Shtatlar birin-ketin natijani e’lon qilmoqda. 3-noyabr saylov kunigacha 102 milliondan oshiq amerikalik Oq uyni keyingi to’rt yilda kim egallashi bo’yicha o’z tanlovini qilib bo’ldi.
Dastlabki natijalarga ko’ra, respublikachilar nomzodi Donald Tramp Oklaxoma, Arkanzas, Mississippi, Alabama, Janubiy Karolina, Tennessi, Kentukki, G’arbiy Virjiniya, Nebraska, Vayoming, Shimoliy va Janubiy Dakotada ovozlarni qo’lga kiritdi.
Demokratlar nomzodi Jo Bayden esa Nyu-York, Vermont, Konnektikut, Massachusets, Nyu-Jersi, Delaver, Merilend, Konnektikut, Roud-Aylend, Virjiniya, Illinoys va Nyu-Meksiko shtatlarida g’olib.
Saylov yakuni haqida jonli efir Facebook va YouTube sahifamizda.
Saylov natijasini hal qiluvchi olti “o’zgaruvchan” shtat diqqat markazida – Arizona, Florida, Michigan, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Viskonsin. Saylov kollegiyasi tizimida nomzod g’alabasi uchun zarur 270 ovozning 101 tasi ana shu shtatlarga to’g’ri keladi.
Delaver shtatida so’zlagan Bayden saylov natijasi qanday bo’lishi haqida so’ralganda, “g’alabadan umidvormiz” dedi xolos. Prezident Tramp Shimoliy Karolina va Florida kabi shtatlarni qo’lga kiritishiga ishonch bildirmoqda.
“Chiroyli oqshom bo’lishini kutyapmiz. Lekin siyosat va saylovda bilib bo’lmaydi. G’alaba qilish oson, yutqazish qiyin”, - dedi prezident.
Poyganing so’nggi kunlarida Tramp qator shtatlarda yig’inlar o’tkazib, AQSh COVID-19 pandemiyasidan chiqib olayotganini da’vo qildi. Mamlakatda virusdan o’lganlar 240 mingga yaqinlashayotgan bo’lsa-da, davlat rahbari demokrat gubernatorlarni qattiq cheklovlar joriy etgani uchun tanqid qildi.
Erta chora ko’rganimiz sababli minglab odamning hayotini asrab qoldik, o’zim ham bu kasallikdan tuzaldim, deydi Tramp.
Bayden esa saylangan taqdirda olim va shifokorlar maslahatiga quloq tutishga, mahalliy rahbarlar bilan maslahatlashgan holda niqob taqishni majburiy qilib belgilashga va’da bermoqda.
“Virusni yengish Donald Trampni yengishdan boshlanadi”, - deydi demokrat.
Facebook Forum