Bu hafta Qatarda Afg'onistonning urushayotgan tomonlarini tinchlikka chaqirish va Afg'oniston mojarosi yanada nazoratdan chiqib ketishining oldini olish maqsadida ketma-ket ikkita xalqaro uchrashuv o’tkaziladi
Ushbu anjumanlar Afg’onistonda Tolibon xurujlari kuchaygan, ayni paytda Kobul kuchlarini qo’llab-quvvatlash uchun isyonchilarga qarshi AQSh havo kuchlari zarbalari davom etayotgan bir paytda bo’lib o’tmoqda.
Bu orada Birlashgan Millatlar Tashkiloti "Afg'onistondagi urush yangi, halokatli va yanada falokatli bosqichga o'tdi", deya xavotir bildirdi.
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod va uning Rossiya, Xitoy va Pokistondagi hamkasblari chorshanba kuni Qatar poytaxti Doxada "kengaytirilgan uchlik" nomi ostida uchrashadi.
Buni ham ko'ring AQSh va Britaniya fuqarolarini Afg'onistonni tark etishga undamoqdaMoskva tashabbusi bilan tuzilgan guruh Afg'oniston ichidagi muzokaralarni qo'llab-quvvatlash uchun tomonlarni siyosiy kelishuvga chaqirish hamda doimiy, keng qamrovli o't ochishni to'xtatish bo'yicha maslahatlar o'tkazadi.
Kengaytirilgan uchlik Doxada joylashgan Tolibon va Kobul hukumati vakillari bilan uchrashishdan oldin o’zaro maslahatlashuv o’tkazadi.
Shuningdek, seshanba kuni Afg'onistonning yaqin qo'shnilari yig'ilishi bo’lib o’tadi. Bu yig'ilishga Rossiya, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va AQSh ham taklif qilingan.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligidagi manbalarga ko'ra, har ikki muloqotning maqsadi "toliblar" viloyat markazlarini ishg'ol qila boshlagan bir paytda "Afg’onistondagi qarama-qarshi tomonlar o'rtasida" umumiy til topishishdir.
Manbalarning qo'shimcha qilishicha, Pokistonning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Muhammad Sodiq va mamlakatning Kobuldagi elchisi Mansur Xon Afg'oniston tinchligiga oid uchrashuvlarda qatnashish uchun Doxaga tashrif buyuradi.
"Biz har doim muzokaralarni tezlashtirishga yordam beradigan usul va vositalarni qidiramiz, chunki Afg'onistondagi urushni harbiy yo'l bilan hal qilish mumkin emas", - dedi Xalilzod o'tgan hafta "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
"Barqaror tinchlik uchun siyosiy yechim, siyosiy kelishuv bo'lishi kerak va biz shu maqsadda qolamiz. Shu maqsadga erishgunga qadar bu masala ustida ishlashda davom etamiz", - dedi AQSh vakili.
Buni ham ko'ring Rossiya Markaziy Osiyoni Tolibondan himoya qila oladimi?Tolibon hujumlarining kuchayishi Afg'onistonda islomiy guruhning hokimiyatga qaytishi istiqbolini oshirdi.
Kengaytirilgan uchlik shu yilning aprel oyida bo'lib o'tgan oxirgi yig'inida isyonchilarni Afg'oniston poytaxti Kobulni harbiy yo'l bilan egallab olishdan tiyilishga chaqirgan edi.
"Biz Afg'onistonda kuch bilan o'rnatilgan hukumat tuzilishini qo'llab -quvvatlamaymiz", - deyiladi o'sha paytda e’lon qilingan qo'shma bayonotda.
Tinchlik harakatlari AQSh prezidenti Jo Bayden ko'rsatmasiga binoan AQSh qo'shinlari va NATO kuchlari 20 yillik urush ortidan, shu oyning oxiriga qadar Afg'onistonni tark etishi belgilangan bir paytga to'g'ri kelmoqda.
AQSh 2020-yil fevralda sobiq prezident Donald Tramp ma’muriyati davrida Tolibon bilan tinchlik bitimini tuzgan edi. Ammo o’tgan davr ichida Afg’onistonda tinchlikka erishish bo’yicha jiddiy siljish kuzatilmadi.
"Afg'onistonning hozirgi inqirozi va urushayotgan ikki tomonning o'z xalqi uchun tinchlik o'rnata olmasligi siyosiy muvaffaqiyatsizlikka olib keladi”, - deydi Afg'oniston sobiq hukumati xodimi va tahlilchisi Torik Farhodiy.
"Biz barcha tomonlar uchun maqbul bo'lgan o'tish davri hukumatini tuzishimiz va 2-3 yillik muddatga BMT kafolatlarini olishimiz kerak. Doxadagi uchrashuvlar shunday yechimga turtki berishi lozim”, - deydi Farhodiy.
Tolibon tinchlik muzokaralari oldinga siljishi uchun, avvalo, Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani hukumatining iste'foga chiqishini talab qilmoqda. G'ani esa mamlakat konstitutsiyasiga zid talablarga hech qachon rozi bo'lmasligini aytadi.