Afg’oniston tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichi 5-yanvar kuni boshlanadi. Hukumat va Tolibon kun tartibidagi mavzular bo’yicha bahslashishi kutilmoqda.
Afg’oniston Qonunchilik palatasi a’zosi Shafiqa Saxo “Amerika Ovozi” bilan suhbatda muzokaralarning ikkinchi davri samara berishidan umidvor ekanini aytadi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Tolibon guruhi zo’ravonliklarni kamaytirib, 40 yildan beri davom etayotgan urushga nuqta qo’yish uchun hissa qo’shishi kerak”,- deydi deputat.
Saxo xonim toliblarning sulhga nisbatan irodasiga ishonmaydi.
“Poytaxt Kobul va boshqa viloyatlarda jang shiddat bilan davom etmoqda. Har kuni oddiy odamlar halok bo’lmoqda. Shunga asosan aytish mumkinku, toliblarda jiddiy iroda mavjud emas”,- deydi Afg’oniston qonunchilik majlisining a’zosi Shafiqa Saxo.
Suhbatdosh tinchlik ta’minlanishi uchun mamlakatda siyosiy hamfikrlik vujudga kelishi zarur ekanini ta’kidlaydi.
Urushdan hech kimga foyda yo’q. Faqat o’limlar, jarohatlanganlar, nogironlar soni ortmoqda, jamoatchilikka xizmat ko’rsatuvchi inshoot va binolar vayron bo’lmoqda, ta’lim sohasi, iqtisodiyotga zarar yetmoqda, deydi deputat.
Afg’oniston ichki masalalariga xorijiy davlatlar aralashyotganini aytar ekan, afg’on sulhi borasidagi xalqaro ziddiyatlarni yumshatish hukumat vazifasi ekaniga urg’u beradi.
Qonunchi Juzjon va Faryob viloyatlariga bo’lgan safarida turli qatlam vakillari bilan uchrashar ekan, ishsizlik, adolatsizlik, xavfsizlik odamlarni qiynayotgan asosiy muammolardan ekanini aytadi. Odamlarning hukumatdan uzoqlashishiga ham shunday omillar sabab bo’lmoqda.
Afg’onistonda so’nggi 20 yilda so’z erkinligi, demokratiya va inson huquqlar borasida erishilgan yuqutlar xavf ostida ekan, Afg’oniston vakillar palatasi a’zosi Shafiqa Saxo hukumatning muzokarachi delegatsiyasidan mazkur yutuqlar uchun kurashishini so’ramoqda.