Kremlning ashaddiy tanqidchisi sifatida tanilgan Aleksey Navalniy shu hafta Rossiyaga qaytayotgani haqida ma’lum qildi. Rossiyada unga qarshi yangi tergov boshlangani va qaytishi bilan hibsga olinishi ehtimoli mavjudligiga qaramay, u shunday qarorga kelgan.
Avgust oyida zaharlanganidan beri Germaniyada o’z sog’ligini tiklayotgan Navalniy avvalroq uni o’ldirishga urinish ortida Kreml turganini e’lon qilgan edi. Taniqli muxolifatchining aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uning mamlakatga qaytishini to’xtatish uchun yangi ayblovlar o’ylab topmoqda.
Rossiya muxolifat yetakchisining zaharlanishiga hech qanday aloqasi yo’qligini aytib keladi.
“Men uyga qaytmasligim uchun Putin har qanday chora ko’rilinishi talab qilyapti”, - dedi Navalniy Jazoni ijro etish federal xizmati tomonidan qamoq jazosini tiklash haqida yaqinda ochilgan yangi ishga ishora qilib.
U yakshanba kuni Germaniyadan Rossiyaga uchib borishini aytdi.
O’tgan yili dekabr oxirida Jazoni ijro etish federal xizmati 2014-yil pul yuvish va mol-mulkni o’zlashtirish bo’yicha Navalniyga qarshi qo’llanilgan, lekin ijrosi bekor qilingan jazo bo’yicha yangi ish ochishni so’rab sudga murojaat qildi. Agar o’z vaqtida tergovga kelmasa, Navalniy qamoqqa olinishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Navalniynig aytishicha, bekor qilingan qamoq muddati 30-dekabrda tugagan.
Yana uning qo’shimcha qilishicha, Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudi 2014-yilgi ayblov asossiz bo’lgani haqida hukm chiqargan.
Navalniy 20-avgust kuni Sibirdan Moskvaga qaytish oldidan samolyotda komaga tushib qolgan edi. Oradan ikki kun o’tib, davolash uchun Sibirdagi kasalxonadan Germaniyaga olib ketildi.
Germaniya, Fransiya va Shvetsiya laboratoriyalari, xususan, Kimyoviy qiurollarni taqiqlash bo’yicha tashkilot xulosasiga ko’ra, Navalniy sovetlar davrida ishlab chiqarilgan “Novichok” moddasi bilan zaharlangan.
Rossiya rasmiylarining da’vo qilishicha, Navalniyni Sibirda davolagan shifokorlar hech qanday zaharlanish alomatlarini topmagan. Shuningdek, yetarli dalillar mavjud bo’lmagani bois rossiyaliklar zaharlanish holati bo’yicha jinoiy ish ochishni rad etgan.
O’tgan oy Navalniy uni zaharlash amaliyoti ortida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari turganini e’lon qilib, bu ishda qatnashgan xodimlarning nomlarini va ular bilan o’tkazilgan telefon qo’ng’iroqlari yozishmalarini ommaga oshkor qilgan edi.
Federal Xavfsizlik xizmati bu yozishmalarning soxta ekanini aytmoqda.
Facebook Forum