Afg'oniston yoshlari Tolibon ta'sirining kuchayishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston yoshlari qahvaxonada, Kobul, Afg'oniston, 2018-yil, 22-iyun

Bir paytlar Tolibon rejimi markazi bo'lgan Afg'oniston janubidagi Qandahor shahri asta-sekin gavjum kafelar, erkak va ayollar birga o’qiydigan universitetlar, hattoki ayollar sport zali kabi ko’ngilochar maskanlarga boy shaharga aylanib bormoqda.

Har kuni kechqurun yosh yigitlar Arena klubiga yig’iladi. 700 ming kishilik shahardagi bu zamonaviy kafeda ular bilyard o’ynaydi, futbol tomosha qiladi yoki kalyan chekadi. 1996-yil toliblar Afg'onistonni boshqargan paytda bunday manzarani tasavvur qilib bo’lmas edi.

"Biz buni qurganimizda Qandahorda bunday joy yo’q edi va hali hanuz butun janubda bunday maskan yo'q", - deydi “Arena” egasi 30 yoshli Nazir Ahmad.

Kobuldagi hukumat Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini olib borar ekan, yoshlar katta mashaqqatlar evaziga qo’lga kiritilgan erkinliklar yana boy berilishidan xavotirda.

2001-yil 11-sentabr xurujlari ortidan Afg’onistondagi Tolibon hukumati AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya tomonidan ag'darildi. Ungacha toliblar mamlakatda musiqa va filmlardan tortib, varrak uchirishgacha bo'lgan barcha o'yin-kulgilarni taqiqlovchi qonunlarni joriy qilgan edi.

Shahar maydonlarida ommaviy qamchilash va qatl etish manzaralari hanuz aholi xotirasidan o’chgani yo’q, ammo Qandahor juda katta o'zgarishlarni boshdan kechirdi.

Endi ayollarni tez-tez mototsikllarda uchratish mumkin; oilaviy pikniklar ham ko’zga tashlanadi. Shaharning bir qancha joylarida quyosh botganda chiroqlar bilan yoritiladigan favvoralar paydo bo’lgan. Ko'chalarda sotuvchilar tun kirguncha xo’randalarga issiq taomlar ulashadi.

Ushbu taraqqiyotga qaramay, toliblar hanuz mamlakatda ta’sirchan kuchga ega. Ular o’tgan yil fevralda Vashington bilan tinchlik bitimiga erishdi. Kelishuvga ko’ra, xaqlaro kuchlar shu yil may oyigacha Afg’onistonni tark etishi kerak. Ayni paytda isyonchilar qishloq joylarida afg'on kuchlariga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirmoqda.

"Qanday tinchlik?"

AQSh boshchiligidagi kuchlar 19 yil davomida mag'lub eta olmayotgan isyonchilar guruhining ta’siri tinchlik muzokaralari ortidan yanada kuchayishi kutilyapti.

Guruh Afg'oniston janubida mamlakatning yarmidan ko'pini o’z ichiga oluvchi katta hududlarni nazorat qiladi.

Qandahor shahri hukumat kuchlari nazorati ostida, ammo Tolibon bu yerga juda yaqin.

"Umid qilamanki, Tolibon o'zgargan va bu klub ochiq qolishiga imkon beradi", - deydi Ahmad.

Shaharning yuqori darajadagi Ayno Maina mahallasida yana bir zamonaviy qahvaxona – “Delight Café” qad rostlagan.

Kafe ayol mijozlarning kirishiga ham ruxsat beradi. Bu shaharda kamdan-kam uchraydigan holat.

"Agar ular bizning kafemizni yopib qo'ysa, qanday tinchlik bo'ladi?" - deb so'raydi qahvaxona egasi Muhammad Yosin.

"Agar toliblar ayol mijozlarni qabul qilmasligimizni aytsa, biz bunga rioya qilmaymiz", - deya qo'shimcha qiladi u.

Tolibon Afg'onistonni boshqargan paytda qizlarning maktabda o’qishini taqiqlangan va zinoda ayblangan ayollar sport stadionlarida toshbo'ron qilingan.

Ammo toliblar hokimiyatdan ag'darilganidan beri ayollar shaharlarda sezilarli yutuqlarga erishdi. Ular ommaviy axborot vositalari, siyosat va hatto xavfsizlik kuchlarida katta lavozimlarni egalladi.

Tolibon o'zgarganmi?

Ayollar tinchlik muzokaralari mamlakatga juda zarur bo'lgan xavfsizlikni olib kelishini umid qilsalar-da, Qandahorda ayollar qiyin erishilgan erkinliklarning bir qismini yo'qotishdan qo'rqishadi.

"Qizlar uchun bitta maktab bor edi, hozirda bizda 15 ta maktab bor", - deydi 36 yoshli Maryam Durrani.

Durrani ayollar uchun bir nechta tashabbuslarni, jumladan, ta'lim markazi, radiostansiya va ayollar sport zalini ochgan.

"Tolibon qaytsa, ayollarga yana cheklovlar qo'yilishi ehtimoli bor", - deydi u.

Ammo ba'zilar ehtiyotkorlik bilan umidvor ekanini aytadi. Masalan, Durrani tomonidan ochilgan va "Chegara bilmas muxbirlar" matbuot erkinligi guruhining sovrinini qo’lga kiritgan "Merman Radio" radiostansiyasida ishlaydigan Shukriya Ali shundaylardan biri.

"Balki toliblar o'zgargan bo'lishi mumkin", - deydi u.

Toliblar hukmronlik qilgan paytda tikuvchilikdan voz kechishga majbur bo'lgan uning onasi Feruza hali ham o'sha mash’um yillar haqida kam gapiradi.

"Agar bugun ko’chaga burqasiz chiqsam, bu muammo emas", - deydi u. - Ammo oldin [Tolibon hukmronlik qilgan paytda] shunday qilsam, meni qamoqqa tashlashgan bo'lar edi".