Qirgʻiziston prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Prezident Sadir Japarov Afgʻoniston Islom Respublikasida yuzaga kelgan vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib turibdi.
Japarov davlat idoralariga Afgʻonistondagi vaziyatning rivojini har tomonlama monitoring qilishda davom etishni buyurdi.
Shuningdek, Qirgʻiziston prezidenti Tashqi ishlar vazirligiga Afgʻoniston hududida yurgan qirgʻizistonliklar bilan doimo aloqada boʻlish, ularning xavfsizligini taʼminlash choralarini oshirish hamda vataniga tez orada koʻchirish masalasini topshirgan.
Prezident matbuot xizmati oʻz maʼlumotida Sadir Japarov masʼul idoralarga qoʻshni davlatlar bilan birga hududiy xavfsizlikni taʼminlash hamda mustahkamlash boʻyicha topshiriq bergani ham aytilgan.
Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining yetakchisi Qamchibek Tashiyev Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha tarqatgan murojaatida Qirgʻiziston afgʻon talabalariga 500 viza berishga tayyor ekanini aytgan.
Uning fikriga koʻra, Qirgʻizistonda taʼlim olishni istagan afgʻon talabalari mamlakatga kelish, yashash uchun joy topish, universitetni tanlash hamda uning haqqini toʻlash masalalarini mustaqil hal qilishi kerak. Taʼlim vazirligi esa oliy oʻquv yurtlariga joylashtirishga va toʻgʻri universitetni tanlashda tavsiya berib, yordam koʻrsatadi.
Avvalroq, “Tolibon” harakati Afgʻonistonni bosib olgunga qadar, Tashiyev Afgʻonistondagi vaziyat Qirgʻizistonga ham xavf tugʻdirishini aytib, mazkur xavf Oʻzbekiston va Tojikiston chegarasidan oʻtib, soʻngra Qirgʻiziston hududiga kirib keluvchi qochqinlar bilan bogʻliq boʻlishini aytgan edi.
Qirgʻizistondagi qochqinlar bilan ishlash boshqarmasining yetakchisi Jipara Mambetova hozirgacha Afgʻonistondagi vaziyat sabab Qirgʻizistonga “qochqinlik” maqomini soʻrab murojaat qilganlar boʻlmaganini aytdi. Ammo uning qo'shimcha qilishicha, Tojikiston bilan chegara ochilsa, Qirgʻizistonga ham Afgʻonistondan qochqinlar oʻtib kelishi mumkin.
Mambetovaga ko'ra, Qirgʻiziston 1996-yildan beri BMTning qochqinlar ishi boʻyicha Konvensiyasining aʼzosi hisoblanadi, shu sababdan respublikaning qochqinlarni qabul qilish masʼuliyati bor.
Afgʻonistondan qochqinlarni qabul qilish masalasida “birinchi navbatda milliy xavfsizlik manfaatlari hisobga olinishi”ni taʼkidlagan Mambetova Qirgʻiziston taxminan 1200 nafarga yaqin qochqinni qabul qilishi mumkinligini bildirgan.
Media ekspert Abdumoʻmin Mamaraimovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Afgʻonistonning “Tolibon” nazoratiga oʻtishi ortidan Qirgʻiziston, umuman, Markaziy Osiyo davlatlari uchun qochqinlar masalasi bosh mavzu boʻlib qoladi.
“Toliblar gʻalabasi kutilmaganda juda tez amalga oshgani sabab, koʻpchilik qochib ulgurmadi. “Tolibon” mamlakatda shariat hukmini qattiq ushlab, qattiq amalga oshira boshlasa, buni koʻtara olmagan aholining aksar qismi Afgʻonistondan qocha boshlashi mumkin. Shu maʼnoda Markaziy Osiyo davlatlariga, xususan, Oʻzbekiston bilan Tojikistonga qochoqlar masalasi ancha tashvish tugʻdirishi mumkin. Ammo bu masalani xalqaro hamjamiyat bilan hal qilsa boʻladi, deb oʻylayman. Yana bir ehtimol shuki, Afgʻonistonda toliblarga qarshi boʻlgan qurolli kuchlar jon saqlash maqsadida qurollari bilan qochib oʻtishlari mumkin. Agar buning oldi olinsa, boshqa tashvish qilinadigan holat yoʻq”, - deydi qirgʻizistonlik media ekspert Abdumoʻmin Mamaraimov.
“Ozodlik”ning qirgʻiz xizmati yozishicha, Qirgʻiziston Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imanqulov Afgʻonistondagi ekstremistik va terroristik tashkilotlar safida qirgʻizistonliklar ham bor ekanini aytgan.
Ammo Tolibon harakati Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlarga hujum qilmaslik vaʼdasini berishi ortidan xavotirlar yumshagandek.
Siyosatshunos Chinara Esengul esa Afgʻonistondagi bugungi vaziyat Markaziy Osiyo davlatlariga garchi toʻgʻridan-toʻgʻri xavf tugʻdirmasa ham, ekstremistik mafkuraning oʻsishiga taʼsir etishi mumkin.
“Afgʻonistondagi vaziyat Qirgʻizistonga ham taʼsir etishi mumkin. Tolibon chegaradan oʻtib, Qirgʻizistonga kirib keladi degan fikrdan yiroqman. Ammo ekstremizm, terrorizm gʻoyasi kuchayishiga taʼsirini koʻrsatadi. Shuning uchun, ayniqsa, Qirgʻiziston rasmiylari, umuman olganda qirgʻizistonliklar bunga eʼtibor qaratishimiz kerak. Jamoatchilik, barcha davlat tizimlari dinning radikal versiyalari rivojlanib ketishiga qarshi oʻz harakatini koʻrishi kerak.
Lekin, hozir Qirgʻizistonda koʻplab islohotlar qilinmoqda, institutlar oʻzgarmoqda. Davlat boshqaruv tizimida islohot boʻlganda, qonunlar Konstitutsiya oʻzgargani uchun oʻzgarayotgan va institutlar toʻlaqonli ishlamay turgan bir vaqtda bu vaziyat biz uchun ikki karra xavfliroq boʻlishi, gʻoyaviy-mafkuraviy tomonlar hisobga olinmay qolishi mumkin. Ammo biz Afgʻonistonda boʻlgan voqealar sababini oʻrganib, Qirgʻizistonda bunday vaziyatga yoʻl qoʻymaslik uchun Afgʻonistonda yoʻl qoʻyilgan tarixiy xatolardan saboq olishimiz kerak”, — deydi siyosatshunos Chinar Esengul “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida.
Umuman olganda, qirgʻizistonlik siyosatchi va siyosatshunoslar Afgʻonistonni qoʻlga kiritgani aytilayotgan Tolibon guruhi Markaziy Osiyo davlatlariga hujum qilmaydi, degan fikrda. Bunga hozircha “Tolibon”da na siyosiy, na iqtisodiy imkoniyat mavjud.
Tolibonning bunday istagi ham yoʻq, deydi siyosatshunoslar. Ammo Markaziy Osiyo davlatlariga Afgʻonistondan chiquvchi qochqinlar soni vaqt oʻtib koʻpayishi mumkin. Shu bilan birga ekstremistik kayfiyatdagi mafkuraning Markaziy Osiyo davlatlarida oʻsib ketmasligiga eʼtibor qaratish lozim.