Qirgʻizistonda konstitutsiyaning yangi matni 17-noyabr kuni Jogorku Kenesh saytida eʼlon qilinib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Loyihada prezidentning vakolatlari kengaytirilib, davlat boshqaruviga Xalq qurultoyi degan yangi institut kiritilgan. Shuningdek, parlament deputatlarining soni 120 nafardan 90 nafarga qisqartirilgan. Hukumatni boshqarish prezidentga va uning apparatiga yuklangan.
Loyiha qabul qilinsa, 2021-yilning 10-yanvarida muddatdan avvalgi prezidentlik saylovi bilan birga konstitutsiya referendumi oʻtishi ham rejalashtirilmoqda.
Huquq himoyachilari va ayrim siyosatchilar fikriga koʻra, yangi loyihada prezident va parlamentga tegishli boʻlimlar jiddiy oʻzgartirilib, prezidentning kuchi ortadi va bu loyiha qabul qilinsa, avtoritar hukumat yuzaga kelishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarning aksar foydalanuvchilari ham muhokamaga qoʻyilgan yangi konstitutsiyani hokimiyatni “bir qoʻlga toʻplash” sifatida baholab, «Xanstitutsiya» deya atay boshladi.
Siyosatchi va sobiq bosh vazir Feliks Qulov ham konstitutsiyaning yangi taklif qilinayotgan tahriri asosan prezident instituti va Xalq qurultoyini yaratib, prezidentga mutlaq hokimiyatni berish bilangina cheklanishini va bunday Bosh qonun hokimiyatni uzurpatsiya qilishga olib borishini aytgan.
Sobiq deputat, prezidentlikka nomzod Sadiq Sher-Niyaz esa yangi loyiha Qirgʻizistonni 20-30 yilga ortga tortadi deb hisoblaydi. U bu haqda oʻzining ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan video murojaatida aytgan.
“Chunki unda prezidentning diktaturasi, hokimiyatda bir-biriga toʻsqinlik qiluvchi strukturalar yozilibdi. Masalan, Jogorku Keneshni xalq saylasa, uning ustidan nimaga Xalq Qurultoyi degan bir idora nazorat qilishi kerak? Agarda unga Jogorku Kenesh hisobot beradigan boʻlsa, hisoboti yoqmay qolsa nima boʻladi? Qonun chiqaruvchi idoraning ustidan yana bir nazoratni oʻrnatish totalitarizm bilan diktaturaning yoʻli boʻlib qoladi. Bu prezident barcha boshqaruvni oʻz qoʻliga oladi degani. Bu loyiha Turkmanistonning konstitutsiyasidan ham oʻtib tushdi", - degan Sadik Sher Niyaz videomurojaatida.
Deputat Dastan Bekeshev Feysbuk sahifasida yangi konstitutsiya qabul qilingan holda mamlakat avtoritarizmga qaytishi mumkinligini va mazkur konstitutsiya loyihasini qochqin prezident Qurmanbek Bakiyevga yaqin boʻlgan yuristlar tayyorlagani haqida yozgan.
“Ammo yengilmaslik kerak. Aks holda, biz mamlakat qatori oʻrta asrga qaytib qolamiz”, — deb yozadi Bekeshev.
Bekeshev yuristlarga, bilim odamlariga hamda faollarga mamlakatning bosh qonuniga oʻzgartirish kiritishga qarshi turish uchun birlashishni tavsiya qilmoqda.
Qirgʻizistonda faoliyat olib borayotgan «Kloop» axborot agentligi asoschilaridan biri Bektur Iskender ham oʻz saytida taklif qilinayotgan konstitutsiyaning yangi varianti Qirgʻiziston xalqi oʻn yillardan beri kurashib kelayotgan qadriyatlarga qarshi keladi deb yozgan.
Shuningdek, u «5-oktabrda mitingchilar Bishkekning markaziga adolatsiz parlament sayloviga qarshi chiqqanda ular konstitutsiyani oʻzgartirishni talab qilmagan. Xalq birinchi navbatda saylov chegarasini va saylov garovini kamaytirgan holda amaldagi konstitutsiya boʻyicha qayta saylov oʻtkazishni talab qilgan», deydi va konstitutsiyani saqlash uchun norozilik yurishiga chaqiradi.
“Boshidan boshla” harakatining faollari ham qirgʻizistonliklarni 22-noyabrda oʻtishi rejalashtirilayotgan konstitutsiya tuzatishlariga qarshi tinchlik marshi o’tkazishga chaqirmoqda.
Mazkur harakatning faollari yangi konstitutsiyaning loyihasi boshqaruv shaklini oʻzgartirish, matbuot erkinligini cheklash hamda ksenofobiyani yoyishni taklif qiluvchi loyiha deb hisoblashi haqida maʼlum qildi.
Prezident matbuot xizmatining yetakchisi Nurgazi Anarkulov esa konstitutsiyaning yangi loyihasi hozircha bir namuna ekanini, muhokamalarda aytilgan fikrlar inobatga olingan holda qayta ishlab chiqilishini maʼlum qilgan.
Uning fikricha, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun javobgarlikni birgina shaxs, yaʼni davlat rahbari oʻz boʻyniga olishi kerak.
“Avval bu masʼuliyatni hech kim oʻziga olmay, tartibsizlik hukm surgan. Bunday holatdan charchagan xalq oʻzgarishni talab qilmoqda. Avval qarorlar boshqa yerda qabul qilinganiga qaramay, ogʻir vaziyat yuzaga kelsa “toʻqmoq” oʻsha qarorlarni amalga oshirgan bosh vazirgagina borib tegar edi. Shu sababdan davlat boshqaruvini oʻzgartirish ehtiyoji paydo boʻldi”, - degan matbuot xizmati rahbari oʻz bayonotida.
