’zbek ayollarining ish izlab xorijga chiqib ketayotgani mamlakatdagi ishsizlik, og’ir iqtisodiy sharoit bilan bog'liq. Avval bunga ko’z yumib kelingan bo’lsa, amaldagi hukumat muammoni tan olgan, ammo hozircha bundan natija ko’ringani yo’q, mehnat muhojirligi oqimi davom etmoqda.
Ishsizlik tufayli ayollar mamlakatdan chiqib ketayotganini rasmiylar sezmayapti deyish qiyin, bir muncha avval O'zbekistonning Toyloq hokimi tumandagi aksariyat ayollar Turkiyaga chiqib ketganidan tashvish bildirgan edi.
Bosh vazir Abdulla Aripov Xotin qizlar qo’mitasi yig’ilishida xorijga chiqib ketgan o’zbek ayollariga tamg’a qo’ymaslikka chaqirdi. Tamg’ani kim, nega qo’yayotgani haqida ochiq gapirmagan bosh vazir xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan davlat dasturi qabul qilinishini e’lon qilgan edi. Ammo bu dasturdan biron naf bo’lgani, ish izlab xorijga chiqib ketayotgan ayollar soni kamaygani hali kuzatilgani yo'q.
O’zbek ayollarining mehnat muhojirligiga tutilayotgani munozarali mavzulardan, ayniqsa, Turkiyada ishlayotgan o’zbekistonliklar orasida. Ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarda ayollarning o’zi bunga keskin norozilik bildirayotganini kuzatish mumkin, ammo vaziyatda hukumat emas, yana ayollarning o’zi aybdor ko’riladi.
Jurnalist bilan o’zaro suhbatda aksariyat erkaklar ham ayollarning Turkiyaga ishga kelmasligini tavsiya etishadi, ammo buning sabablari haqida ochiq gapirishga botinishmaydi.
O’zbekistondagi ishsizlik yaqin yillarda hal etilishi qiyin bo'lgan masala. Qolaversa, mamlakatda ayollar mahkum ijtimoiy sharoit Turkiyadan ko’ra ancha og’irroq, o’zbeklar ish qidirayotgan davlatlar jo'g’rofiyasi esa tobora kengayib bormoqda.
Millionlab fuqarosini mehnat muhojiriga aylantirgan hukumat turli xo’rlik, zo’rlik ortidagi mehnat evaziga vataniga pul jo’natayotgan muhojirlar tashvishi, huquqlari bilan shug’ullanuvchi biror aniq idora tashkil etishga hamon iroda topmadi.
Facebook Forum