AQSh vositachiligida erishilgan tinchlik bitimi ortidan, Isroil meva, sabzavot, zaytun moyi kabi mahsulotlarni Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qilishni boshladi. Isroilning ba’zi kompaniyalari Falastinga qarashli deb bilinadigan G’arbiy Sohil hududida joylashgan.
Yahudiylar posyolkasi yetakchisi Isroil Ganz G’arbiy Sohil tepaliklariga ko’z tikmoqda. Bu yerlarni u Tavrotda kelgan Iudeya va Samariya nomlari bilan ataydi. Ming yillardan beri bu yerda vino yetishtirilgan, deydi Ganz.
“Bu yerda tatib ko’rishingiz mumkin bo’lgan yagona meva bu uzum. Iudeya va Samariya juda chuqur o’tmishga ega. Yerni, tarix ildizlarini his qilishingiz mumkin. Tarix, an’ana, tuproq va muqaddas yer dunyodagi eng zo’r sharobni yaratadi”, - deydi u.
Falastinning Ramalloh shahridan bir necha kilometr narida joylashgan “Psagot” yahudiylar posyolkasi vinochilari tez orada o’z mahsulotini Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qilishni boshlaydi.
Yakov Berg arablar bilan tuzilgan tinchlik sulhidan mamnun. Ibrohim har ikki xalqning umumiy otasi bo’lgan, deydi u.
“Hammamiz bir mahallada yashaymiz. Qo’shnim uyimga kelsa, unga beradigan birinchi narsam sharob bo’ladi. Yahudiylar an’anasida Ibrohim hamma uchun ochiq, har bir mehmonga peshvoz chiqadigan chodir ramzini ifodalaydi”, - deydi Berg.
Psagot vinolari Yevropaga eksport qilinganda, Yevropa Ittifoqi unga “Ga’rbiy sohilda ishlab chiqarilgan” yorlig’ini yopishtirgan. Arab amirliklari esa “Isroilda ishlab chiqarilgan” yozuvi bilan qabul qilmoqda. Bundan falastinliklar g’azabda.
“Birlashgan Arab Amirliklari AQShga xush yoqish uchun Isroilning o’ng qanot ma’muriyati bilan hamma narsa qilishga tayyor. Aloqalarni normallashtirish orqali allaqachon birinchi qadamni tashlashdi. Shu bilan ular AQShning mintaqadagi asosiy ittifoqdoshi Isroilni qo’llab-quvvatlashga hozir-u nozir ekanliklarini amerikaliklarga namoyish qilmoqchi”, - deydi falastinlik tadbirkor Sam Bahur.
Sentabrda erishilgan kelishuvdan beri 150 ming isroillik amirliklarga tashrif buyurdi. Yuzlab million dollarlik savdo kelishuvlari imzolandi.
“Birlashgan Arab Amirlikari bilan tuzilgan bu aloqalardan ko’ryapmizki, biznes hamma joyda biznes. Agar Isroilda yaxshi mahsulot va u uchun qayerdadir qiziqish bor ekan, bozorini bersin”, - deydi Isroil Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Eliav Benyamin.
Isroil, ayniqsa, G’arbiy Sohildan kelgan mahsulotlar arab bozorlarida xaridorgir. Birlashgan Arab Amirliklari va Isroilni bir-biriga bog’lovchi yo’l qurish haqida takliflar ham bor.
Isroilliklar fikricha, yahudiy mollarini boykot qilish harakati mavjudligiga qaramay, o’zaro savdo kengayishda davom etadi.
Your browser doesn’t support HTML5