O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya bu hafta Vashingtonda yuqori darajali muloqotlar ketidan Davlat departamentida Amerika rasmiylari bilan yillik maslahatlashuv o'tkazdi. AQSh tomondan Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Din Tompson bu yig'inga yetakchilik qilgan.
Yillik maslahatlashuv bundan buyon strategik sheriklik dialogi. Siyosiy, xavfsizlik va iqtisodiy yo'nalishlarda hamda inson manfaatlariga bag'ishlangan muntazam muloqot endilikda shunday nomlanadi. Strategik sheriklik dialogining birinchisi kelasi yil Toshkentda o'tadi.
Yil boshida Davlat kotibi Mayk Pompeo Toshkentga safar qilgan edi. Yil oxirida esa O'zbekiston bosh diplomati Vashingtonga keldi.
Kecha Komilov Pentagonga tashrif buyurib, muvaqqat Mudofaa vaziri Kris Miller bilan uchrashdi. Harbiy hamkorlik joyida va kuchayishi ko'zlanmoqda, deydi ikki tomon rasmiylari.
Tramp ma'muriyati Mirziyoyev ma'muriyatini ishonchli strategik sherik deya ta'riflaydi. Bugungi majlisda ham Tompson va boshqa arboblar respublikaga nisbatan shunday jumlalar ishlatdi.
Tompsonning qayd etishicha, AQShning O'zbekistonga yordami 2016-yilgidan 10 barovar oshib, o'tgan yili qariyb 100 million dollarga yetgan.
Toshkent va Vashington siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish; ta'limiy va ilmiy, madaniy, shuningdek, sog'liqni saqlash hamda xavfsizlik sohasida yanayam yaqindan ishlashga kelishib olgan.
Strategik maqsad, deya eslatadi Amerika hukumati, O'zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlash.
Markaziy Osiyo tinchligi va farovonligi yo'lida ham ikki davlat hamfikr va regional tashabbuslarni birgalikda olg'a suradi, deydi rasmiylar.
Terrorizm, ekstremizm, inson savdosi va xalqaro jinoiy tizimlarga qarshi kurash masalalalari ko'rib chiqildi.
AQSh chegara osha jinoyat va korrupsiyaga qarshi hamda qonun ustuvorligini ta'minlash borasida 9 million dollardan oshiq mablag' ajratmoqda.
Afg'onistonda tinchlikka erishish yuzasidan hamkorlik mustahkam; ikki tomonlama va Afg'oniston bilan birga, shuningdek, mintaqaviy doirasida yakdillik bilan harakat qilinadi, deya ta'kidlaydi diplomatlar.
Buni ham ko'ring O'zbekiston, AQSh vazirlari Pentagonda muloqot qildi"C5+1", Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSh ishtirokidagi dialogdan muddao - mintaqaviy birdamlik tomon dadilroq qadam tashlab, Afg'onistonni ham integratsion jarayonlarga qo'shgan holda rishtalarni kuchaytirish. Amerika hukumatiga ko'ra, bu formatdagi muloqot o'tgan yillarda davlatlarni yaqinlashtirgan va uzoq muddatni ko'zlaydi.
AQSh O'zbekistonda iqtisodiy islohotlar jadallashadi, mamlakat erkinlashadi va kun sayin ochilib boradi, degan umidda. Oshkoralik va adolat - iqtisodiy taraqqiyot kaliti, degan chaqiriqlar bugungi yig'inda ham yangradi.
Inson huquqlari targ'iboti, majburiy mehnatga qarshi kurashni davom ettirish, diniy erkinlikni ta'minlash kabi yo'nalishlarda ham jadalroq qadam tashlashi zarurligi xususida gaplashildi.
O'zbekiston 2021-2023 yillarda BMT Inson huquqlari kengashiga a'zo bo'lishi kutilayotgan ekan, bu davrda mamlakat adolat va qonun ustuvorligi borasida namuna bo'lib, hukumat o'z xalqi va xalqaro hamjamiyat ishonchini oqlashi kerak bo'ladi. Amerika rasmiylari Toshkentdan kelgan delegatsiyaga bu borada ham tavsiyalar berdi.
Buni ham ko'ring O'zbekiston-AQSh: Inson huquqlari va qonun ustuvorligi muhokamadaFuqaro jamiyati va erkin matbuotsiz uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlash va real taraqqiyotga erishish mumkin emas, degan bayonotlar qilindi. O'zaro aoqalarda ham bu omillar muhim ekani eslatildi.
Davlatlar koronavirus pandemiyasini yengish va tibbiy muammolarni bartaraf etishda ham yaqindan hamkorlik qiladi va hozirgacha shakllangan qo'shma loyihalar kengaytiriladi.
O'zbekiston rasmiylari mamlakatda xususiylashtirishning yangi bosqichi boshlandi der ekan, Amerika tomon global me'yorlar, milliy va xalqaro qonunlarni eslatdi. Jarayon shaffof kechishi uchun harakat qiling, deya maslahat berildi.
Savdo va biznes aloqalarni kuchaytirish, O'zbekistonga sarmoya oqimi oshishi uchun birga ishlash xususida ham gaplashildi. Toshkentda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Amerika xususiy sektori bilan ishlaydigan alohida idora faoliyat yuritishi olqishlandi.
Buni ham ko'ring Bugungi O'zbekistonni senator Safoyev AQShga qanday tasvirladi?Raqamli texnologiyaga asoslangan iqtisod, kiber-xavfsizlik, xotin-qizlarning barcha jabhalarda rolini ko'tarish - yillik maslahatlashuvda bular ham aloda muhokama qilindi.
Energetika, tibbiyot, ekologiya, kommunikatsya, turizm va tijorat va umuman O'zbekistonda islohotlarni quvvatlash va respublikaga Jahon savdo tashkilotiga kirishda yordamlashish - bu yo'nalishlar ham birma-bir ko'rib chiqilgan.
AQShning Toshkentdagi elchisi Daniel Rozenblum ham qatnashgan muzokaralarda ikki xalqni yaqinlashtiruvchi dasturlar ko'lamini kengaytirish xususida ham so'z ketdi. Ingliz tili ta'limi va aniq fanlar yuzasidan pedagogik hamkorlik loyihalari ishga solinadi.
AQSh O'zbekistonni ta'lim, kasb-hunar va liderlikda gender tenglikka intilishga undamoqda.