Xalqaro hamjamiyat: Navalniy zudlik bilan ozod qilinsin

  • Amerika Ovozi

Aleksey Navalniy himoyasi uchun o'tkazilgan norozilik namoyishi, Moskva, Rossiya, 2021-yil, 18-yanvar

G’arb yetakchilari Rossiyadan muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo’yib yuborishni talab qilmoqda. Navalniy yakshanba kuni Germaniyadan qaytganda Moskva aeroportida hibsga olingan edi.

Qo’lga olinganidan ko’p o’tmay, Moskva politsiya idorasida g’ayrioddiy sud tinglovi o’tkazilgan va Navalniyni sudgacha 30 kun hibsda ushlab turish haqida hukm chiqarilgan.

Prokurorlar uch yarim yillik shartli jazoni to’liq qamoq rejimiga o’tkazishni so’ramoqda. Navalniyga ko’ra, ayblov siyosiy motivga ega bo’lib, tarafdorlarini namoyish o’tkazishga chaqirdi.

“Jim turmang, qarshilik qiling, ko’chalarga chiqing. Bizni o’zimizdan boshqa hech kim himoya qilmaydi. Biz ko’pchilikmiz. Agar nimagadir erishmoqchi bo’lsak, uni uddalaymiz”, - dedi Navalniy.

O’tgan yili Sibirda zaharlanishi ortidan Germaniyaga olib ketilgan Navalniy bir necha oy xorijda davolandi.

Kreml muxolifat yetakchisining zaharlanganini inkor etadi. Berlin ham Navalniyning ozod etilishini talab qildi.

“Rossiya mutasaddilari kimyoviy qurol bilan o’ldirilishiga oz qolgan jabrdiydani hibsga olishdi, jinoyatni sodir etgan odamni emas. Germaniya hukumati Rossiya hukumatini, avvalo, Navalniyni zudlik bilan ozod etishga, ikkinchidan, Rossiya tuprog’ida kimyoviy qurol orqali yuz bergan hujumni to’liq tekshirishga chaqiradi”, - dedi Germaniya hukumati so’zlovchisi Steffen Seybert.

Boshqa Yevropa yetakchilari ham bu da’vatga qo’shildi. BMTning inson huquqlari idorasi Navalniyning hibsga olinganidan chuqur xavotirda ekanini bildirdi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va yangi saylangan prezident Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo’yicha bo’lajak maslahatchisi muxolifatchini ozod qilishga chaqirdi.

Prezident Vladimir Putin “Kelajak Rossiyasi” partiyasi yetakchisi bo’lgan 44 yoshli Navalniyni o’ziga xavf sifatida ko’radi, deydi tahlilchi Ben Nobl.

“2021-yilgi Duma saylovlari yaqinlashar ekan, Navalniy nafaqat Kreml uchun yaqqol muxolif sifatida ko’riladi, balki uning korrupsiyaga qarshi qarashlari, Rossiyaning iqtisodiy elitasi va davlat rasmiylarining korrupsiyaga botgani haqida “YouTube”da dalillar bilan chiqargan videolari Kreml uchun boshog’riq bo’ladi. Yovuzlik qurboni sifatida Navalniy maqomining kuchayishi Kreml uchun tahdid”, - deydi u.

G’arb davlatlari Rossiyaga nisbatan yangi jazo choralarini qo’llashi mumkin. Yevropa Ittifoqi o’tgan oy inson huquqlarini toptashda ayblangan shaxslarni jazolashga qaratilgan “Magnitskiy qonuni”ni qabul qilish harakatiga qo’shildi. Qonunni olg’a surishda faol qatnashayotgan Bil Brauderga ko’ra, amaliy harakat qilish vaqti keldi.

“Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari, AQSh, Kanada va Britaniyani qo’shsangiz, jami 31 mamlakat bo’ladi. Buning Rossiyaga, sanksiyaga uchragan odamlarga ta’siri ulkan. Navalniy va uning jamoasi samolyotga o’tirishdan oldin kimlarni sanksiya ro’yxatiga kiritish haqida o’z takliflarini bergan”, - deydi huquq faoli Brauder.

Noblga ko’ra, Putin bunda katta xavf ko’rmayapti.

“Kremlning mantig’i shuki, ular qisqa muddatli shov-shuvlarga chiday oladi. Navalniyni qamoqqa tashlash orqali uning omma bilan gaplashish imkoniyatini cheklashmoqchi”, - deydi ekspert.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko’ra, tanqidlar asossiz.

“G’arb siyosatchilari bu voqeani liberal taraqqiyot modeli yuz tutgan eng chuqur inqirozdan ommani chalg’itish vositasi sifatida ko’rmoqda”, - deydi u.

Tahlilchilarning aytishicha, Rossiya tutayotgan yo’l G’arb bilan ziddiyatlarni kuchaytiradi. Jo Bayden ma’muriyati davrida AQSh bilan aloqalar yanada sovuqlashishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-yanvar, 2021-yil