Armaniston siyosiy bo'hron bilan yuzlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Armanistonda hukumatga qarshilar ham, hukumat tarafdorlari ham namoyish o'tkazmoqda.

Armaniston poytaxti Yerevanda hukumatga qarshi va Bosh vazir Nikol Pashinyanni qo’llab-quvvatlovchi namoyishlar bo’lib o’tyapti. Pashinyan noyabrda Tog’li Qorabog’ bo’yicha Ozarbayjon bilan tinchlik sulhini imzolagandan beri keskin tanqid va bosimlar ostida qolgan.

“Gumanitar inqiroz holatidamiz, chunki minglab qochqinlar va o’z uyidan ajraganlar bor. Siyosiy inqirozni ham boshdan kechiryapmiz, chunki hamma partiyalar - ham parlamentdagi, ham undan tashqaridagi partiyalar hukumatning iste’fosini talab qilyapti”, - dedi Liberallar partiyasi vakili Edmon Marukyan.

Ko’chalarda Bosh vazir Nikol Pashinyanni iste’foga chiqarish talablari yangramoqda. Tahlilchilar fikricha, harbiylar namoyishchilarni ochiqchasiga qo’llashi ortidan mamlakat yanada beqarorlikka yuz tutishi mumkin.

Mamlakat ikkiga bo’lingan. Bosh vazir tarafdorlari ham namoyishlar o’tkazmoqda. Ularga ko’ra, harbiylarning siyosatga aralashishi demokratiya qadriyatlariga zid.

“Arman xalqi yaxshi tushunadi, ya’ni har qanday aralashish yoki konstitutsiyaga zid yo’l mamlakatga yaxshilik olib kelmaydi. Agar saylovlarga ergashsak, muammolarimizni o’zimiz hal qila olamiz”, - deydi hukumat tarafdorlaridan biri Sos Avetsiyan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 3-mart, 2021-yil

Ba’zilarga ko’ra, ko’chalardagi ziddiyat va norozilik ortida Rossiya turibdi.

“Biz hukumatning iste’fo berishini va Rossiya bilan yangi ittifoq tuzilishini xohlaymiz. Hozirgi vaziyatdan chiqishning yagona yo’li shu. Urush paytida hech bir boshqa mamlakat bizga yordam bermadi”, - deydi rossiyaparast harakat vakili Armen Mirtoyan.

So’nggi urushda Ozarbayjonning qo’li baland kelib, Tog’Ii Qorabog’ning katta qismini o’ziga qo’shib olgach, Armanistonda 1991-yildan beri ilk bor kuzatilayotgan yirik siyosiy inqiroz yuzaga chiqdi.