Kubada uzoq yillik tanaffusdan so’ng hukumatga qarshi namoyishlar avj oldi. Vaziyatga baho berar ekan, AQSh Prezidenti Jo Bayden tinch namoyishlar vositasida o’z e’trozini bildirish huquqiga ega bo’lgan Kuba xalqini qo’llab-quvvatlashini ta’kidladi.
“Kuba xalqi avtoritar rejim changalidan o’z ozodligini talab qilmoqda. Biz bunday namoyishlarga uzoq vaqtdan buyon, ehtimol hech qachon guvoh bo’lmaganmiz”, - dedi Bayden.
“AQSh o’zining universal huquqlarini talab qilayotgan Kuba xalqini qat’iy qo’llab-quvvatlaydi. Kuba hukumatini aholining ovozini o’chirish maqsadida zulm qo’llashdan chekinishga chaqiramiz”, - deya ta’kidladi Oq uy rahbari.
Bayden ma’muriyati, shuningdek, Kubaning ommaviy tartibsizliklar uchun AQShni ayblayotganini asossiz deb hisoblaydi.
“Orol davlatning o’nlab shaharlarida yuz berayotgan jarayonlarning Kuba rejimi tomonidan AQShning biror harakati natijasi sifatida talqin etilishini jiddiy xato deb hisoblayman”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
AQSh bosh diplomatining e’tirozlari Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Parillaning aybloviga javoban ma’lum qilindi. Parillaning ta’kidlashicha, AQSh Kubada tartibsizliklarni tashkil etishni moliyalagan.
“Kecha Kubada ijtimoiy namoyish bo’lgani yo’q. Kecha Kubada kommunikatsion operatsiyalar vositasida muayyan vaqt va millionlab dollar sarflangan tartibsizlik bo’lib o’tdi”, - dedi vazir.
12-iyul kuni Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar AQShning “iqtisodiy bosim siyosati” natijasida yuzaga kelganini ta’kidlagan.
“Namoyishchilar politsiyani toshbo’ron qilib, valyuta ayirboshlash punktlariga zarar yetkazgan, do’konlarni talon-taroj qilgan, avtomobillarni ag’darib tashlagan,vahshiylikka berilib, jinoyatga qo’l urgan”, - deya bayonot berdi Kuba rahbari.
Prezident, shuningdek, Kubaning “revolyutsion” fuqarolarini namoyishlarga qarshilik ko’rsatishga chaqirdi.
“Biz har narsaga tayyormiz. Ko’chalarda jang qilamiz”, - dedi u.
11-iyul kuni o’tgan namoyishlarda ozodlik va birdamlik talab qilingan. Politsiya kuch bilan namoyishchilarni tarqatgan. Bir necha fuqaroni hibsga olgan.
Fuqarolar, shuningdek, oziq-ovqat taqchilligi, elektr qwuvvatining muntazam uzilishi, COVID-19 pandemiyasi sharoitida dori-darmonlarning yetishmasligidan arz qilgan.
11,3 million aholiga ega Kubada 11-iyul kuni 6923 fuqaroda COVID-19 virusi aniqlangan. 47 ta o’lim qayd etilgan.
Nufuzli respublikachi senator Marko Rubio Baydenni namoyishchilarni e’tirof etish uchun bir kunni sarflaganlikda, o’z bayonotida Kubani “sotsialistik va kommunistik” hukumat sifatida qayd etmaganlikda aybladi.
Respublikachi senator Lindsi Grem o’zining “Twitter” sahifasida Baydenga murojaat qilib, “Janob prezident, Kuba ozodligi uchun ayni damda Siz keraksiz. Vaziyatdan chekinmang”, - deb yozgan.
Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi ham “Twitter”da o’z munosabatini bildirdi:
“Ozodlik va fundamental huquqlarini talab qilib, Kuba xalqining tinch yo’l bilan namoyishga chiqishi ulkan matonatdir”.
11-iyul kuni jurnalistlar bilan suhbatda Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki Bayden ma’muriyati Kubadagi vaziyatni yaqindan kuzatib borayotgani, namoyishchilar dastaklanishini aytgan.
Prezident Bayden joriy hafta so’ngiga qadar Kuba bo’yicha pozitsiyasiga oydinlik kiritishini bildirgan.