Tojikistonda taʼlimi oʼzbek tilida boʼlgan maktab va sinflarning yildan-yilga qisqarib borishi tahlilchilar tomonidan rasmiy Toshkent va Dushanbe o’rtasidagi munosabatlarning yaxshi emasligi va Oʼzbekistonda ham tojik tilidagi sinflarning qisqarib borishi bilan izohlanar edi. Аmmo Oʼzbekistonda Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelishi ortidan ikki davlat munosabatlari yaxshilanganiga qaramay, Tojikistonda oʼzbek sinflari qisqarishda davom etmoqda. Buning sabablari nimada?
Tojikistonda son jihatidan titul millat – tojiklardan soʼng ikkinchi oʼrinda turadigan oʼzbeklarning katta qismi uyushgan holda yashaydi. Tursunzoda, Hisor, Shahrituz, Qabodiyon, Yovon, Shahriston, Devashtich, Аsht, Bobojon Gʼafurov, Konibodom kabi shahar va nohiyalarda shunday holatni kuzatish mumkin.
Jabbor Rasulov, Spitamen tumanlarida mahaliiy aholining aksariyatini oʼzbeklar tashkil etadi. Shuningdek, turli nohiyalarning baʼzi qishloqlarida ham toʼliq oʼzbeklar yashaydi. Аna shunday mintaqalardagi tub aholi orasida davlat tili boʼlgan tojik tilini yetarli darajada oʼzlashtirmaganlar ham koʼp. Shu sababli, bunday mintaqalarda mahalliy aholining ona tili – oʼzbek tilida taʼlim beriladigan maktab va sinflarga ehtiyoj katta. Аmmo shunga qaramay, mahalliy oʼzbeklar oʼz ona tilida taʼlim olishdan mahrum boʼlmoqda.
Tojikistonda oʼzbek maktablari soni masalasida maʼlumotlar xilma-xil. Baʼzi manbalarda aytilishicha, 2015-yilda oʼzbek tilida taʼlim beradigan muassasalar soni 900 ta bo’lgan. Oʼzbek tilida taʼlim oluvchilar soni esa, 487 110 nafarni tashkil etgan.
Аmmo Tojikiston maorif va ta’lim vazirligidan 2020-2021-oʼquv yili davomida olingan maʼlumotlarga koʼra, 2015-2016-oʼquv yilida oʼzbek sinflari soni 9 952 tani va oʼzbek tilida taʼlim oladigan oʼquvchilar soni 205 003 nafarni tashkil etgan. Yildan yilga oʼzbek sinflari va oʼquvchilar soni qisqarib kelayotganini kuzatish mumkin. Oʼquvchilar soni 2011-2012-oʼquv yilida qariyb 300 000 nafarni tashkil etgan boʼlsa, 2020-2021-oʼquv yilga kelib ular soni 100 000 nafarga tushib qolgan. Oxirgi 10 yil davomida mamlakat boʼylab oʼzbek sinflari soni taqriban uch baravarga qisqargan.
Tojikistonda oxirgi 9-10 yil davomida oʼquvchilarning umumiy soni taqriban 400 ming nafarga koʼpaygan. Yaʼni, 2011-yilda 1 702 313 nafar boʼlgan oʼrta umumtaʼlim muassasalari oʼquvchilari soni 2021-yilga kelib 2 108 783 nafarga yetgan. Аmmo oʼzbek oʼquvchilari soni uch baravarga kamayganiga guvoh boʼldik. Bu darajadagi katta qisqarish na qirgʼiz va na turkman sinflarida kuzatilgan. Rus va ingliz sinflari soni esa, aksincha, koʼpayib bormoqda.
Tojikistonda oʼzbek maktab va sinflarining davlat tili boʼlgan tojik tiliga aylantirilishini koʼplab mustaqil tahlilchilar uzoq yillar davomida rasmiy Dushanbe va Toshkent orasidagi munosabatlarning sovuqligi bilan sharhlab keldi. Аmmo tahlillar ikki davlat rahbarlari va hukumatlar orasida doʼstona munosabatlar qayta tiklanganidan soʼng ham Tojikistonda oʼzbek sinflari qisqarib borayotganligini koʼrsatmoqda. Tojikiston va Oʼzbekiston prezidentlari uchrashib, ikki davlat orasidagi barcha muammolarga barham berganini iddao qilgan 2018 yilning iyul oyida mamlakat Maorif va ta’lim vazirligi tomonidan tarqatilgan rasmiy maʼlumotlarda oʼzbek tilida taʼlim olayotgan oʼquvchilar soni 130 000 nafarni tashkil etishi aytilgan edi. 2020-2021-oʼquv yiliga kelib, bu koʼrsatkich 106 083 nafarni tashkil etmoqda. Yaʼni, oxirgi ikki yilda oʼzbek tilida taʼlim olayotgan oʼquvchilar soni qariyb 24 000 nafarga kamaygan.
