Bir necha kun oldin 100 nafardan oshiq afg’on harbiylari Tojikiston hududiga qochishga majbur bo’lgan edi. 23-iyun kuni 50 nafardan oshiq afg’on harbiylari O’zbekiston hududiga o’tgan.
Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 24-iyun kuni tarqatilgan bayonotda O’zbekiston chegarani kesib o’tgan afg’on harbiylari va mahalliy qurolli guruhlar zarur tekshiruvlardan so’ng vataniga qaytarilgani, chegarani noqonuniy kesib o’tishga bo’lgan urinishlarga nisbatan keskin choralar ko’rilishi, O’zbekiston Afg’onistonning ichki ishiga aralashmasligi ta’kidlanadi.
Afg’on hukumati harbiy xizmatchilarining mintaqa davlatlari hududiga o’tishi mamlakat shimolida Tolibon bilan kechayotgan to’qnashuvlar ortidan kuzatilmoqda.
Ayni paytga kelib, toliblar Tojikiston va O’zbekiston bilan chegara hududlaridagi o’nlab tumanlarni o’z nazoratiga olgani xabar qilinmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari Afg’onistondagi so’nggi vaziyatdan jiddiy xavotirda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan jarayonlarni muhokama qilgan, vaziyat “o’ta keskin” baholangan edi.
Avvalroq Tojikiston va Qozog’iston prezidentlari o’rtasida ham Afg’onistondagi vaziyat muhokama qilingan telefon muloqoti bo’lib o’tgan edi.
Afg’onistonda taranglik davom etar ekan, Rossiya mudofaa vaziri mintaqa davlatlariga vaziyatni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi a’zolari va O’zbekiston ishtirokida muhokama qilish taklifi bilan chiqqani xabar qilinmoqda.
Sharhlovchilar Tolibonning Markaziy Osiyo davlatlariga xavf solishini ehtimoldan yiroq baholashadi. Ammo ekspertlar Afg’onistondagi vaziyat mintaqada yangi geosiyosiy burilishlar yasashi, mintaqa Rossiya va Xitoy soyasida qolib ketishidan ogohlantirmoqda.
Afg’oniston tahdidi, xususan, bu mamlakatda to’plangan jangarilarning Markaziy Osiyoga hujum qilishi Kreml ekspertlari doirasida, shuningdek, Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tomonlari orasida muntazam muhokamada.
So’nggi vaziyat keskinlashishi esa mintaqada beqarorlik boshlanishi, xususan, Tojikistondagi vaziyat izdan chiqishi mumkinligi, Markaziy Osiyo davlatlari Moskva yetakchiligidagi harbiy ittifoqqa birlashishlari zarurligi haqidagi turli talqinlar bilan ham kuzatilmoqda.
Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga mintaqadan Tojikiston, Qozog’iston va Qirg’iziston a’zo. O’zbekiston bu shartnomani avval tark etgan. Turkmaniston esa neytrallik maqomida.
Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirning aytishicha, toliblarni bilvosita va bevosita qo’llab kelayotgan Moskva jangarilar xavfidan tahdid yasash bilan Markaziy Osiyodagi harbiy istehkomlarini yanada mustahkamlashni nazarda tutmoqda.
“AQSh Afg’onistonni tark etar ekan, yangi geosiyosiy o’yinlar boshlanyapti. Rossiya vaziyatdan foydalanib qolmoqchi. Mintaqaga hech kimni kiritimoqchi emas. Buning uchun toliblardan ham foydalanmoqda. Agar hozirgi vaziyatda mintaqa davlatlari xavfsizlik masalasini Rossiyaga topshirsa, bu katta xatolik bo’ladi. Birinchi galda Markaziy Osiyo davlatlarining o’zlari birlashib vaziyatni muhokama qilishi kerak. Qolaversa, Turkiya Afg’onistonda xavfsizlikni ta’minlash uchun hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan. Mintaqa davlatlari bu masalada Turkiya qarorini jiddiy qo’llab-quvvatlashi, xavfsizlik masalasini birgalikda hal etishi kerak ”, - deydi Anvar Nazir.
AQSh va NATO kuchlari Afg’onistondan chiqishni boshlar ekan, Tolibon mamlakatdagi, xususan, mintaqa bilan chegaradosh bo’lgan shimoldagi hududlarni o’z nazoratiga olish uchun hujumga o’tgan. Afg’on hukumati qo’shinlari va Tolibon o’rtasidagi to’qnashuvlar aksar holatlarda toliblar foydasiga hal bo’lmoqda. Hozirgacha Afg’oniston shimolidagi bir necha yirik tumanlar toliblar nazoratiga o’tgan. Jumladan, Tojikiston va Afg’onistonni bog’lovchi transport yo’li, chegara, bojxona nazorati punktlari ham markaziy hukumat tasarrufidan chiqqani aytiladi.
AQSh shu yilning 11-sentabriga qadar o’z qo’shinlarini Afg’onistondan qaytarishni yakunlaydi.
AQSh Afg’onistonda vaziyat jiddiy keskinlashgan taqdirda, favqulodda harbiy ko’mak ko’rsatish uchun Markaziy Osiyo davlatlaridan birida harbiy bazaga joylashishi haqidagi xabarlar esa hozircha o’z tasdig’ini topgani yo’q.