Rossiya hukumati jurnalistlarni “xorij agentlari” sifatida tamg’alashda davom etar ekan, AQSh senatorlari prezident Jo Baydenga murojaat bilan chiqmoqda.
Demokratlar va respublikachilardan iborat bir guruh senatorlar prezident Baydenga murojaatida Rossiya hukumati “Svoboda” radiosiga nisbatan tazyiqlarni keskinlashtirganidan, jurnalistlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi xavfi oshayotganidan xavotir bildirgan.
Rossiya qonunchiligidagi so’nggi o’zgarishlarga ko’ra, xorij davlatidan moliyalanayotgan va shunga muvofiq hukumat tomonidan xorij agenti tamg’asiga loyiq ko’rilgan nashr yoki jurnalist o’z mahsulotiga yoki maqolasiga “xorij agenti tomonidan tayyorlangan” degan eslatma qo’yishi shart.
Tamg’a ostiga olingan mamlakatdagi nashrlar yoki jurnalistlar bu shartlarni bajarishni istamaydi. Hukumat esa ularga katta miqdordagi jarimalar bilan tahdid solmoqda.
Rossiya hukumati AQSh tomonidan moliyalanuvchi “Svoboda” (Ozodlik) radiosiga birinchilardan bo’lib xorij agenti “maqomini” berdi. Tahririyatning e’lon qilinayotgan materiallariga “xorij agenti tomonidan tayyorlangan” tamg’asini qo’yishdan bosh tortishi ortidan katta miqdordagi jarimaga tortildi.
Rossiyada ishlayotgan jurnalistlarga ko’ra, gap faqat moddiy masalada, jarimada emas. Rossiya va MDH hududlarida shakllangan qarashlardan kelib chiqilsa, “xorij agenti” atamasi yuridik tasnifdan tashqari “xiyonatchi”, “sotqin” ma’nosini anglatuvchi haqoratni ifodalaydi.
Umid Bobomatov “Ozodlik” radiosining Moskvadagi muxbiri sifatida ishlab keladi. “Xorij agentlari” to’g’risidagi qonun kuchga kirishi ortidan jurnalistlarga nisbatan ko’rsatilgan tahdidlar bilan yaxshi tanish.
“Bu Rossiyadagi jurnalistlar uchun jiddiy haqoratli tamg’a. Ayniqsa, jamoatchilikda xorij agenti haqidagi ibora qanday ma’no kasb etishi, qanday qabul qilinishini inobatga olsak. Ayrim paytlarda o’zaro muloqotda ham xorij radiosi jurnalisti ekanligingning o’zi munosabat o’zgarishiga sabab bo’ladi. Bundan tashqari, hukumat kremlparastlar uchun qulay bir dastak ham yaratib berdi. Har qanday tanqidni “xorij agenti” tamg’asi bilan oqlashga harakat boshlandi. Qolaversa, Prezident Valdimir Putinning o’zi ham hukumatga nisbatan tanqidiy chiqishlar “xorij agentlari” bo’lgan matbuot yoki jurnalistlar tomonidan uyushtirilayotganini aytib keladi. Bular nafaqat jurnalistik faoliyat yuritish uchun jiddiy to’siq, shuningdek, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilayotgan jurnalistlarga nisbatan noxolis taassurotlar shakllantirishga ham qaratilgan”, - deydi Umid Bobomatov.
Rossiyada xorij agentlariga doir qonunchilik, aniqrog’i, bu qonun qo’llanilishi mumkin bo’lgan doira tobora kengayib borayotgani ham kuzatiladi. Avvaliga “xorij agentlari” qonuni faqat yuridik tashkilotlarni nazarda tutgan bo’lsa, keyinchalik qabul qilingan o’zgarishlar natijasida, xorijdan yordam olib faoliyat ko’rsatayotgan jismoniy shaxslarni ham “xorij agentlari” safiga qo’shish mumkin bo’ldi.
Umid Bobomatovga ko’ra, “xorij agenti” sifatida tamg’alanayotgan jismoniy shaxslarning aksariyati jurnalistlar, huquq himoyachilari, muxoliflar, prezident Putinning ashaddiy tanqidchilaridan iborat.
“Rossiya hukumati o’z tanqidchilarini shunday tamg’a bosish bilan jamoatchilikdan ajratib ko’rsatmoqchi. Bu urush davrida fashistlar tomonidan qo’llanilgan, millati yahudiy bo’lganlar ko’kragida nishon taqib yurishga majbur etilgan tajribaga o’xshaydi. Jurnalistlar ham bunday tamg’alanishni haqorat sifatida qabul qiladi. Rossiya hukumatining so’z erkinligiga doir siyosati tobora qatag’onlar davriga qarab ketmoqda”, - deydi Bobomatov.
So’nggi xabarlarga ko’ra, rossiyalik bir guruh huquq himoyachilari mamlakatda qabul qilingan “repressiv” qonunlar ustidan Yevropa Kengashiga murojaat qilgan.
Repressiyalarni kuchaytiruvchi, so’z erkinligini bo’g’uvchi hujjatlar qatorida prezident Putin tomonidan imzolangan “xorij agentlari” to’g’risidagi, namoyish va mitinglar o’tkazish tartibiga doir qonunlar ham bor.
Rossiyadagi bir qator nodavlat tashkilotlar tomonidan Yevropa Kengashiga kiritilgan bu shikoyat prezident Putin siyosatiga qarshi o’tgan yirik namoyishlar ortidan kuzatilmoqda.
23-yanvar kuni Rossiyada hibsdagi muxolifatchi Aleksey Navalniyni ozod etish, korrupsiyani to’xtatish talabi bilan o’tgan namoyishlarda 100 ming atrofida odam qatnashdi. Uch mingdan oshiq kishi hibsga olindi. Ularning ayrimlariga nisbatan turli ayblovlar bilan jinoyat ishlari qo’zg’atilayotgani xabar qilinmoqda.
Ta’kidlash lozim, Rossiyada korrupsiyaga, xususan, davlat rahbari darajasidagi korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashi bilan tanilgan Aleksey Navalniy, uning yetakchiligidagi korrupsiyaga qarshi kurash jamg’armasi ham “xorij agenti” deb belgilangan.