Breaking News

Tojikiston Tolibonning va'dalariga ishonadimi?


Tolibon rahbariyati Markaziy Osiyoning Afgʻoniston bilan qoʻshni davlatlariga hujum qilmaslikka soʻz bergan. Ammo bugungi kunda toliblar tomonidan ishgʻol etilgan baʼzi chegara mintaqalari boshqa, ular bilan hammaslak ekanligi aytilayotgan guruhlar tomonidan nazorat qilinayotgani qoʻshni davlatlar, jumladan, Tojikiston rahbariyatini tashvishga solmoqda.

Mustaqil tahlilchilar ham toliblar strategiyasini oʻzgartirganidan ogohlantirmoqda.

Tolibon Afgʻonistonning shimolida ishgʻol etgan chegara hududlarining bir qismini Tojikistonda faoliyati taqiqlangan “Ansorulloh” yetakchilariga topshirgani maʼlum boʻldi.

Bu guruh 90-yillar oxirida tojik jangarilari asos solgan terroristik tashkilot boʻlib, keyinchalik Al-Qoida va Tolibon”bilan til topishgani aytiladi. “Ansorulloh” tashkiloti 1992-1997-yillar Tojikiston fuqarolar urushida faol qatnashgan dala qoʻmondonlari orasidan hukumat bilan imzolangan kelishuvga rozi boʻlmagan muxolif kuchlar tomonidan tashkil etilgan. Agar shu nuqtai nazardan qaraydigan boʻlsak, “Ansorulloh” Tojikiston hukumatining ashaddiy dushmanlari tomonidan tuzilgan tashkilot.

Siyosiy tahlilchi Faridun Hodizodaning aytishicha, “Ansorulloh” xorijda boshqa terroristik tashkilotlar bilan hamkorlik qilib, kuch toʻplagani maʼlum.

“Bir vaqtlar “Ansorulloh” kichik va nisbatan kuchsiz guruh boʻlgan va Al-Qoida quchogʻiga tushgan. “Ansorulloh”ning bayrogʻi ham bu terroristik tashkilot bayrogʻini eslatadi. Oxirgi yillar esa “tojik mujohidlari” toliblar tomonida jang qilmoqda”, - deydi Hodizoda.

Uning aytishicha, “Ansorulloh” turli yillarda “Oʻzbekiston islomiy harakati”, “Sharqiy Turkiston islomiy harakati”, “Islom jihodi ittifoqi”, “Jundulloh”, “Kavkaz islom amirligi” va Al-Qoida bilan hamkorlik qilib kelgan.

Afgʻonistonning Darvoz tumani rahbari Qodir Safoning “Ozodlik” radiosiga aytishicha, toliblar oʻzlari ishgʻol etgan chegara mintaqalarini ixtiyoriga topshirgan jangarilar “tojik toliblari” deb ataladi.

“Guruhning bir necha jangarisi Maymay uchun jangda oʻldirilgan edi, biz ularning shaxsini aniqladik. Ular tojiklar, mahalliy afgʻon ayollariga uylangan ekan”, - deydi Safo.

2020-yilning noyabrida Afgʻonistonning Badaxshon viloyati Maymay tuman politsiya boʻlimiga hujum qilingan, 24 nafar afgʻon askarlari halok boʻlgan edi. Bu haqda hujumchilar “Maymayning fath etilishi” nomli 10 daqiqalik film ham eʼlon qilishgandi.

Oʻshanda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Maymay jangida kamida 10 nafar tojikistonliklar qatnashgani, ularga Mahdiy Arsalon taxallusi bilan tanilgan Muhammad Sharipov yetakchilik qilganini maʼlum qilgan edi.

Muhammad Sharipov kelib chiqishi tojikistonlik boʻlib, mamlakat sharqidagi Nurobod tumani, Safedchashma jamoati, Shanbegiyon qishlogʻida tugʻilganligi aniqlangan.

