AQSh Adliya vazirligi 22-iyun kuni Eronga aloqador 30 dan ziyod yangilik vebsaytlarini blokladi. Vazirlik xulosasiga ko’ra, saytlar dezinformatsiya uchun ayblangan.
“Bugun sud qaroriga binoan AQSh sanksiyalariga amal qilmagan Eron Radio va televideniye uyushmasiga qarashli 33 ta vebsayt, shuningdek, “Kataib Hizbulloh” guruhi boshqaruvidagi uchta axborot saytlariga blok o’rnatildi”, - deyiladi vazirlik bayonotida.
Eron ommaviy axborot vositalari ham bu xabarni tasdiqlagan. AQSh hukumati Eronga qarashli yangilik saytlarini hech qanday izohlarsiz bloklaganlikda ayblangan.
Xususan, Eron davlat televideniyesining ingliz tilidagi “Press TV” sayti, arab tilidagi kanali “Al-Alam” hamda Yamandagi hutiylar guruhiga qarashli sun’iy yo’ldosh orqali axborot uzatadigan “Al-Masira” kanallariga taqiq o’rnatilgan.
Ma’lum qilinishicha, taqiq maxsus orderga muvofiq amalga oshirilgan. Unga Federal Qidiruv byurosi hamda Tijorat departamentining Sanoat va xavfsizlik byurosi muhrlari bosilgani aytilmoqda.
Taqiqlarga oid xabarni tasdiqlagan “Al-Masira” kanali maxsus bayonot bilan chiqib, “Amerika va Isroil tahdidiga qarshi har qanday vositalar orqali” o’z missiyasini davom ettirishini ma’lum qilgan.
“Reuters” agentligining ma’lum qilishicha, “Al-Masira” yangi nom ostida o’z vebsaytini ishga tushirganini e’lon qilgan. Shuningdek, “Press TV” ham boshqa domen nomi bilan yangi sayt faoliyatini boshlaganini “Twitter” orqali bildirgan.
“The Associated Press” agentligining izohlashicha, “Press TV” Eron liderlarining elagidan o’tgan, to’liq filtrlangan xalqaro xabarlarni uzatadi. Asosan, AQSh va Britaniyaning tashqi siyosatini qoralash missiyasini bajaradi.
Vashingtonning bunday qarori Eronda AQSh sanksiyalari ro’yxatiga kiritilgan konservativ lider Ibrohim Raisiyning prezidentlikka saylanishi ortidan kuzatilmoqda.
O’tgan yilning oktabrida AQSh yolg’on axborot tarqatishda ayblangan Eron Islomiy inqilob posbonlari korpusiga tegishli 92 ta vebsaytni bloklagan edi.