Uyg'ur muhojiri: AQShda mehnat qilsangiz, maqsadingizga erishasiz

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda muvaffaqiyat qozongan uyg'ur muhojiri

AQShda uyg’urlar soni ortib borar ekan, ular orasida turli sohalarda muvaffaqiyatga erishayotgan yoshlar ham oz emas. 34 yoshli Irfan Yuksel ulardan biri. Asli Shinjonning Aqsu shahridan bo’lgan Yuksel AQShga 2012-yilda kelgan. Oilasini boqish uchun bir paytda to’rt joyda ishlashiga to’g’ri keldi. Oradan yetti yil o’tib u bugun muvaffaqiyatli tadbirkor; axborot texnologiyalarini o’rgatuvchi trening markaziga ega. Ko’plab yoshlarni maxsus kurslarda o’qitib, yaxshi maosh to’lanadigan ish topishlariga yordam bermoqda.

“Ismim Irfan Yuksel. Uch farzandning otasiman. IT sohasida ishlayman, dasturchiman. “TechCircle” kompaniyasi asoschilaridan biriman”, - deydi u.

Virjiniyaning Sentervil shahrida joylashgan “TechCircle” kompaniyasi axborot texnologiyalari yo’nalishida kurslar taqdim etadi.

“TechCircle” IT yo’nalishida treninglar o’tkazadi. 2019-yil ikki uyg’ur do’stimiz bilan birga ochganmiz. Har qanday sohadagi odam IT sohasida biror darajaga ega bo’lmasdan turib bu ishni eplay oladi”, - deydi Yuksel.

2012-yil AQShga ilk bor kelganda, u oilasini boqish uchun to’rtta joyda ishladi.

“AQShga kelgan har qanday muhojir boshida murakkab immigratsiya jarayonidan o’tadi. Hujjatingizni qilib olganingizdan keyin eng kam ish haqiga ishlashga majbur bo’lasiz. Ertalab soat 5 dan 9 gacha “Uber”da taksichilik qilganman. Keyin sendvich yetkazuvchi bo’lib ishladim. Tushdan keyin pitsa tashiganman. Bu orada vaqtim bo’lsa, “Walmart”ga borib ham ishlab kelardim. Bir paytning o’zida to’rtta ishim bo’lgan”, - deydi u.

Shundan so’ng Yuksel IT sohasida treningdan o’tkazuvchi markazda o’qidi. O’qishni tamomlagach, dasturchi sifatida ish topdi.

Bugun uning ko’plab o’quvchilari o’xshash taqdirlarga ega. Asli jazoirlik Gerbi Shuayb avval qurilishda ishlagan. Hozir IT sohasida mutaxassis.

“Bu yerga kelganimda, menga ularning g’oyasi yoqdi. Tajribangiz bo’lmasa ham, sizga hamma narsani o’rgatishadi, yordam berishadi. Hayotingiz tubdan o’zgaradi. Soatiga 15 dollar topgan bo’lsangiz, endi yiliga 120 ming dollar topasiz. Shu bois ular bilan qolib, texnologiyani o’rgandim. Men uchun “TechCircle” maktab emas, balki oiladek bo’lib qolgan”, - deydi Shuayb.

Biansa Bank bitirish arafasida. U shu paytgacha restoranda ishlagan. Endi yangi sohaga qadam qo’ymoqda.

“Pandemiya ko’p narsani o’zgartirdi, ayniqsa, restoran biznesida. Har kuni ishga borganimda qandaydir qo’rquv bor edi. Chunki o’zim bilmagan ko’plab odamlar bilan aloqada bo’laman. Ishga borsam shunaqa qo’rquv bo’ladi, deb hech o’ylamagan edim. Shu narsa meni sohamni o’zgartirishga, o’zim uchun barqaror ish topishga undadi. Endi xohlasam, uydan ishlashim ham mumkin”, - deydi u.

“Uyg’urlar juda mehnatkash xalq. Ular yaxshiroq hayot qurish uchun doim o’z ustlarida ishlaydi, ta’lim oladi. Mehnat qiling, vaqt ajrating va muntazam bo’ling. Natijada har qanday maqsadingizga erisha olasiz”, - deydi Yuksel.

“Oilamni shu yerda, AQShda katta qilyapman. Tadbirkor bo’ldim. Maqsadlarim ustida ishlayapman. Bu o’lka menga juda ko’p imkoniyatlar berdi. Amerikadan minnatdorman”, - deydi yosh tadbirkor.

Ishlagan tishlar, deganlaridek, mehnat qilgan odam, albatta, mevasini ko’radi.