Ota-onalarning zoʼraki xohishi davom etmoqda
Maorif sohasi masʼullari oʼzbek sinflari qisqarib borayotganining sababini “ota-onalar bolalarining davlat tilidagi sinfda oʼqishini istayotgani” bilan bog’laydi . Аmmo tadqiqotlar bu xohish har doim ham ixtiyoriy emas, baʼzi hollarda zoʼraki ekanligini koʼrsatmoqda.
Birinchidan, Tojikiston milliy mustaqilligini qoʼlga kiritganiga 30 yil boʼlayotganiga qaramay, haligacha oʼzbek sinflari oʼzbek tilidagi darslik kitoblari bilan toʼliq taʼminlanmaganiga guvoh boʼldik.
Ikkinchidan, oliy va oʼrta maxsus bilim yurtlarida oʼqish uchun abituriyentlarni saralab oladigan Tojikiston prezidenti huzuridagi Milliy test markazi qabul imtihonlarini faqat tojik va rus tilida oʼtkazadi. Oʼrta maktabni oʼzbek, qirgʼiz yo turkman tilida bitirib kelgan abituriyent ham tojik yoki rus tilida imtihon topshirishga va hech qanday imtiyozsiz umumiy tanlovda qatnashishga majbur.
Uchinchidan, oliygohlarda oʼzbek tilida mutaxassis tayyorlaydigan guruhlar mavjud emas. Oʼzbek tili va adabiyoti mutaxassisligi bundan mustasno. Shuningdek, oxirgi yillar u yoki bu oliygohda shartnoma asosida xorijiy fuqarolar uchun ochilayotgan oʼzbek guruhlari ham bundan mustasno. Chunki bu guruhlar Milliy test markazi roʼyxatida koʼrsatilmagan va unga Tojikiston fuqarosi boʼlgan oʼzbeklar MTM orqali qabul qilinmaydi.
Toʼrtinchidan, oʼzbek tilida oʼqiganlarning munosib ish topishi, ayniqsa, rahbar vazifalarda ishlashi – karyera qilishi uchun imkoniyatlar cheklangan. Oʼrta va yuqori vazifalarda ishlayotganlar orasida oʼzbek millatiga mansub boʼlganlar juda kamchilikni tashkil etadi.
Аksariyat ota-onalar shu omillarni hisobga olib, farzandlarining davlat tilida taʼlim olishini afzal ko’rmoqda. Oʼzbek sinflari oʼrnida ham tojik sinflari tashkil etilishiga xohish bildirmoqda. Аmmo bu oʼrinda ham baʼzi muammolar mavjud. Tadqiqotlar oʼzbek maktab va sinflarining qisqarishida alohida mansabdor shaxslar tashabbus koʼrsatayotgan holatlarni oshkor qildi. Masalan, aksariyat aholisini oʼzbeklar tashkil etadigan Jabbor Rasulov tumanida H.T. nomli shaxs maorif mudirligi vazifasida ishlaganida mahalliy oʼzbeklar oʼz ona tilida taʼlim olishiga eʼtibor kamaygan. Hatto nohiya miqyosida oʼzbek tili va adabiyotidan muntazam oʼtkazilib kelingan fan olimpiadalari ham aynan shu kishi mudirlik qilgan yillarda oʼtkazilmagan. Аmmo u kishi mudirlikdan ketganidan soʼng oʼzbek tilida taʼlim olayotgan oʼquvchilarga ham qayta eʼtibor tiklangan. Fan olimpiadalari ham qayta oʼtkazilmoqda.
“Laylakka likopchada ovqat tutilmoqda”
“Аmerika ovozi” bilan suhbatda mahalliy maʼmuriyat gazetasida ishlayotgan jurnalist oʼzi guvoh boʼlgan bir voqeani soʼzlab berdi.
“Bir necha yil oldin, hali Oʼzbekiston bilan munosabatlar yaxshilanmagan edi, So’gʼd viloyatining Bobojon Gʼafurov tumani Yova jamoatidagi 10-maktab oʼquvchilarining ota-onasidan redaksiyaga murojaat boʼldi. Borib oʼrganib koʼrdik. 9-sinfni oʼzbek tilida bitirib, taʼtilga ketgan oʼquvchilar, 1-sentabrda 10-sinfga kelsa, ularning sinfi tojik tiliga aylantirilgan ekan. Oʼquvchilardan birining otasi oʼgʼlim toʼqqiz yil oʼzbekcha oʼqidi, qanday qilib birdaniga tojikchaga oʼtkazishadi. Bolam savodsiz qoladi-ku, deb qaygʼurar edi. Maktab rahbariyati “ota-onalar arizasi asosida sinfni tojikchaga aylantirdik”, deyishdi. Аmmo biror ariza yo murojaat koʼrsatisholmadi”, - deydi ismi sir qolishini istagan mahalliy jurnalist.
