Nyu-Yorkda bir guruh o’zbekistonlik yoshlar to’planib xayriya iftori o’tkazishdi. Amerika jamiyatida shakllangan odatdan ibrat olib o’tkazilgan tadbirda o’zbekistonlik yoshlar o’zaro tanishgan, Qo’shma Shtatlarda muvaffaqiyat qozongan vatandoshlar bilan bog’langan.
Bular Qo’shma Shtatlarda voyaga yetayotgan o’zbekistonlik yoshlar. Ular o’zaro inglizcha burro so’zlashadi. Dunyoqarashlari ham Amerika jamiyatida shakllanmoqda. Shuning uchun Ramazon oyida ular uyushtirgan iftorlik ham an’anaviy emas.
“Biz Nyu-Yorkning Bruklin shahridamiz, “Uzbek diaspora” jamoasi nomidan birinchi marta o’zimizning jamoaviy yig’ilishimizni o’tkazyapmiz. Bu voqeamiz Ramazon oyiga to’g’ri kelgani uchun hammamiz birgalikda iftor arafasida chiroyli dasturxon atrofida to’planganmiz”, - deydi xorijdagi o’zbekistonlik yoshlarning “Uzbek diaspora” platformasi asoschilaridan va xayriya iftori tashkilotchilaridan biri, asli andijonlik Hasan Rayimjonov.
Xayriya iftorini “Care Kitchen” hamda “Uzbek diaspora” yoshlar tashkilotlari o’tkazdi. Har ikki tashkilotga Qo’shma Shtatlar hamda boshqa xorijiy mamlakatlarda yashaydigan o’zbekistonlik yoshlar asos solgan.
“Uzbek diaspora”ni tashkil qilishimizning asosiy sabablaridan biri, aslida u platforma sifatida boshlandi Linked In tarmog’ida. Qarasak chet eldagi o’zimizning o’zbek yoshlari soni ko’paygan; kimdir o’qiydi, kimdir ishlaydi. Ular bilan aloqa o’rnatdik. Ular bilan birlik yetishmasdi, bitta platforma yo’qligini sezdik. Shuning uchun biz ushbu platformani yaratishga qaror qildik”, - deya tushuntiradi Hasan Rayimjonov.
Axborot texnologiyalari sohasida faoliyat ko’rsatayotgan Sardor Axmedov har ikki loyiha - “Care Kitchen” hamda “Uzbek diaspora”ning hammuassislaridan biri. Yosh mutaxassislarni uchrashtirish qatori xayriya ishini uyushtirish tarixini u shunday eslaydi.
“O’rtog’im Rayhona birinchi g’oya berdi, shunda men Nyu-Yorkdan endi Mayamiga ko’chib kelgandim. Bu o’tgan yil yuz bergandi. U amerikaliklar uyushtirgan shunga o’xshash tadbirda qatnashgan. Shunda ushbu g’oya uning xayoliga kelgan. Ular esa Amerikaning ichidagilarga yordam berishayotgan ekan. Bizlar o’yladikki, biz ham shu kabi pulni yig’sak, O’zbekistonda ko’proq yordami tegadi deb o’yladik. Anchadan beri o’rtoqlarimiz ham yozishayotgandi, osh qilaylik, o’tiraylik deb. Har ikkisini birlashtirishga qaror qildik. Ham osh qilish, ham xayriya qilishga qaror qildik”, - deya tushuntiradi Sardor Axmedov.
2020-yil bahorida faoliyat boshlagan yoshlarning bu tashkilotlari a’zolari pandemiya davrida onlayn muloqotda bo’lishgan. Nyu-Yorkda ular yuzma-yuz ko’rishishga qaror qilganlar.
“Xayriya uchun boshladik bugungi yig’ilishimizni. Shuning uchun hamma bir-birini xayriya orqali uchratib, bir-biri bilan gaplashib, yangi do’stlar ortitirish, yangi aloqalar va netvorking orqali bir-biri bilan gaplashib kelajakda ham shunaqa yig’ilishlarda hamma kelishini xohlaymiz”, - deydi tashkilotchilardan yana biri Shahodat Xanbabayeva.
