Lekin afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida muzokaralar davom etar ekan, ayollarning xavotiri oshmoqda, kelajak mavhum. Sababi, o’tgan asrning 90-yillarida, Tolibon hukmronligi davrida ayollar tashqariga yolg’iz chiqolmasdi, ta’lim olishga haqqi yo’q edi. Boshdan oyoq paranji kiyish majburiy edi.
2001-yil 11-sentabr voqealari ketidan AQSh boshchiligidagi koalitsiya Tolibonni hokimiyatdan ag’dargandan so’ng, bu borada vaziyat bir oz yaxshilandi.
“Bomiyonda vaziyat bir oz yaxshi, bundan xursandman. Avvallari bunday emas edi”, - deydi velosport bilan shug’ullanuvchi Sohiba Oriyon.
Lekin joriy yilning sentabr oyida afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida muzokaralar boshlanishi bilan AQSh harbiy qo’shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini ma’lum qildi.
Afg’onlar fikricha, muzokaralar Tolibon foydasiga hal bo’ladi. Bu esa oddiy xalqni tashvishga solmoqda. Ayniqsa, ayollarni.
“Shaxsan men tashvishdaman. Yoshligimdan ta’lim olish, sport, oila borasida nisbatan erkin bo’lganman. Tolibon qaytsa, ayollar velosiped hayday olmaydi, hozirning o’zida bu borada to’siqlar bor. To’g’ri, ular ayollarning ta’lim olishiga ruxsat berdi, lekin ma’lum shartlar asosida”, - deydi yana bir velosipedchi Zaynab Haydariy.
Bu yerda yosh ayollarning aksariyati Tolibondan keyingi davrda ulg’aygan. Ular boshqa hududlarga nisbatan ancha tinch bo’lgan muhitga o’rgangan. Bomiyon zo’ravonliklardan toliqqan aholi uchun ham boshpana vazifasini o’taydi. Tolibonning yana siyosiy sahnaga qaytishi esa bu yutuqlarni yo’qqa chiqarishi mumkin.