Turkiya va Saudiya aloqalarini tiklamoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an va Saudiya shahzodasi Muhammad bin Salmon. Jidda, 23-iyul, 2017.

Uzoq yillik mintaqaviy nizolar ortidan Turkiya va Saudiya munosabtlarida iliqlik kuzatilmoqda. Har ikki mamlakat liderlari o’zaro munosabatlarni mustahkamlash taraddudida. Ekspertlarga ko’ra, voqealarning bunday rivojiga iqtisodiy muammolar hamda AQShda Jo Bayden prezidentligining boshlanish arafasida ekani turtki bo’lgan.

“Prezident Rajab Toyyib Erdog’an va Saudiya Arabistoni Qiroli Salmon bin Abdulaziz o’zaro munosabatlarni mustahkamlash va muammolarni hal etish maqsadida dialog kanallarini ochiq saqlashga kelishib oldi”, deyiladi ikki liderning noyabr oyidagi telefon muloqotiga doir Anqara bayonotida.

Ana shu muloqot ortidan Islom hamkorligi tashkilotining Niger Respublikasida o’tgan uchrashuvida Turkiya va Saudiya tashqi ishlar vazirlari ham iliq bayonotlar bilan chiqdi.

“Turkiya va Saudiya o’rtasidagi mustahkam rishtalardan nafaqat bizning davlatlarimiz, balki mintaqadagi barcha mamlakatlar ham birday manfaatdor”, deb yozdi Turkiya bosh diplomati Mevlut Chavushog’lu “Twitter”da.

Mintaqada yetakchilik uchun intilar ekan, Erdog’an va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon manfaatlari ko’p bor to’qnash kelgan. Tomonlar ashaddiy raqibga aylangan edi.

“Saudiya, xususan, Muhammad bin Salmon arab dunyosining lideriga aylanish uchun kurashib keladi. Donald Tramp AQShning yaqin ittifoqchisi bo’lgan Saudiyaga hech qanday shartlarsiz erkin harakatlanish imkoniyatini yaratib berdi. Mazkur mintaqa va arab dunyosida yetakchilik uchun da’vogarlik qilar ekan, Turkiyaning yo’lida Saudiya hamisha g’ov bo’lib kelgan”, - deydi xalqaro munosabatlar bo’yicha ekspert professor Huseyin Bag’chi.

Tahlilchilar nazdida, ikki tomonning raqobati Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi nizolarning kuchayishiga olib kelgan. Biroq Baydenning Tramp ustidan g’alabasi har ikki tomonni munosabatlarni qayta ko’rib chiqishga undamoqda.

“AQShda hokimiyatga Bayden kelayotgani Saudiya-Turkiya munosabatlarining ilishi uchun sabab bo’lgan muhim faktorlardan. Saudiya Bayden ma’muriyatidan yangicha siyosat yuritilishiga tayyor turishi kerak. Har ikki mamlakat o’zaro nizolardan naf chiqmasligini anglab yetgan”, - deydi Turkiyaning Qatardagi sobiq elchisi Mithat Rende.

Tahlilchilar Anqara va Riyod o’rtasida ilib borayotgan aloqalarni iqtisodiy omillar bilan ham bog’laydi. Xususan, professor Bag’chiga ko’ra, Turkiyada ayni damda iqtisodiy inqiroz kuzatilmoqda. Saudiya esa hamisha muhim iqtisodiy hamkor bo’lgan. Mamlakatga muhim sarmoya kiritgan. Shuning uchun ham Anqara ayrim masalalarga ko’zini yummoqda.

Ba’zi manbalarga ko’ra, Riyod Turkiya mahsulotlariga norasmiy embargo joriy etgan. Turkiya Eksportyorlar assambleyasining ma’lum qilishicha, Saudiyaga eksport hajmi 16 foizga tushib qolgan.

Tahlilchilarga ko’ra, ana shunday qaltis vaziyatdan kelib chiqib, Anqara Turkiyada jurnalist Jamol Qoshiqchining o’ldirilishiga doir e’tirozlarini ham bir chetga surib qo’ymoqda.