AQSh o’z kuchlarini Afg’onistondan olib chiqar ekan, uzoq yillik urush domiga botgan mamlakat yana parokandalikka tushmasligi uchun zarur choralar ko’rish ustida o’ylanmoqda. Bu ishda qo’shni mamlakatlar, ayniqsa, Pokiston yordami kerak bo’lishi mumkin.
Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasida muloqot davom etishi, agar zarurat tug’ilsa, yangi harbiy amaliyotlar o’tkazish uchun Vashington va Islomobod hamkorligi muhim, deydi kuzatuvchilar.
Ammo so’nggi yillarda AQSh-Pokiston aloqalari sovuqlashgani bois jarayon bu safar silliq kechmasligi mumkin.
AQShning Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan yakshanba kuni Jenevada pokistonlik hamkasbi Muid Yusuf bilan ilk uchrashuvini o’tkazdi.
“Har ikki tomon o’zaro manfaatli bo’lgan bir qator hududiy va global mavzularda fikr almashdi. Muloqotni davom ettirishga tomonlar kelishib oldi”, - deyiladi uchrashuv yuzasidan Oq uy e’lon qilgan bayonotda.
Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham Pokiston Armiya shtabi rahbari general Qamar Javed Bajva bilan telefon orqali gaplashgan.
“Mudofaa vazirining ertalab o’tkazgan muloqoti juda foydali bo’ldi. U Afg’oniston tinchlik muzokaralarida ko’rsatayotgan yordami uchun Pokistonga minnatdorlik bildirdi va AQSh-Pokiston o’zaro aloqalarini kengaytirishdan umidvor ekanini aytdi”, - dedi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.
O’zaro ishonchsizlik tarixi
2011-yil may oyida AQSh Pokistonni ogohlantirmasdan maxsus amaliyot orqali “Al-Qoida” yetakchisi Usoma bin Ladenni o’ldirishi ortidan Vashington-Islomobod aloqalari taranglashgan edi.
O’sha paytda Pokiston o’z hududida bir tomonlama harbiy amaliyotlar o’tkazmaslik haqida AQShni ogohlantirgan.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, AQSh bu mamlakatdan o’z askarlari uchun baza sifatida foydalanishi yoki bu yerdan kelajakda havo hujumlari uyushtirishi mumkinligi ehtimolini “asossiz va mas’uliyatsizlik” deb atadi.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy AQSh kuchlari Afg’onistonni tark etgandan keyin mintaqada Islomobod yana faol bo’lishi ehtimolini rad edi.
“Biz ularning ichki ishlariga aralashmaymiz. Lekin yordamimizni so’rashsa, yordan berishga tayyormiz. Imkon qadar yordam berishga harakat qilamiz”, - dedi u.
“Afg’oniston mustaqil, suveren davlat. Qo’limizdan kelganini qilamiz, lekin yakuniy mas’uliyat baribir ularning yelkasida”, - deya qo’shimcha qildi Pokiston tashqi ishlar vaziri.
AQSh rasmiylari Pokistonning faolroq bo’lishidan umidvor.
“Afg’onistondagi tinchlikdan Pokiston ko’p narsa yutadi”, - deydi Davlat departamentining o’z ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan gapirgan rasmiysi.
“Pokiston kabi Tolibon ustidan ta’sirga ega bo’lganlar to’g’ri ishni qiladi, degan umiddaman. Biz ularni shunday qilishga undayapmiz”, - deydi Afg’oniston bo’yicha AQSh vakili Zalmay Xalilzod.
Ta’sir o’tkazish yo’llari
AQSh Pokiston ustidan qanchalik ta’sir kuchiga ega ekani hozircha noma’lum.
2018-yil sobiq prezident Donald Tramp davrida muzlatib qo’yilgan 300 million dollarlik harbiy yordamni yana taqdim etish ta’sir vositalaridan biri bo’lishi mumkin.
AQSh rasmiylari bu masala ko’rib chiqilayotganini tasdiqlamadi.
“Ko’rilayotgan yoki ko’rilmayotgan masalalar yuzasidan izoh bermaymiz. Ko’rilayotgan bo’lgan taqdirda ham, bu pul Pokistoning qarashini o’zgartiradigan darajada ko’p emas”, - deydi Davlat departamenti rasmiysi.
“Bu murakkab masala. Biz bu pulni so’rayotganimiz yo’q, lekin berishsa, yo’q demaymiz”, - deydi vaziyatdan boxabar Pokiston rasmiylaridan biri.
Afg’onistonni butunlay tark etish muddati yaqinlashar ekan, Vashington oldida tanlov imkoniyatlari torayib bormoqda.
Afg’oniston bo’yicha Rossiya vakili Zamir Kabulovning aytishicha, Tojikiston va O’zbekiston AQSh harbiy bazarlarining o’z hududlariga ko’chirilishiga ruxsat bermaydi.
“Buning imkoni yo’qligini ular aniq aytishdi. Tojik va o’zbek hamkorlarimizga ko’ra, ularga rasman bu haqda hech qanday so’rov tushmagan”, - dedi u Rossiyaning “Sputnik” agentligiga bergan intervyusida.
AQSh rasmiylari esa askarlar va texnikalarni boshqa joyga ko’chirish masalasida kelishuvga erishish uchun hanuz vaqt borligini aytmoqda.