Ukraina Rossiya ishg’oli ostidagi Qrimni ozod qilish uchun Qrim platformasini tashkil etgan. Hozirgacha dunyoning bir nechta davlati, turkiy davlatlar ichidan Turkiya ham bu platformaga qo’shildi. Qrim platformasini qo’llagan davlatlarning prezidentlari ishtirokidagi sammit shu yilning avgust oyida Kiyevda o’tishi rejalashtirilgan.
Diqqatlisi shundaki, Qrim platformasiga bevosita taklif qilingan davlatlar ichida O’zbekiston ham bor. Bu taklifnoma bir muncha avval Ukraina tashqi ishlar vazirligida qabul qilingan O’zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanovga shaxsan topshirilgan.
Bu qabul haqida Ukraina matbuotida tarqatilgan ma’lumotda elchi Alisher Kurmanov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qrim platformasiga taklif qilingani uchun minnatdorchilik bildirgani aytiladi.
Qrim platformasiga taklif olish, albatta, hali Rossiyaga qarshilikni anglatmaydi, ammo bu anjuman dunyo davlatlarini, jumladan, O’zbekistonning ham Qrim maqomi bo’yicha pozitsiyasi qanday ekanligiga oydinlik kiritadi.
O’zbekistonning Qrim masalasi bo’yicha rasmiy pozitsiyasi so’nggi bor marhum prezident Islom Karimov davrida bildirilgan va bu pozitsiya Ukraina hududiy yaxlitligini qo’llab-quvvatlash, aniqroq aytganda, Qrimning Rossiya tomonidan ishg’ol qilinishiga qarshilikdan iborat edi.
Katta ehtimol bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevni Qrim platformasiga, bu borada Kiyevda kutilayotgan sammitga taklif etgan Ukrainada tomoni marhum Karimov davrida Toshkent tomonidan bildirilgan shu pozitsiyaga umid qilmoqda.
O’zbekistonda hokimiyat almashib, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi ortidan o’tgan so’nggi besh yil davomida rasmiy Toshkentning Qrim masalasidagi pozitsiyasida o’zgarish bo’lgani rasman bildirilgani yo’q.
Ukrainadagi qirim-tatar faollaridan biri jurnalist Ayder Mujdaboyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya bosimi ostidagi mintaqa davlatlaridan Qrim platformasiga qo’shilishni kutish qiyin.
“Agar ochig’ini aytadigan bo’lsak, men O’zbekistonning ham, Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarning ham Qrim platformasida qatnashishiga ishonmayman, chunki ular Putinning kayfiyatidan, Rossiyadan taqozo etishadi. Bu mamlakatlarning minglab fuqarolari Rossiyada ishlaydi, Putinning qo’lida garovda. Ozarbayjon, Armaniston ham shunga yaqin, bu mamlakatlar Rossiya agressiyasiga qarshiligini ochiq ayta olmaydi, ehtimol ovoz bermasligi, sukut qilishi mumkindir. O’zbekistonga kelsak, O’zbekiston men uchun birinchi navbatda bolalik xotiralarim bilan bog’liq, buvim, qarindoshlarim u yerda surgun paytida yashashgan. Biz O’zbekiston tufayli surgundan omon chiqdik, buning uchun o’zbek xalqidan juda minnatdormiz. Keyin qarindoshlarimiz hammasi Qrimga qaytishdi, men ham hozirgi paytda O’zbekistondagi siyosiy vaziyatni muntazam kuzatayotganim yo’q. Ammo mamlakat tashqi siyosati Rossiya bilan bog’liq qolayotgan ekan, bu juda achinarli, chunki Rossiyaga do’stlar emas, so’zsiz qaramlik kerak. Rossiya bilan yaqinlik har doim mamlakat mustaqilligi, hududiy yaxlitligiga tahdid bilan yonma yon. Buni sobiq ittifoq davlatlari, jumladan, Ukraina, Gruziya misolida ham ko’rish mumin. Hozir Qozog’iston ham shunday tahdid bilan to’qnashayotgani kuzatiladi. Qrim platformasiga kelsak, Ukraina, qirim-tatarlar ham bu platforma Rossiya agressiyasiga, Qrim bosqiniga befarq bo’lmagan dunyo davlatlari harakatini muvofiqlashtirishiga umid qilmoqda”, - deydi jurnalist Mujdaboyev.
O’zbekistonning, aniqrog’i, iqtidordagi hukumatning Qrim maqomi bo’yicha pozitsiyasi haqiqatda qanday ekanini Prezident Shavkat Mirziyoyev Qrim platformasi sammitiga taklifni qabul qilishi yoki qilmasligi ko’rsatib berishi mumkin.