Maʼlum boʻlishicha, “Ansorulloh” guruhi asoschisi Amriddin Tabarovning yaqin doʻsti va hammaslagi boʻlgan Mirxoja Sharipovning oʻgʻlidir. Otasi 2011-yil Tojikistonning Rasht tumanida Mullo Abdullo boshchiligidagi tojik muxolifatining Birlik kelishuvini tan olmagan qoʻmondonlari bilan hukumat qoʻshinlari orasida kechgan qurolli toʻqnashuvlarda halok boʻlgan.

“Ansorulloh”ning yetakchisi Amriddin Tabarov 2016-yilda Afgʻonistondagi maxsus amaliyotlar paytida oʻldirilgan. Uning oʻz safida boʻlgan ikki oʻgʻli 2009-yili AQSh qoʻshinlari tomonidan qoʻlga olingan va Bagramdagi qamoqxonada saqlangan. 2019-yili Tojikistonga ekstraditsiya qilingan.

Muhammad Sharipovning onasi Zulqaʼda Yunusova “Ozodlik” bilan suhbatda aytishicha, oʻgʻli 2015-yili Rossiyaga ketgan.

“Avvalida Rossiyadan telefon qilib turar edi. 2015-yilning oktabr oyida biz uzoqroq joyga, oʻrmon kesgani boryapmiz, u yerda telefon ishlamas ekan, dedi. Ancha vaqt xat-xabar boʻlmadi. Oradan 7-8 oy oʻtib, militsiya xodimlari kelib, Muhammad Afgʻonistonda ekanligini aytdi”, - deydi Yunusova.

Ona oʻgʻli bilan shu yilning 20-iyul – Qurbon hayiti kuni telefonda gaplashganini, u Afgʻonistondan qoʻngʻiroq qilganligini aytgan.

Afgʻon generali, Darvoz tumani rahbari Qodir Safo “tojik toliblari” deb atalayotgan bu guruh oʻz safiga Tojikistondan yangi aʼzolarni jalb qilishga urinib kelayotganligini aytadi.

“Bu jangarilar Tojikiston fuqarolarini oʻzlariga ogʻdirib olayotganidan xabarimiz bor. Bahorda toʻqqiz kishi Tojikiston tomonidan Rushan va Shugʻnon mintaqalarida chegarani kesib oʻtib, toliblarga qoʻshilganligi haqida maʼlumot olgandik. Bu maʼlumotlarni oʻz vaqtida Tojikiston konsulligiga yetkazganmiz”, - deydi Afgʻonistonning Tojikiston bilan qoʻshni boʻlgan Darvoz tumani rahbari.

Tojikiston hukumatidan bir manbaning ismi sir qolish sharti bilan bizga aytishicha, davlat uchun eng katta xatar Tolibon emas, balki kelib chiqishi tojikistonlik boʻlgan jangarilardir.

“Agar daryoning u tarafida Kobul askarlariga qarshi urushayotgan tojikistonliklar bizga xatar solsa, mamlakat ichidan ham ularga qoʻshiladiganlar chiqishi ehtimoli yoʻq emas. Shuning uchun ham xatar mavjud”, - deydi suhbatdosh.

Tolibonning rasmiy vakili Zabihullo Mujohid “Ozodlik” bilan suhbatda oʻz saflarida tojikistonliklar borligini rad etib, Tojikiston chegarasiga xavf solmaslik va doʻstona munosabatda boʻlishga topshiriq berilganini aytgan.

Dushanbe Afgʻonistondan qochib oʻtgan afg’on askarlari va mahalliy fuqarolarni qabul qilib olib, vaqtincha boshpana bermoqda. Rasmiylarning aytishicha, Togʻli Badaxshon va Xatlon viloyatlarida 100 ming nafargacha afgʻon qochqinlarini qabul qilib olishga tayyorgarlik koʻrilgan.

