“Srivijaya Air” havo kompaniyasining halokatga uchragan samolyotiga tegishli “qora quti” topildi. Shanba kuni Indoneziyaning Jakarta shahridan havoga ko’tarilgan “Boeing 737’ samolyoti ko’p o’tmay Yava dengiziga qulab tushgan edi. Samolyot bortida 62 odam bo’lgan.
G’avvoslar parvoz ma’lumotlari saqlanadigan qutini suv ostidan olib chiqqan. Rasmiylarning aytishicha, moslama dengiz tubida, halokatga uchragan samolyot parchalari ostidan topilgan.
“Kechki soat 4:40 da dengiz floti xodimlari parvoz ma’lumotlarini yozib oluvchi moslama topilganini xabar qilishdi”, - dedi Indoneziya Milliy qurolli kuchlari qo’mondoni Hadi Tjajanto.
Qutqaruv ishlariga kamida 160 g’avvos jalb etilgan.
Yana 3600 qutqaruvchi, 13 vertolyot, 54 ta katta va 20 ta kichik kema samolyot qulagan hududga safarbar etilgan. Halokat yuz bergan dengiz hududidagi 23 metr chuqurlikdan samolyot parchalari va odam jasadi qoldiqlari ham topilgan.
Hozirgacha odam jasadlari solingan 74 ta qop tekshirish uchun politsiya ekspertlariga topshirilgan.
Armiya qo’mondoni Tjajantoning aytishicha, tez orada ikkinchi “qora quti” ham topiladi. Moslama tarqatayotgan radio to’lqinlar allaqachon aniqlangan.
“Qutqaruv amaliyoti hali tugamaydi, chunki biz barcha qurbonlarni va samolyot qoldiqlarini olib chiqishimiz kerak, toki aviatsiya xavfsizligi komissiyasi batafsil tekshiruv olib borish imkoniyatiga ega bo’lsin”, - dedi harbiy qo’mondon.
Parvoz ma’lumotlari yozilgan moslamalar samolyotning qulashiga nima sabab bo’lganini o’rganishga yordam beradi. O’sha kuni Jakartada ob-havo yomon bo’lib, qattiq yomg’ir yog’ishi kuzatilgan.
Your browser doesn’t support HTML5