AQSh Afg’onistondan barcha qo’shinlarini olib chiqish harakatini davom ettirmoqda. Tolibon esa mamlakatda nazoratni kuchaytirayotgani haqida xavotirlar oshmoqda.
AQSh askarlari o’tgan hafta Bagram havo bazasini tark etishi ortidan yangi bir savol o’rtaga chiqdi. Afg’oniston hukumati o’z yurtini himoya qilishga tayyormi? Kobuldan 70 kilometr shimoldagi muhim strategik baza endi Afg’oniston miliy xavfsizlik kuchlari qo’lida. Bu orada 2001-yilgacha mamlakatni boshqargan Tolibon kuchlari yangi-yangi hududlarni qo’lga kiritayotgani xabar qilinmoqda.
“Xavfsizlik bo’yicha vaziyat yaxshi emas. Afg’onlar ham aytyapti buni. Tolibon faollashgan”, - deydi Afg’onistondagi AQSh kuchlari qo’mondoni general Ostin Miller.
2020-yil fevralda sobiq prezident Donald Tramp ma’muriyati Tolibon bilan tinchlik sulhini tuzgan edi. Ammo isyonchi guruh va Kobuldagi hukumat o’rtasidagi muzokaralar to’xtab qoldi. Tolibon yangi hududlarni qo’lga kiritar ekan, Baydenning askarlarni sohishilinch olib chiqayotgani ba’zi rezpublikachilar tanqidiga uchramoqda.
Prezidentga ko’ra, AQSh va boshqa G’arb kuchlari mas’uliyat bilan ish tutmoqda.
“Biz yordamchi bo’lamiz. Biz ishlatishga yordam berayotgan havo kuchlaridan foydalangan holda afg’onlar bu ishni o’zlari qilishlariga to’g’ri keladi”, - dedi Bayden.
AQSh ayni paytda iqtisodiy va harbiy yordamni davom ettirishini aytmoqda. Agar Tolibon nazoratni qo’lga olsa, guruhga ta’sir o’tkazish imkoniyatlari ham bor, deydi Xalqaro aloqalar kengashi eksperti Geyl Tzemak Lemmon.
“Tolibon o’zgarganmi? Ular qo’li ostida yashagan ko’plab odamlar fikricha, yo’q, o’zgarmagan. Ammo ular hokimiyatni tark etgan paytga qaraganda hozir muhit o’zgargan. Texnika va jihozlarga ega bo’lishlari mumkin, ammo buni boshqaradigan kadrlar yo’q. Muhandislar, doktorlar va boshqa shunday mutaxassislar kerak bo’lishini ular yaxshi biladi”, - deydi u.
AQSh favqulodda holatda diplomatlarni evakuatsiya qilish rejasini tuzayotgani haqida xabarlar borligiga qaramay, Bayden ma’muriyati Kobuldagi AQSh elchixonasi ochiq qolishini e’lon qildi. Rasmiylarga ko’ra, diplomatik missiyani himoya qilish uchun zarur askarlar qoldiriladi.