AQSh-Meksika chegarasi yaqinidagi Donna shahri so’nggi paytlar ko’pchilikning e’tiboriga tushdi. Sababi – bu yerda chegarani kesib o’tgan muhojir bolalar va oilalar uchun yangi markaz ochilgan.
Joshua Roxas Donna shahrida katta bo’lgan. Yoshligida bu joylar dala edi.
“Olti metrlik avtopritsepda yashaganmiz. Juda qashshoq edik. Elektr tokimiz ham bo’lmagani esimda”, - deya xotirlaydi u.
Roxasning otasi asli meksikalik muhojir. Vaqt o’tib oilasi uchun uy qurdi. Roxas bu oilaning kollejga borgan ilk a’zosi. Hozir yaxshigina ishga va ijaraga beriladigan mol-mulkka ega. Chegarada muhojirlar markazining qurilgani biznes uchun yaxshi bo’ldi, deydi u.
“Chegara xodimlari, ishchi kontraktorlar bu yerga kelsa, menga foyda. Uyimni ijaraga olishadi. Hozirgidek holatni ilgari hech ko’rmaganman”, - deydi Roxas.
Yaqin bir shahardagi doimiy muhojirlar markazi ta’mirlanayotgani bois fevralda Donna shahrida vaqtinchalik markaz ochildi. Shundan beri shahar mamlakat bo’ylab barchaning diqqat markaziga tushdi. Bunga Lotin Amerikasidan kelayotgan muhojirlar, shuningdek, yolg’iz bolalar sonining keskin oshishi sabab bo’ldi.
Daniel Rocha pishiriqlar do’koniga ega. U tinch shaharning kutilmaganda barchaning e’tiboriga tushganini yoqtirmadi.
“Bu kichik shaharga nisbatan salbiy tasavvur uyg’ondi. Chegarani eplay olmaganimiz va bolalarga qilgan munosabatimiz tufayli. Buning uchun hozirgi yoki avvalgi prezidentni ayblamayman. Immigratsiya tizimimiz yangilanmaganining oqibati bu”, - deydi Daniel.
“Kongress aybdor. Chunki uzoq vaqt chegara muammosini hal qila olmadi”, - deydi Joshua Roxas.
Demokratlar va respublikachilar immigratsiya islohoti qanday bo’lishi lozimligi haqida kelisha olmaydi. Donnaliklarning aytishicha, shaharda hayot qanday ekanini Vashingtonda o’tirganlar tushunmaydi.
“Oliy ma’lumoti bo’lmagan yoki hukumatda ishlamaydigan odamlar yashashga qiynalyapti. Gazonlarni tekislab beradigan biznesga ega bir do’stim bor. Noqonuniy muhojirlar bu ishlarni arzonga qilib berayotgani bois, biznesi yaxshi emas”, - deydi Roxas.
Neri Kuriel ko’plab hujjatsiz muhojirlar bilan ishlagan. Ularga ham AQShdagi hayot oson emas, deydi u.
“Ularning ishi barqaror emas, ba’zan hujjati bo’lmagani bois ish beruvchilar tomonidan aldanadi, ish haqini ololmaydi. Turli sabablar bilan ular tazyiqlarga uchraydi”, - deydi Kuriel.
Uning aytishicha, Bayden ma’muriyatining rejalari hanuz mavhum.
“Ma’muriyat ba’zan muhojirlarga ochiq ekanini aytadi, ba’zan esa Amerikaga kelmanglar deb aytyapti. Avvalo, bu yerga kelganlarga birinchi navbatda e’tibor berish lozim. So’ng bu yerga kelmoqchi bo’lganlarga yordam qo’lini cho’zish kerak”, - deydi Kuriel.
Chegarani noqonuniy kesib o’tuvchilar taqdirlanmasligi kerak, deydi Daniel Rocha.
“Ularga boshpana kerak, tushunaman, lekin buning qonuniy yo’li bor. Men xotinimni Meksikadan shu yo’l bilan olib kelganman. Vaqt oladi, lekin bo’ladi”, - deydi u.
Donna rezidentlari immigratsiya bo’yicha turli qarashlarga ega. Hozircha ular vaziyatni kuzatib turishdan boshqa hech narsa qila olmaydi.