“Asosiy maqsadimiz bu yerda o’zbek, O’zbekistondan kelgan yoshlar bilan birgalikda o’zimizning odatlarimizni saqlagan, birligimizni saqlagan holatda hammamiz shunaqa tadbir o’tkazyapmiz. Bu yerda to’plangan yoshlar har xil sohalarda o’qiydi, ishlaydi, izlanadi va birgalikda o’z bilimlarini, Amerikadagi hayot haqidagi taasurotlarini bir-birlari bilan ulashadi. Bundan tashqari yoshi kattaroq mehmonlarimiz ham bor. Bobur [Akilxanov] aka va Farhod [Frank Muradov] akalar kelishgan; ularning yoshlari katta, tajribalari chet elda kattaroq. Shuning uchun ularning tajribalari biz kabi va bizdan kichikroq bo’lgan yoshlarga ham maslahatlari juda ham qimmatli bo’ladi”, - deydi “Uzbek diaspora” asoschilaridan biri Hasan Rayimjonov.
Xayriya iftori 20 dan ortiq mehmonni yig’di. O’zbekistonlik talaba va yosh mutaxassis Saidaziz A’zamov Qo’shma Shtatlarga bir yarim yil oldin kelgan.
“Men bu tadbir haqida LinkedIn ijtimoiy tarmog’ida berilgan e’lon orqali xabar topdim. E’lon qo’yilganiga bir necha soat bo’lgan ekan. Hech ikkilanmasdan, to’g’risini aytaman, katta mamnuniyat bilan olayn tartibda ro’yxatdan o’tdim va qatnashib turibman”, - deydi xayriya iftori qatnashchilaridan biri Saidaziz A’zamov.
Amerikadagi o’zbekistonlik yoshlarni birlashtirayotgan g’oyani IT sohasida muvaffaqiyatli biznes yuritayotgan Bobur Akilxanov dastaklagan.
“Bu juda ham zo’r g’oya, chunki yosh o’zbek diasporasi rivojlanib boryapti. Men ushbu g’oya uchun, iftorda qatnashish uchun Dallasdan maxsus uchib keldim. Bunaqa tadbirlarni qo’llab-quvvatlayman. Chunki yoshlarga motivatsiya berish kerak”, - deydi Bobur Akilxanov.
“Bu iftorlik shunchaki yig’ilib, bir-birlarimiz bilan ko’rishib ovqatlanib choy ichib ketish emas. Balki shu mamlakatda, Amerikaning turli shaharlarida, ham g’arbiy sohildan, ham sharqiy sohildan bu yerda O’zbekistondan kelgan eng yaxshi yosh mutaxassislar yig’ilgan. Bularning orasida o’ziga xos fikr almashish, tajriba almashish, “networking” deydi, kelajakdagi o’zlarining karyeralariga, o’zlarining boshlagan ishlarini yanada rivojlantirishga o’zlarini hissalarini qo’shadigan foydali, mazmunli, samarali yig’ilish bo’lib turibdi” - deya tadbir haqida o’z taassurotlari bilan bo’lishdi Qo’shma Shtatlarda bir yarim yildirki tahsil olayotgan o’zbekistonlik talaba, yosh mutaxassis Saidaziz A’zamov.
“Bu bizning o’tkazayotgan to’rtinchi marosimimiz. Undan oldingi uchtasi Mayami shahrida bo’lib o’tgan. Birinchi marta Nyu-Yorkda qilyapmiz. Maqsadga yetdik. 20 kishidan ortiq odam keldi. Hamma har xil miqdorda pul xayriya qildi. Biz yig’ilgan bu pullarni, Xudo xohlasa, O’zbekistonda ishlaydigan fond bilan hamkorlikda qariyalarga yordamga yo’naltiramiz”, - deydi Sardor Axmedov.
Bundan oldingi xayriya tadbirlari doirasida yiqqan mablag’larini bu yoshlar O’zbekistonning Olmaliq shahrida nogiron qariyalar uylarini ta’mirlash va keksalarning yashash sharoitlarini yaxshilashga yo’naltirishgan.
Nyu-Yorkda o’tgan xayriya iftorida ming dollarga yaqin mablag’ yig’ilgan. Xorijda, jumladan, Qo’shma Shtatlarda yashayotgan yoshlarning yana bir xayrli tashabbusi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bundan tashkilotchilar mamnun.