Politsiya Los-Anjeles shahridagi restoranda yuz bergan hujumni yahudiylarga qarshi jinoyat sifatida o’rganmoqda. Tahlilchilar diniy va etnik asosdagi hujumlar davom etayotganidan xavotirda.
Los-Anjeles shahrida Falastin bayrog’ini ko’tarib olgan namoyishchilar ko’chada ovqatlanib o’tirgan odamlarga hujum qilib, ulardan qaysi biri yahudiy ekanini so’ragani xabar qilinmoqda.
“Bunday manzara 2-Jahon urushi davridagi natsistlar Germaniyasi ko’chalarini esga soladi. Dunyodagi barcha millat va etnik guruhlarning ikkinchi shahri bo’lgan Los-Anjelesda bu holatni ilgari hech ko’rmaganmiz va bundan keyin ham bu narsani qabul qilmaymiz”, - deydi yahudiylar peshvosi Avraam Kuper.
Kaliforniya davlat universiteti tahlilchisi fikricha, AQShda ozchilik guruhlar va ularning tarafdorlariga qarshi zo’ravonliklar tez-tez uchrab turadi.
“Bunga ba’zi voqealar sabab bo’lishi mumkin. 11-sentabr xurujidan keyin musulmonlarga qarshi nafrat jinoyatlari keskin oshgan edi. Oxirgi paytda osiyolik amerikaliklarga qarshi shunday jinoyatlar ko’paymoqda”, - deydi professor Fillis Gerstenfeld.
Koronavirus pandemiyasi boshlangandan beri Kaliforniyadan tortib Nyu-Yorkkacha osiyoliklarga qarshi jinoyatlar miqdori oshgan. Bir yil oldin ular soni 1100 ta edi.
“Hozir esa 6600 ga chiqdi”, - deydi Vitse-prezident Kamala Harris.
So’nggi yillarda hujumlar qamrovi kengaymoqda. 2017-yilda bir ekstremist musulmon ayollarni himoya qilgan uch odamni pichoqlagan edi. 2018-yilda esa Pitsburgdagi sinagogada yuz bergan otishmada 11 odam halok bo’ldi. Ayni paytda politsiya uchun ajratilayotgan mablag’ kamayib bormoqda.
“Natijada bizniki kabi jamoalar mahallalarimizda odamlar xavfsiz yurishi uchun xususiy xavfsizlik firmalariga murojaat qilishga majbur bo’lmoqda. Bu doimiy yechim emas”, - deydi Kuper.
Uning aytishicha, siyosatchilar va yetakchilar muammoga jiddiy e’tibor qaratishi lozim.
“Huquq-tartibot idoralari aralashguncha kechikkan bo’ladi. Kimdir tahqirlandi, demak, bu ijtimoiy muammo. Biz muammoning nafaqat sababiga, balki odamlar nima uchun shunday qilganiga ham qarashimiz kerak”, - deydi professor Gerstenfeld.
Shuningdek, o’zaro tafovutlarga qaramay, odamlar bir-birini hurmat qilgan holda yashashni o’rganishi kerak.