AQShda 2020-yil pandemiya boshlangandan beri osiyoliklarga qarshi nafrat jinoyatlari soni keskin oshgan. Bu holatga xalqaro talabalar ham duch kelmoqda.
AQShda o’qiydigan xalqaro talabalarning aksariyati oq tanli emas. Pandemiya paytida osiyoliklarga qarshi nafrat jinoyatlari, politsiya ma’lumotiga ko’ra, 150 foizga oshgan.
Osiyoliklarga qarshi irqchilik holatlarini kuzatib boruvchi guruhning aytishicha, 2020-yil martdan beri nafratga oid olti mingdan ortiq shikoyat tushgan.
Kolumbiya universiteti talabasi Jun Baik sifatli ta’lim olishni istab, 2015-yil Janubiy Koreyadan AQShga kelgan.
“Amerikada eng yaxshi universitetlar, eng obro’li dargohlar bor. Amerikaga borish, u yerda o’qish men uchun Koreyada olishim mumkin bo’lmagan yangi imkoniyatlarni yaratadi, deb o’yladim”, - deydi u.
O’tgan yili Jun metroda ketayotganda bir ayol baqirayotganini sezib qoldi. Bunday holatlar yuz berishi aslida g’ayrioddiy emas, ammo ayol menga gapirayotgan edi, deydi u.
“E’tibor bermaslikka harakat qildim. Ammo uning ovozi kuchayib bordi. Keyinroq u menga gapirayotganini payqadim. Hech narsa demasdan, keyingi bekatda tushib qolishni ma’qul topdim”, - deydi janubiy koreyalik talaba.
Jorjiya shtatining Atlanta shahrida mart oyida yuz bergan otishmada sakkiz kishi, jumladan, olti osiyolik ayol halok bo’ldi. Qotillikda ayblangan odam irqchilikni qasd qilmaganini aytgan bo’lsa-da, voqea osiyoliklar jamiyatini larzaga soldi.
Nyu-Yorkda tahsil olayotgan Jessika yuz berayotgan bu voqealardan xavotirda ekanini aytadi.
“Nyu-Yorkda o’zimni juda xavfsiz sezardim. Ilk bor ko’chada ketayotib o’zimni nishonga olingandek his qildim. Kechqurun tashqariga chiqishdan tiyilishim, ba’zi ko’chalarga kirmasligim kerakligini bilish odamni o’ksitadi. Osiyolik ekanim bois juda ehtiyotkor bo’lishga majburman”, - deydi u.
“Amerika Ovozi” gaplashgan xalqaro talabalar AQSh universitetlarining rang-barang jamoasi orasida o’zlarini xavfsiz his qilishini aytdi. Turli madaniyatdagi odamlar orasida yashashdan faqat ijobiy xotira qoldi, deydi ular.
“Ajoyib tajriba; ayniqsa, ortga qarasam, turli madaniyatlar jamul-jam bo’lganini ko’raman. Har-xil davlatlar va madaniyatlardan do’stlar orttirdim, ularning hikoyalarini tingladim. Qarashim kengaydi. Dunyoni kashf qilish uchun berilgan bu imkoniyatdan xursandman”, - deydi Nyu-York universiteti bitiruvchisi Endi Mao.
Ammo xavotirlar ham yo’q emas.
“Oxirgi xabarlarga qarasam, nafaqat Nyu-Yorkda, balki boshqa shaharlarda ham bunday hujumlar yuz berayotgani afsuslanarli. Ba’zan o’zimni xavfsiz his qila olmayman. Ammo shu paytgacha faqat mehr-muhabbat va qo’llab-quvvatlov ko’rdim”, - deydi Mao.
O’tgan yili AQSh bo’ylab nafratga asosangan jinoyatlar soni yetti foizga qisqargan bo’lsa-da, osiyoliklarga qarshi nafrat jinoyatlari mamlakatning eng yirik 16 shahrida 150 foizga oshgan.
“Yurtingga qayt, Amerikada senga nima bor?” degan gaplarni eshitamiz. Bunday holatlar juda kam bo’ladi, jiddiy xavfsirashga asos yo’q. Lekin baribir odamga og’ir botadi”, - deydi Archit Chaudxuri ismli talaba.