Prezident saylovlaridan bir kun o'tib, Donald Tramp Pensilvaniya, Michigan, Viskonsin va Jorjiya shtatlarida berilgan ovozlarni tekshirishni talab qilmoqda. Trampning yuristlari bu shtatlardagi natijani savolga tutib, chora ko'rishga shay.
Ovoz berish va sarhisob jarayoni har ikki nomzod kampaniyasi vakillari tomonidan kuzatilgan. Tramp tarafga ko'ra, ayrim joylarda kamchiliklar bo'lgan.
Tramp kampaniyasiga ko'ra, Pensilvaniya shtatida pochta orqali ovoz berish adolatli va to'g'ri yo'lga qo'yilmagan. Zarur bo'lsa, bu masala Oliy sudga olib chiqiladi, deydi prezidentning maslahatchilari.
Tramp, shuningdek, Viskonsinda qayta sanashni talab qilmoqda.
Prezident yutqazgan taqdirda mag'lubiyatni osonlikcha tan olmasligi mumkinligini anchadan beri aytib kelayotgan edi. U pochta orqali ovoz berilishiga boshidan qarshi bo'lgan.
Bayden kampaniyasi har qanday sinovlarga tayyor ekanini bildirib, Amerika demokratik tizimi g'alaba qozonadi, deya qayd etmoqda.
Bayden fikricha, barcha shtatlardagi jamiki ovozlar birma-bir sanalishi, natija tahlil qilinib, haqiqat xalqqa yetkazilishi lozim. Jamoatchilik sabr qilishi zarur, deydi u.
"Hech kim bizning demokratiyamizga zarar yetkaza olmaydi, hozir ham va hech qachon", - deydi demokrat nomzod.
Bayden saylovdan keyin ikki bor omma oldida so'zlagan bo'lsa, har bir nutqida saylovda g'alaba qozonishiga ishonch bildirdi, ammo har qanday e'lon ovozlar sarhisobidan keyin bo'ladi, deydi u.
Qariyb 240 millionlik elektoratning 70 foizga yaqini saylovga chiqqan. Ommaviy so'rovlarda aytilishicha, Oq uyda kelasi to'rt yilda kim o'tirishi borasidagi fikrini bildirish amerikaliklar uchun bu jarayonda qatnashishning eng muhim sababi bo'lgan.
Facebook Forum