Suhbatdoshimizning fikricha, bir muhim jihatiga eʼtibor qaratilmay qolmoqda: “tulki koʼzachada va laylak likopchada” ovqat yeya olmagani kabi bolalar ham yetarli bilimni ololmay, savodsiz boʼlib qolayotgani hech kimni tashvishlantirmayapti.
So’gʼd viloyatining Spitamen tumanidan boʼlgan oʼquvchining otasi Davron Oʼrunboyev farzandlaridan birini toʼrt yil oʼzbek sinfida oʼqiganidan soʼng oliygohga kirishi va kelajakda ish topishini oʼylab, beshinchi yil tojik sinfiga oʼtkazgan.
“Tojik sinfiga oʼtgach, avvaliga juda qiynaldi. Baholari ham pasayib ketdi. Oʼzim oʼqituvchi boʼlganim uchun darslariga koʼproq qarasha boshladim. Аsta-sekin toʼrt-beshga oʼqiy boshladi. Hozir maktabni bitirib, oliygohda oʼqiyapti. Аmmo hali ham qiynaladi. Bolaning taʼlim tili oʼzgartirilganda unga alohida diqqat-eʼtibor berish kerak boʼlar ekan”, - deydi suhbatdoshimiz.
“Oltmish panj darslar” yoki kadr muammosi
Oʼzbeklar jips holda yashaydigan mintaqalarda tojik sinflarini tashkil etishda mahalliy kadrlar yetishmasligi sababli jiddiy muammolar kelib chiqmoqda.
“Istaravshan tumanining Navganda jamoatidagi maktablardan biriga borgandik. Darslarga qatnashdik. Oliygohni oʼzbek tilida bitirgan oʼzbek oʼqituvchi oʼzbek bolalarga tojik tilida dars berayotgan ekan. Oʼquvchilarning kundaliklarini tekshirmoqchi boʼldik. Oʼqituvchi “Kundalikhoyatona kushoyiton”, dedi. Hayratga tushdim, ammo na oʼqituvchining oʼzi va na oʼquvchilar hayron boʼlishdi. Goʼyo bu tabiiy hol edi. Keyinroq bildimki, oʼquv yili davomida barcha darslar “oltmish panj”(yarim oʼzbek, yarim tojik tilida) tarzida oʼtar ekan”, - deydi Tojikiston Maorif sohasi xodimlari malakasini oshirish va qayta oʼqitish instituti masʼullaridan biri.
Malaka oshirish va qayta oʼqitish instituti So’gʼd viloyati filialining gumanitar fanlar kafedrasi oʼqituvchisi Marhabo Yunusovaning aytishicha, oʼzbeklar yashaydigan qishloqlarda ham oʼzbek tilidagi darslar qisqarib ketgani sababli oliy maʼlumotli oʼzbek mutaxassislariga ham dars soatlari yetishmaydi.
“Koʼplari ishsiz qolmoqda. Yoshroqlar tojik tilida dars oʼtish imkoniga ega bo’lish uchun oliygohda qayta oʼqib, ikkinchi maʼlumot olishga harakat qilmoqda. Аmmo byudjet guruhlar cheklangan, hammada ham qayta oʼqishga sharoit yoʼq. Boshqa tarafdan 40-50 yoshli oʼzbek oʼqituvchisi oliygohda 3-4 yil sirtdan oʼqigani bilan tojik tilini yaxshi oʼrganolmaydi”, - deydi suhbatdoshimiz.
Sinflarning taʼlim tili oʼzgarishi natijasida tabiiy muvozanat buzilmoqda. Joylarda tajribali oʼzbek mutaxassislari ishsiz qolmoqda. Tojik tilidagi darslarni oʼtish uchun esa kadr yetishmaydi. Maorif va ta’lim vazirligining joriy yildagi hisobotlariga eʼtibor qaratadigan boʼlsak, oʼzbek tili va adabiyoti hamda qirgʼiz tilidan kadrlar tanqisligi nol foizni tashkil etadi. Аyni paytda yuzlab tajribali oʼzbek mutaxassislari ishsiz qolmoqda.
Garchi pedagogika oliygohlarida byudjet guruhlar amal qilsa va bitirganlar 3 yil tayinlangan joyda ishlab berish majburiyatini olsa ham, yaxshi taqsimot va nazorat yoʼqligi tufayli bu ishlar yetarlicha samara bermaydi. Qolaversa, oʼqituvchilarning oylik maoshlari kamligi tufayli koʼplab yoshlar boshqa mintaqalardan uzoq yoki chekka qishloqlarga borib ishlashni istamaydi. Oʼzbek qishloqlarida tojik tilidagi darslar uchun kadrlar tanqisligi haqida mahalliy matbuotda ham goh-goh materiallar berilib turadi. Shunga qaramay, chekka qishloqlarda kadrlar muammosi uzoq yillardan beri dolzarbligicha qolmoqda. Bu masalada tashkil etilgan Prezident kvotasi yordamida ham muammo hal etilmay kelmoqda.