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddinning aytishicha, “afgʻon qochoqlari va hukumat askarlarini qabul qilish barobarida ular safida toliblarning siyosiy qochqin niqobi ostida kirib kelishini oldini olish uchun tegishli choralar koʻrilgan”.

Rossiyaning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Zamir Qobulov ham toliblar Tojikistonga kirmaganini taʼkidlaydi.

“Toliblar Tojikistonga oʻtmagan, faqat hukumat askarlari Tojikistonga qochib oʻtgan. Afgʻoniston hukumat askarlari Tojikistonga chekinayotib, chegaraning tojik tomonidan toliblarga qarata oʻq uzishgan. Ammo toliblar Tojikiston tomonga oʻq uzmagan”, - deydi rus diplomati jurnalistlar bilan suhbatda.

Ammo Tojikistonning Quyi Panj chegara nazorat nuqtasida xizmat qilayotgan zobit Amirjon Imomalizoda afgʻon askarlari chekinayotgan paytda daryoning narigi tomonidan ham oʻqlar yogʻilganligini aytadi.

Toliblar matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Tojikiston tomoni maʼlumotlarini tekshirib koʻrishni aytib, “biz bu hududlarni endi idora eta boshladik, ajnabiylar bizning nomimizdan harakat qilayotgan boʻlishi mumkin”, degan fikrni aytgan.

26-iyul kuni Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin Tolibon bilan hech qanday muzokara yoʻqligini taʼkidladi.

“Tojikiston bilan chegara mintaqalarni Tolibon egallab olganligiga qaramay, Dushanbe rasmiy Kobul hokimiyatini Afgʻonistonning qonuniy hukumati deb biladi va toliblar bilan hech qanday uchrashuv va muzokaraga kirishgani yoʻq”, - dedi Muxriddin.

Mamlakat ichkarisida koʻrilayotgan tadbirlar Tojikiston afgʻon chegarasiga xavotir bilan qarayotganini koʻrsatmoqda. Tojikistonda harbiy amaliyotlarga tayyorgarlik ishlari kuzatilmoqda. Jumladan, mahalliy fuqarolar orasidagi 20 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan erkaklar roʻyxatga olinmoqda.

Mudofaa vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Tojikiston tarixida birinchi marta “Xatar qoʻngʻirogʻi” chalinib, bir kunlik mashqlar oʻtkazildi. Unda 100 ming harbiydan tashqari mahalliy fuqarolar hisobidan 130 ming nafar zarur boʻlganda safarbar etish uchun belgilangan maydonlarga yigʻilgan. Ularga tegishli koʻrsatmalar berilib, zarur boʻlganda chaqirilishi tayinlangan.

Tojikiston Afgʻoniston bilan chegara nazoratini kuchaytirishga qaror qilgan. Ilgariroq Prezident Emomali Rahmon chegaraga zaxira kuchlar hisobidan 20 ming nafarni yuborishga buyruq bergandi. Uning ortidan Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotiga murojaat qilib, harbiy yordam soʻragandi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya Tojikistonga qoʻshimcha qoʻshin yuborishi haqida biror maʼlumot mavjud emas.

Ammo tahlilchi Baxtiyor Hamdam fikricha, Rossiya Tojikistonni Tolibon yoki boshqa kelib chiqishi tojikistonlik boʻlgan jangarilar bilan yolgʻiz qoldirmaydi.

“Rossiya hech qachon Markaziy Osiyoning sobiq sovet davlatlarida oʻz taʼsir kuchini yoʻqotishni istamaydi. Shuningdek, bu mintaqada harbiy bazalari va Pomir togʻlarida kosmosni kuzatish maqsadida qurilgan “Okno” harbiy elektron optik markazi mavjud. Shu kabi omillarni hisobga olib aytadigan boʻlsak, Rossiya hech qachon oʻz manfaatlariga qarshi ish koʻrmaydi va Afgʻonistondagi jangarilar chegaraning bu tarafiga hujum qilishiga qoʻl qovushtirib qarab turmaydi”, - deydi u.

