Donald Tramp tarafdorlarining Kapitoliy binosiga bosqini ortidan Oq uy rahbari tartibsizliklar uchun asosiy mas’ul shaxs sifatida ko’rilmoqda. Ekspertlar bunday vaziyatda prezident o’z-o’ziga afv e’lon qilishi mumkinmi degan savol atrofida bahslashmoqda.
Poytaxt Vashingtonda fojiali yakun topgan bosqin oqibatida Tramp AQSh tarixida ikki marta impichment e’lon qilingan yagona prezidentga aylandi. Demokratlar Trampning hukumatga qarshi g’alayon qo’zg’ashdagi rolini aniqlash uchun federal tergov boshlashga chaqirmoqda.
Shundan kelib chiqib, Tramp prezidentlik vakolatidan foydalangan holda o’ziga afv e’lon qiladimi, bunga uning yuridik haqqi bormi, afv e’lon qilgan taqdirda uning oqibatlari qanday bo’ladi qabilidagi savollar qizg’in muhokamaga ko’chgan.
Tramp bu masala bilan ilgari ham yuzlashgan edi. Uch yil avval 2016-yilgi saylov kampaniyasining Rossiya bilan aloqalariga doir tergov ishi boshlanganida prezident o’ziga afv e’lon qilishga “mutlaq haqli” ekanini aytgan edi.
Biroq ekspertlar o’z-o’ziga afv e’lon qilish prezident manfaatlariga muvofiq emasligini bildirgan. Trampning maslahatchilari uni bunday qarordan qaytargani aytilmoqda. Afv e’lon qilish aybga iqrorlikni anglatadi, degan ular.
Qolaversa, Jo Bayden prezidentligi davrida Adliya vazirligi afv e’lon qilinishini savol ostiga qo’yib, Trampga ayblov e’lon qilishi ham ehtimoldan xoli emas.
AQSh Konstitutsiyasida bu masalaga konkret oydinlik kiritilmagan. Uning ikkinchi moddasida keltirilishicha, prezident “impichment ishidan boshqa holatlarda AQSh hukumatiga qarshi amalga oshirilgan jinoyatda ayblangan shaxslar ishini kechiktirishi yoki bekor qilishi, ayblanuvchiga afv e’lon qilishi mumkin”. O’ta umumlashgan mazmundagi bu modda turli guruhlar tomonidan turlicha talqin qilinadi.
“AQSh tarixida biror prezident o’ziga afv e’lon qilmagan. Bu borada biror amaliy tajriba yo’q. Prezident Nikson shunday qilishga uringan, biroq bu fikrdan voz kechgan edi”, - deydi “Prezidentning afv etish vakolati” nomli kitob muallifi, professor Jeffri Krauch.
Ayrim guruhlar talqiniga ko’ra, Konstitutsiya prezidentga federal jinoyatlarni afv etish vakolatini taqdim etgan. Shunday ekan, uning o’zi shunday jinoyatni amalga oshirgan taqdirda, afv e’lon qilishga qonuniy haqqi bor.
Biroq bunday fikrni yoqlamaydigan tomon ko’pchilikni tashkil etadi. Ular nazdida, afv bir kishi tomonidan boshqa kishiga nisbatan qo’llaniladigan holat. Bu jarayonda kamida ikki tomon ishtirok etishi kerak. Prezident o’z-o’zini afv etish vakolatiga ega emas.
Adliya vazirligi mazkur mavzuni 1974-yilda muhokama qilgan. Prezident o’z-o’zini afv etishga haqli emas degan xulosaga kelingan. “Bu hech kim o’z ishining sudyasi bo’la olmaydi degan fundamental qoidaga zid” deb topilgan.
Adliya vazirligining ana shu protokoli idora tamoyiliga aylangan.
Biroq, ekspertlarga ko’ra, prezident afv e’lon qilish imkoniyatidan foydalanishi va ayblovdan to’liq soqit bo’lishga urinishi mumkin.
Biroq buning oqibatlari yaxshi bo’lmaydi, deydi ayrim mutaxassislar. Kelgusida rahbarlar jinoyatni qo’rqmay amalga oshirishi va afv e’lon qilish bilan qutulib ketishi mumkin, deydi ular.