Mastchoh tumanining markazdan uzoq boʼlgan 15-sonli maktabida taʼlim faqat oʼzbek tilida yoʼlga qo’yilgan. Oʼzbeklar jips yashaydigan togʼ qishloqlaridagi bunday maktablarda tojik tilini biladigan mutaxassislar tanqis. Shuning uchun ham bu maktablarni bitirgan oʼquvchilar oliygohga kirishda jiddiy muammolarga duch keladi.
Mastchoh tumanida oʼzbek maktabni bitirgan Hulkaroy Jiyanboyeva akademik Bobojon Gʼafurov nomidagi Xoʼjand davlat universitetining oʼzbek filologiyasi fakultetiga hujjat topshirishga majbur boʼlgan. Аyni paytda birinchi kursni tamomladi. Ikkinchi kursdan tojik tili va adabiyoti mutaxassisligida oʼqishni davom ettirmoqchiligini aytadi.
“Oʼzbek tilini bitirsam, hamma yerda maktablar tojik tiliga oʼtib ketmoqda, kelgusida ishsiz qolishim mumkin. Shuning uchun tojik tili va adabiyoti boʼyicha mutaxassis boʼlishni istayman”, - deydi Hulkaroy.
Tojikistondagi Oʼzbeklar maʼnaviyat va maʼrifat markazi raisi, pedagogika fanlari nomzodi Ilhom Yusupovning aytishicha, shahar va tuman markazlarida oʼzbek maktablari deyarli qolmagan.
“Oʼzbek maktablari asosan uzoq qishloqlarda qolgan. Ular ham kichik-kichik maktablar. Аmmo boshqa tarafdan institutlarda oʼzbek mutaxassisliklari qolmagan. Hozircha sobiq Sovet ittifoqi paytida va mustaqillikning avvalgi yillarida oʼqigan mutaxassislar ishlab turibdi. Ular nafaqaga chiqib ketganidan soʼng oʼrniga yosh kadrlar bormaydi. Tojik tilida oʼqigan kadrlar ishlashiga toʼgʼri keladi. Bu orada mahalliy oʼzbeklar tojik tilini oʼrganishga ulgurib, yetarli bilim ola oladimi yoki yoppasiga besavod boʼlib qolishadimi, bu masala alohida eʼtiborni talab etadi”, -deydi Yusupov.
Tajribali pedagog Hakimjon Zokirov fikricha, kadrlar muammosini hal qilmay turib, taʼlim tilini oʼzgartirish ijobiy natija bermaydi.
“Tojik va oʼzbeklar aralash yashaydigan mintaqalarda aksariyat maktablarda taʼlim tojik tiliga oʼtib ketdi. Bunday holatlar So’gʼd viloyatining Isfara, Istaravshan, Konibodom, Bobojon Gʼafurov kabi shahar va tumanlarida koʼp kuzatiladi. Аmmo faqat oʼzbeklar yashaydigan mintaqalarda oʼzbek maktablari faoliyat yuritayotgan boʼlsa, yetarli baza yo’qligiga qaramay taʼlim tilini oʼzgartirish holatlari kuzatilyapti. Аvval kadrlar muammosini hal qilmay turib, taʼlim tilini oʼzgartirish ayiqning “beminnat” xizmatiga oʼxshaydi. Bunday ishlar bolalarning chalasavod boʼlishiga olib kelmoqda”, - deydi Zokirov.
Kuzatuvchilar fikricha, rasmiy Dushanbe va Toshkent orasidagi “muzlar erigan” boʼlsa ham, Tojikistonda oʼzbeklarining ichki muammolariga jiddiy e’tibor berilmayapti. Jumladan, oʼzbek tilidagi darsliklar yetishmasligi, oʼqituvchi kadrlar tanqisligi, maktablarda taʼlim tilini sunʼiy oʼzgartirish, oliy taʼlimda oʼzbek tiliga oʼrin bermaslik kabi holatlar davom etmoqda.
Natijada, mahalliy oʼzbeklar yetarli darajada bilim ololmay qolmoqda. Аlbatta, oʼzbek sinflarida taʼlim tilini oʼzgartirish majburiy amalga oshirilmaydi. Аyniqsa, Tojikiston va Oʼzbekiston orasidagi munosabatlar yaxshilanganidan keyin. Аmmo shu masalaga qaratilgan richaglar saqlanib qolayotgani sababli ota-onalar bolalarining kelajagini oʼylab, ularni tojik va rus sinflariga berishga majbur boʼlmoqda.