Prezidentlikmi yoki parlament boshqaruvi?
«Qirgʻizistonda qanday boshqaruv shaklini tanlash masalasi 5-sentabrda boshlangan norozilik namoyishlari ortidan avval bosh vazir va keyinroq prezidentning vazifasini bajaruvchi boʻlgan Sadir Japarovning parlament deputatlari qoshidagi ilk nutqidan soʻng dolzarb boʻlib qoldi»- deydi siyosatshunos Aybek Sidiqov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Uning fikricha, Qirgʻizistondagi muammolar boshqaruv shakli bilan koʻp ham bogʻliq emas. Shu bilan birga, garchi amaldagi konstitutsiyada maʼlum bir kamchiliklar boʻlishiga qaramay, bu boshqaruv shaklini oʻzgartirishga bahona emas va bu bilan muammoni hal qilib ham boʻlmaydi.
“Shubhasiz, Japarovning islohotlari nafaqat saylov tizimiga taʼsir qiladi, balki davlat boshqaruv shakli ham oʻzgaradi. Avvalo, mamlakat prezidentlik shaklidan parlament-prezident shakli foydasiga voz kechganini tushunish kerak, chunki ikkala sobiq prezidentlar (Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyev) barcha hokimiyat tizimlarini oʻz qoʻllarida toʻplashgan edi. 2010-yilgi konstitutsiya kuchli parlamentni yaratish orqali boʻlajak prezidentlarning hokimiyatini cheklashi kerak edi. Biroq, tarix koʻrsatganidek, parlament tizimi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Prezident apparati “telefon qonuni”ni toʻliq tatbiq eta boshladi - qonunga koʻra, Joʻgorku Kenesh prezidentga boʻysunmaydi, amalda esa deputatlarning koʻpchiligi oʻzlarining mutlaqo irodasiz va prinsipsizligini koʻrsatdi. Boshqaruvning prezidentlik shakliga oʻtishi bizning siyosiy tizimimizdagi faollikni qonuniylashtiradi xolos, yaʼni prezident va uning apparati deputatlarga endi zimdan bosim oʻtkazib oʻtirmaydi. Agar (yoki aniqrogʻi, qachon) mamlakat prezidentlik boshqaruviga oʻtsa, katta oʻzgarishlar boʻlmaydi: prezident baribir asosiy siyosiy figura boʻlib qoladi, faqat endi rasman. Bu yaxshi yoki yomonligi hali aniq emas, lekin bu orqaga qadam deb oʻylayman. Axir avvallari JKda prezidentga sodiq deputatlar boʻlgan. Hozirgi vaziyatda deputatlikka nomzodlarga prezidentning “duosini” olish kerak emas endi, chunki hozirda prezident yoʻq va kim davlat rahbari boʻlishi ham toʻliq aniq emas. Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, hukumatga yaqin siyosiy partiyalar ishtirokisiz tezroq takroriy parlament saylovlarini oʻtkazish afzal edi. Shundan keyin konstitutsiyaviy islohot amalga oshirilsa boʻlar edi”, - deydi Sidiqov.
Yana bir siyosatshunos Erlan Kamalov mustaqil Qirgʻiziston bosib oʻtgan yoʻlning tarixi mamlakat uchun parlament boshqaruvi toʻgʻri kelishini koʻrsatadi, deb hisoblaydi.
“Aksincha, biz imkon qadar prezident vakolatlarini cheklashimiz kerak. Prezidentning huquqlarini qonun meʼyorlari asosida cheklab, parlament boshqaruvida yoʻl oladigan boʻlsak, prezident ayrim Gʻarb davlatlarida boʻlganidek millatning bir ramzi qatorigina boʻlishi kerak deb oʻylayman. Asosan, ijro hokimiyati, iqtisodga javobgarlik bosh vazirga berilishi kerak. Ehtimol, prezidentlik xizmatining oʻzini ham tarqatish kerak boʻlar. Chunki koʻp holatda prezident va parlamentning koʻplab vazifalari bir-birini takrorlashi kuzatilmoqda”, - deydi Erlan Kamalov.
Qirgʻizistonda 2010-yili “Aprel” inqilobidan soʻng mamlakatda parlament boshqaruviga oʻtish maqsadida umumxalq referendumi oʻtkazilgan va buning ortidan prezidentlik boshqaruvdan voz kechilgan edi.
Oʻsha vaqtda ikki inqilob sabab prezidentlikni tashlab, mamlakatdan qochib chiqishga majbur boʻlgan sobiq prezidentlar Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyev parlament boshqaruvi Qirgʻiziston uchun samarali boʻlmaydi,degan fikrini bildirgan edi.
Qirgʻizistonda muddatdan avvalgi prezidentlik saylovi umumxalq referendumi bilan bir kunda 2021-yilning 10-yanvarida bo’ladi.
15-noyabrda prezidentlikka nomzodlarning arizalarini qabul qilish muddati tugadi. Markaziy saylov komissiyasi Qirgʻiziston prezidenti boʻlish istagini bildirgan 63 kishining roʻyxatini eʼlon qildi.
Prezidentlik uchun saylovda qatnashishni istaganlarning sakkiz nafari ayollar.
Mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi va bosh vazir sifatida ishlayotgan Sadir Japarov ham prezidentlik sayloviga qatnashish uchun 14-noyabrda davlat rahbari vazifalaridan voz kechib, bosh vazirning vakolat huquqlarini toʻxtatdi.
Prezidentning vakolatlari Jogorku Keneshning spikeri Talant Mamitovga oʻtkazildi.