Markaziy Osiyo davlatlari ichida Afgʻoniston bilan eng uzoq chegaraga ega boʻlgan Tojikiston jahon hamjamiyati diqqatini hamisha bu mintaqaga qaratib kelishga harakat qilgan. Shuningdek, chegarani qoʻriqlash uchun turli davlat va xalqaro tashkilotlardan muntazam yordamlar olib kelgan.

Rossiyaning oʻz hududidan tashqaridagi eng yirik harbiy bazasi, 201-diviziyaning oldiga qoʻyilgan asosiy vazifa ham Afgʻoniston bilan chegarani qoʻriqlashdan iborat.

30-iyul kuni AQShning Dushanbedagi elchixonasi Xatlon viloyatining Shahritus tumanidagi Afgʻoniston bilan chegarani qoʻriqlaydigan harbiy boʻlinma taʼmiri va qayta jihozlash uchun 570 ming dollar mablagʻ berilganligini xabar qildi.

Oq uy Tolibon bilan kelishuv asosida Afgʻonistondan chiqib ketar, Moskva muzokaralar uchun toliblarga imkon yaratib berib, ularning vaʼdalariga ishonch bildirar ekan, Tojikiston Afgʻoniston bilan chegaralarini mustahkamlashga urinmoqda.

Mahalliy tahlilchilarning Tojikiston va umuman Markaziy Osiyo davlatlari tinchligiga Tolibon xatar solish-solmasligi toʻgʻrisida fikrlari bilan qiziqdik.

Jurnalist va tahlilchi Nurali Davlat fikricha, toliblarga ishonib boʻlmaydi.

Ammo bir narsa maʼlumki, toliblar oʻz aqida va dunyoqarashini oʻzgartirgani yoʻq, balki hokimiyatni egallash uchun kurash usulini oʻzgartirgan.

“2020-yilning fevralida AQSh toliblar bilan tarixiy va ayni paytda shubhali boʻlgan kelishuvni imzoladi. Unga koʻra, AQSh va Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti (NATO) qoʻshinlari Afgʻonistondan chiqib ketishi, Afgʻoniston hukumati, BMT, AQSh va boshqa davlatlar Tolibon vakillarini sanksiya roʻyxatidan chiqarishi, Afgʻoniston hukumati 5000 nafar qamoqda saqlanayotgan toliblarni ozod etishi va toliblar 1000 nafar hukumat askarlarini ozod etishi kerak edi. Yana toliblar AQSh va NATO qoʻshinlariga hujum qilmaslikka vaʼda berishgan. Afgʻoniston hukumati balki Oq uy bosimi ostida 5400 nafar toliblarni ozod etdi. Ammo ular qoʻllariga qurol olib, qayta Kobul hukumatiga qarshi kurashmoqda”, - deydi Nurali Davlat.

Tahlilchi Baxtiyor Hamdamov fikricha, bugungi kunda toliblar siyosiy jihatdan ham 20 yil oldingiga koʻra tajribaliroq. Shuning uchun ular hokimiyatni qoʻlga kiritish taktikasini oʻzgartirgan, ammo asl maqsadlari oʻzgarmagan.

“Bugun Tolibon bizning maqsadimiz faqat Afgʻoniston, qoʻshni davlatlar bilan ishimiz yoʻq”, degan vaʼdalarni bermoqda. AQSh, Rossiya, Eron, Xitoy kabi qudratli davlatlarga bu bayonotlar xush kelmoqda. Yana ham aniqrogʻi, bu vaʼdalar ikki pullik qiymatga ega emasligini bilishadi, ammo har birining oʻz maqsadi borki, bizga maʼlum emas. Ammo bir narsa maʼlumki, toliblar oʻz aqida va dunyoqarashini oʻzgartirgani yoʻq, balki hokimiyatni egallash uchun kurash usulini oʻzgartirgan”, - deydi Hamdamov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG