Xitoy pandemiya davrida global ta'sirini yoyishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

Askar Xitoy bayrog'iga hurmat bajo keltirmoqda, Gonkong, 2019-yil, 30-iyun.

Xitoy Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarini koronavirusga qarshi vaksina bilan ta’minlashga va’da bermoqda. Pekin bu haqda mintaqaning 17 mamlakati bilan shu oy boshida o’tgan sammitda ma’lum qildi. Ekspertlar fikricha, pandemiya paytida Xitoy global ta’sirini yanada oshirishga urinmoqda.

“Yevropa va Shimoliy Amerikaning eng kuchli davlatlari vaksina zaxiralarini g’amlab olyapti. Xitoy o’z mahsulotini agressiv tarzda targ’ib qilib, undan diplomatik vosita sifatida ham foydalanmoqda”, - deydi tadqiqotchi Stiven Morrison.

Xitoy o’z vaksinalarini ezgu niyat bilan tarqatayotganini aytadi, ammo mintaqani G’arbdagi ittifoqchilaridan uzoqlashtirish maqsadi ham yo’q emas, deydi ekspert Valbona Zeneli.

“Janubiy, Markaziy va Sharqiy Yevropada Yevropa Ittifoqidan qoniqmaslik, vaksina va boshqa shu kabi inqirozlarni ittifoq yaxshi boshqara olmagani yuzasidan norozilik hissi har doim bor”, - deydi u.

2012-yildan beri Xitoy Markaziy va Sharqiy Yevropaga turli infratuzilma lohiyalari uchun to’g’ridan to’g’ri investitsiya va qarz berib keladi. Oradan o’n yil o’tdi, ammo bu loyihalar yetarli darajada ish o’rni yoki mahaliy bizneslar uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratmadi. Ishchi huquqlari va atrof-muhit himoyasini hisobga olmaydigan Xitoy biznes amaliyotidan norozilar soni ortib bormoqda.

“Ko’p holatlarda bu qarzlarni hukumatlar qaytarishi kerak. Xitoy kompaniyalari amalga oshirayotgan loyihalar bo’yicha tuzilgan shartnomalar shaffof emas. Aksariyat hollarda xitoyliklar va Xitoy xom-ashyosi ishlatiladi”, - deydi Zeneli.

O’zaro savdoda ham muvozanat mavjud emas. Asosiy foydani Xitoy kompaniyalari ko’rayotgani, mahalliy bizneslar eksportida sezilarli o’sish yo’qligi aytiladi.

Xitoy import masalasida AQShga qaramlikni kamaytirishga urinar ekan, endi bu o’zgarishi mumkin, deydi Stiven Morrison.

“Ular bog’liqlikni kamaytirib, AQShning o’rnini boshqalar bilan almashtirmoqchi. Sharqiy va Markaziy Yevropadan Xitoyga eksportni oshirish masalasida endi jiddiy muloqot bo’lishi mumkin”, - deydi Morrison.

Ekspertga ko’ra, Xitoy sinov muddati tugamasdan vaksinani katta miqdorda ishlab chiqarishni boshlab ulkan tavakkalga qo’l urdi. Agar sinov muvaffaqiyatli yakun topmasa, badali og’ir bo’lishi mumkin.

“Bu vaksinalarga nisbatan jamoatchilik ishonchini barbod qiladi. Hammamizni orqaga qaytaradi. Ommaviy immunitetga erishish uchun dunyo olg’a yurishi kerak. Aholining 75-80 foizini xavfsiz va samarali vaksina bilan emlash lozim”, - deydi Morrison.

Xitoy o’z ta’sirini yoyishga urinar ekan, ekspertlar G’arb davlatlarini faolroq bo’lishga undamoqda. Ularga ko’ra, Pekin Markaziy va Sharqiy Yevropadagi zaiflikdan o’z manfaati yo’lida foydalanmasligi uchun G’arbiy Yervropa bu mamlakatlarga yordam qo’lini cho’zishi kerak.

“Eng muhim narsa bir xil qoidalarni joriy etish, global iqtisodiyotning shaffof maydonini yaratish”, - deydi Zeneli.

Global yetakchilikni da’vo qilayotgan Xitoy esa, deydi kuzatuvchilar, xalqaro maydondagi qoidalariga rioya qilib, mas’uliyatli o’yinchi ekanini isbotlashi lozim.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 17-fevral, 2021-yil