5-noyabr kuni oqshom Oq uydan murojaat qilar ekan, Prezident Donald Tramp qonuniy va noqonuniy ovozlar haqida gapirdi. Aynan qaysi ovozlar noqonuniy ekanini tushuntirmadi.
"Qonuniy ovozlarga asoslansak, men yutdim. Lekin noqonuniy ovozlarni ularga qo'shib, meni mag'lub qilishmoqchi", - deydi prezident.
Ommaviy so'rovlarda Tramp mamlakat bo'ylab demokrat raqibi Jo Baydendan orqada edi. Lekin saylov buni aks ettirmadi, deydi AQSh rahbari.
"Poygada siz ancha orqadasiz deyishgan. Saylovda esa men ancha oldinda ekanimni ko'rdingiz. Qator yirik shtatlarda salmoqli farq bilan g'alaba qozondim", - deydi Tramp.
Pensilvaniya, Jorjiya, Arizona va Nevada singari katta shtatlarda ovozlar hamon sanalmoqda.
Buni ham ko'ring Saylovdan keyingi AmerikaPrezident Tramp hisobni to'xtatishga chaqirgan, vaholanki, ayrimlarida u oldinda ketmoqda.
Tramp kampaniyasi Bayden yutgan shtatlarda saylov tizimidan shikoyat qilib, xususan Michigan va Viskonsinda tegishli sudlarga arz qilishga bel bog'lagan.
"Demokratlarning korrupsion apparatlari xolis ishlamayapti va menga qarshi harakat olib borishmoqda", - deydi prezident.
"Detroyt va Filadelfiya eng korrupsiyalashgan hududlar. U yerdagi hisobga ishonmaymiz".
Har ikki shahar qora tanli aholisi bilan tanilgan va prezidentning bu gaplari "irqchilik" deya talqin qilinmoqda.
Trampning tanqidlariga javoban saylov rasmiylari deydiki, demokratik jarayon avjida va prezident ham boshqalar singari kutishga majbur.
Mutasaddilarga ko'ra, ovozlar hamon sanalmoqda, fuqaro kimni tanlagani birma-bir aniqlanmoqda.
Prezident saylov tizimiga aralasha olmaydi va hech kimga bu borada buyruq bera olmaydi.
Amerikada 240 millionga yaqin odam ovoz berish huquqiga ega bo'lsa, shulardan 160 millionga yaqini bu yil saylovda qatnashgan. Uchdan ikki qismi pochta orqali yoki erta ovoz bergan. Amerikaliklar o'tgan bir asr davomida hech bir saylovda bu qadar katta sonda ishtirok etmagan.
Buni ham ko'ring Amerikaliklar ikki voqelikda yashamoqdami?"Ko'p narsa sudga beriladi. Ko'p ishlar ochiladi. Men sizga oldindan aytib kelaman, pochta orqali berilgan ovozlarga ishonch yo'q va mana muammolar oydinlashmoqda", - deydi Tramp.
Saylov uchun mas'ul organlar esa prezident iddaolarini inkor etadi. Asossiz ayblovlar, deydi ular.
Pochta orqali ovoz berish yoki biror sabab bilan saylov kuni emas, ertaroq ovoz berish - qonuniy huquqlar. Bunday tarzda berilgan ovoz har tomonlama qonuniy.
"Ovozlar berildi, ularni sanab, hisobini qilamiz va xalqqa axborot beramiz," - deya bildiradi Pensilvaniya shtati saylov idorasi.
Prezident qayerda yutqazayotgan bo'lsa, o'sha yerni g'irromlikda ayblashi mardona ish emas, deydi tanqidchilar.
Pandemiya sabab qariyb 70 million amerikalik pochta orqali ovoz bergan va konvertlar saylov uchastkalariga hamon yog'ilib kelmoqda. Ularni sanash vaqt va mehnat talab qiladi.
Pochta orqali ovoz berganlarning aksariyati demokratlar yoki ularning tarafdorlari ekan, deydi betaraf tahlilchilar, prezident ularga jon-jahdi bilan qarshi chiqayotgani alamzadalik xolos.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan ekspertlar ayni damda e'tibordan chetda qolayotgan omilni eslatadi: pandemiya sabab, koronavirus bois millionlab amerikaliklar uydan turib va erta ovoz berdi. Ularning ovozini hisobga olmang, deya undash noto'g'ri va hatto prezident ham bunday vakolatiga ega emas.
Buni ham ko'ring Tramp va Bayden orasidagi so'nggi debat qanday kechdi?Demokratlar deydiki, Tramp mag'lubiyatni his qilayotgani uchun ham tizimni qoralamoqda. Sistema ishlayotgani hozirgacha qilingan hisob-kitobdan ayon: raqobat keskin.
Tramp qayta saylanmaganini tushuna boshlayotgani uchun ham hammani ayblashga tushgan, deya izohlaydi Bayden kampaniyasi.
Prezidentdan ikki soatcha oldin so'zlagan demokrat nomzod xalqni sabr qilishga chaqirib, ovozlar sanalayotgan shtatlarga qanoat bilan yondashish kerak, dedi.
"Biz g'alaba qilishimizga ishonamiz", - deydi u, "lekin tizim o'z ishini qilsin, natija e'lon qilinsin. Biz ham shunga qarab ish tutamiz", - deydi u.
Bayden xalqni birdamlikka, tinchlik saqlashga undadi, chunki ovozlar sanalayotgan shtatlarda va Bayden yutgan hududlarda Tramp tarafdorlari namoyishlar boshlab, ayrim hollarda saylov ishchilariga tahdidlar kuzatilgan. Natijada xavfsizlik choralari oshirilgan.
Buni ham ko'ring Bayden va Tramp: tashqi siyosatdagi farqlarTramp uni quvvatlayotganlarga minnatdorchilik bildirib, ulardan ilhom va kuch olayotganini aytdi.
Prezident namoyishchilarning zo'ravonligini qoralamadi. Amerika ommaviy axborot vositalari mana shunga urg'u berib, prezidentni o'z manfaati uchun jamoatchilik hayotini va xotirjamligini raxna ostiga qo'yayotganlikda tanqid qilmoqda.
Ko'plab respublikachilar ham prezidentdan bu borada norozi. Ular qayd etishicha, har qanday shikoyat ovozlar sanab bo'lingach qilinishi kerak.
Har bir shtat saylov jarayoni haqida o'z tartib-qoidasiga ega ekan, ular ham o'zlarini himoya qilib chiqmoqda.